Apple tarixiy rekordga erishdi – u hatto arab neft kompaniyasidan ham qimmat bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  845
  •  01.08.2020 15:07

Apple tarixiy rekordga erishdi – u hatto arab neft kompaniyasidan ham qimmat bo‘ldi!

Kupertinolik korporatsiya joriy yilning 27 iyulida uchinchi moliyaviy chorakni yakunlab, 30 iyulda bu haqda ommaviy hisobot berdi. Unga ko‘ra, hisobot davrida Apple daromadi 59,685 milliard dollarga yetgan va bu – o‘tgan yilgiga nisbatan 11 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘QING: Ilon Mask boylar reytingida Uorren Baffetni ortda qoldirdi

Hisobot e’lon qilinganidan so‘ng Apple aksiyalari narxi 10 foizdan oshiqqa qimmatlab, tarixiy rekord ko‘rsatkichga yetdi. Ularning umumiy qiymati 1,82 trillion dollarni tashkil etdi. Natijada esa iPhone ishlab chiqaruvchisi Saudi Aramco’ni ham ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi.

Kecha birjalarda savdolar yopilishi paytida Apple’ning bir dona aksiyasi narxi 425,04 dollarga teng edi. Kechagi o‘sishning o‘zi kompaniya kapitalizatsiyasiga 172 milliard dollar qo‘shdi; shuning o‘ziyoq Oracle’ning barcha aksiyalari qiymatidan yuqori. Umuman olganda, yil boshidan buyon Apple aksiyalari taxminan 45 foizga qimmatlashdi.

Darvoqe, yuqorida ta’kidlangan Saudi Aramco – Saudiya Arabistonining milliy kompaniyasi bo‘lib, neft qazib olish hajmi va zaxirasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. U o‘tgan yili ochiq birjaga chiqqan va o‘shandan buyon jahonning eng qimmat kompaniyasi bo‘lib kelayotir. Kechagi savdolarning yopilishi arafasida uning bozor kapitalizatsiyasi Apple’nikidan salgina pastroq – 1,760 trillion dollarga teng bo‘lgan.

O‘QING: Apple’ning yettita yolg‘onini Pavel Durov fosh etdi va har bir fikrini batafsil asoslab berdi

Terabayt.uz сайтининг бепул эълонлар каналига қўшилинг.