Apple tengdir Apple'ga: iPhone 15 smartfonlarining USB-C porti oddiy USB-C kabellari bilan "kelisha olmaydi"

Apple tengdir Apple'ga: iPhone 15 smartfonlarining USB-C porti oddiy USB-C kabellari bilan

Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq ravishda Apple kompaniyasining yangi avlod iPhone smartfonlari Lightning emas, balki USB-C porti bilan chiqarilishi kutilmoqda. Biroq, Apple yana Apple'ligini qiladigan ko'rinadi: iPhone 15 smartfonlari USB-C portiga ega bo'lishi, ular istalgan USB-C kabel bilan ishlayverishini anglatmaydi.

Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog'ida yangi mish-mish paydo bo'ldi. Ma'lum bo'lishicha, bo'lajak iPhone 15‌ smartfonlarinining USB-C porti Apple ular uchun "eksklyuziv" chiqaradigan USB-C kabellarida ishlaydi. Tushunarliroq qilib aytganda, kompaniya o'zining smartfonlari uchun maxsus USB-C variantini chiqaradi. Bunda Apple'ning USB-C kabeli Lightning'da bo'lgani kabi integratsiyalashgan sxema (IC) chiplari bilan jihozlanadi. Bunday chiplar esa MFi tomonidan sertifikatlangan bo'ladi va kabel ulanishida ishtirok etadigan qismlarning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Aytish kerakki, MFi tomonidan sertifikatlanmagan uchinchi tomon zaryadlovchi kabellari bunday chipga ega emas.

Garchi mish-mishlar to'g'ri bo'lib chiqsa ham, bu iPhone 15 smartfonlari portlari begona USB-C kabellarini 100% qo'llab-quvvatlamaydi degani emas. MFi bilan sertifikatlangan kabellardan boshqa uchinchi tomon USB-C kabellari bilan aloqada katta ehtimol bilan iPhone'larning tezkor quvvatlanishi va ma'lumotlar uzatilishi cheklanishi mumkin xolos.

Ta'kidlash joizki, Apple'ning bu yurishi foydalanuvchilar iPhone uchun USB-C kabellarni faqat uning o'zidan sotib olishini imkon yaratish bilan birgalikda kompaniyaga soxta va potensial xavfli aksessuarlarga qarshi kurashish imkonini beradi.

Shuni ham aytish kerakki, Apple'ning ayrim iPad, Apple TV pulti va Mac'lari USB-C porti bilan jihozlangan, lekin ular autentifikatsiya uchun IC chipiga ega emas yoxud ularda istalgan Type-C kabellaridan foydalanish mumkin.

Avvalroq, taniqli tahlilchi, Ming Chi Kuo, iPhone 15 va iPhone 15 Plus smartfonlarining USB-C porti xuddi Lightning kabi USB 2.0 versiyasida qolishi, faqatgina Pro modellar bundan yuqori versiyada tezroq xususiyatlarga ega bo'lishini aytgan edi. Bunda bazoviy iPhone 15 smartfonlarining USB-C porti bilan Lightning porti o'rtasidagi farq faqat ularning jismoniy shakli o'zgarishida bo'ladi xolos.

O'QING: 240 Vt tezlikda quvvatlanadigan ilk smartfon rasman taqdim qilindi