Apple va Google muvaffaqiyatining uchta siri

  •   DiMaX
  •  2045
  •  12.04.2017 11:58

Apple va Google muvaffaqiyatining uchta siri

Apple, Netflix va Google kompaniyalari istalgan o‘rtacha kompaniyalardan ko‘ra 40 foizga samaraliroq. Bunda gap faqat yuqori malakali mutaxassislarni ishga olishdagina emas.

– Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu kompaniyalarda «yulduz o‘yinchi»lar 16 foizni tashkil etadi, qolgan kompaniyalarda esa bu ko‘rsatkich 15 foizga teng, – deydi Bain & Company hamkori, boshqaruv konsaltingi bo‘yicha mutaxassis Maykl Menkins.

Gap shu xodimlarning ishi qanday tashkil etilganida.

Boshqa ishchilar bir haftada eplaydigan ishlarni mazkur xodimlar payshanba kuni soat o‘nlargacha yakunlab ulguradilar, va eng muhimi – shu bilan ishni to‘xtatib qo‘ymaydilar. Ushbu farq yillar bo‘yi to‘planib boraveradi va o‘n yildan so‘ng kompaniya, ishchi-xodimlar sonini oshirmagan holda, boshqa kompaniyalarga nisbatan 30 karra samaradorroq ishlaydi.

Maykl Menkins

Yaxshi xodimlarni to‘g‘ri taqsimlash

O‘rtacha kompaniyada odatda iste’dodli xodimlarni turli lavozimlarga teng miqdorda taqsimlashadi. Google va Apple kabilarda esa, boshqacha strategiyaga amal qilishadi. Ularda biznesni rivojlantirish uchun eng muhim bo‘lgan lavozimlarni belgilab olishadi va ularning 95 foiziga yuqori malakali mutaxassislarni tayinlashadi. Boshqa lavozimlarda esa «yulduz o‘yinchi»lar kamroq bo‘ladi.

Menkins misol sifatida Apple va Microsoft kompaniyalarida 2000-yillar boshida hosil bo‘lgan vaziyatni keltiradi. iPhone OS’ning ilk versiyasini ishlab chiqish, tekshirib ko‘rish va joriy etish uchun Apple’ga 600 nafar dasturchi hamda ikki yildan kamroq vaqt kifoya qildi. Microsoft esa 10 000 nafar (!) dasturchi bilan Windows Vista tizimini besh yildagina chiqara oldi. Menkinsning fikricha, buni tashkilotchilikka yondashuvdagi farq bilan izohlash mumkin.

Shu bilan birga, Apple’da xodimlar faqat jamoa bo‘lib ishlagandagi natijalarga ko‘ra mukofotlangan. Microsoft’da bo‘lsa rag‘batlantirish tizimi xodimning yakka tartibdagi ish samaradorligiga asoslangan. Keyinroq esa Microsoft ham bu uslubdan voz kechgan.

Tashkiliy ishlarni qisqartirish

O‘rtacha kompaniyalarda xodimlar o‘z kuchlarining 25 foizdan ko‘prog‘ini tashkiliy ishlardagi sansalorlik, qog‘ozbozliklarga sarflab yuborishadi. Ayniqsa, xarajatlarni boshqarishga ko‘p vaqt ketadi.

– Ko‘pchilik kompaniyalarda xarajatlarda cheklovlar, hisobotlar, tekshiruvlar mavjud, – deya izohlaydi Menkins. – Netflix’da esa bunaqa narsalar yo‘q. Yagona qoida mavjud – Netflix manfaatlari yo‘lida harakat qilish. Kompaniya o‘z xodimlariga shunday deydi: «Biz sizning bu yerda kompaniya hisobidan yashash uchun o‘tirmaganingizga ishonamiz hamda xodimlarning vaqti va kuchini olib qo‘yadigan tashkiliy jarayonlarni joriy etmaymiz».

Qachonki xodimlar tashkiliy masalalarga chalg‘iyverishmasa, shundagina samaraliroq ishlashadi.

Maykl Menkins

Ilhomlantiruvchi rahbariyat

O‘z ishidan qoniqqan xodimlardan ko‘ra, ishidan manfaatdor xodimlar 44 foizga samaraliroq ishlashadi. Ammo o‘z ishidan ilhomlanuvchi xodim esa, shunchaki qoniqib ishlaydiganiga nisbatan 125 foizga samaraliroq faoliyat yuritadi! Shu bois ham, o‘zining ko‘proq xodimlarini ilhomlantira olgan kompaniyalar boshqalariga nisbatan muvaffaqiyatliroq.

– Iste’dod – bu hali hammasi emas, – deydi Menkins. – Bir kishi butun kompaniyaning muvaffaqiyatiga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Istagancha yangi iste’dod egalarini yollab keltiravering – ular kompaniyada azaldan o‘rnashib qolgan ish jarayonlariga ko‘nikib olishsa, bu qadamingizdan naf chiqmaydi. Eng samarador kompaniyalarda bir nechta iste’dodli xodimlarga emas, balki butun jamoaga e’tibor qaratishga intilishadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!