Apple va Netflix aynan O‘zbekistonni tanladi. Nega Qozog‘istonni emas?

  •   DiMaX
  •  2089
  •  02.03.2021 17:36

Apple va Netflix aynan O‘zbekistonni tanladi. Nega Qozog‘istonni emas?

Qozog‘istonlik siyosatshunos Doniyor Ashimbayev nima sababdan dunyo brendlari Qozog‘iston bilan emas, balki O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni afzal ko‘rayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning fikrlarini Kun.uz nashri e’lon qilgan.

O‘QING: O‘zbekiston bozoriga Spotify kirib kelmoqda

Dunyoga mashhur Nike, Adidas, Apple brendlari, shuningdek, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari chakana savdosi bo‘yicha yetakchi – Ispaniyaning INDITEX kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘ymoqchi. Qozog‘istonlik siyosatshunos Doniyor Ashimbayev O‘zbekistonda iqtisodiy dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishining asosiy sabablarini aytib o‘tdi.

O‘zbek paxtasi + yuqori texnologiya

«O‘zbekiston dunyodagi eng yirik paxta yetishtiruvchi mamlakatlardan biridir. Toshkent yaxshi muhandislik bazasiga, yengil sanoat mutaxassislarini tayyorlash sohasida bilimga ega», deydi Ashimbayev.

Mehnat + intizom + sanoat

Ashimbayev arzon ishchi kuchi, mehnatga yo‘naltirilgan mentalitet, amaliy intizom O‘zbekistonda kuchli ekanligini ta’kidlagan. Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Turkiston o‘lkasining sobiq markazi Olmaotaga qaraganda ancha rivojlangan shahar bo‘lgan, ammo boshlang‘ich shartlari taxminan bir xil edi.

«Bizda xomashyo yetkazib berish sanoati rivojlangan paytda, O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqarish sohasida tajribaga ega edi», dedi u.

Davlat tomonidan tartibga solishning kuchliligi

Ashimbayev, shuningdek, juda qattiq va kuchli davlat reglamentini muhim deb hisoblaydi: «Prezident Mirziyoyev iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha ko‘rgan choralari, O‘zbekiston va Qozog‘istonni taqqoslaganda, Toshkentga katta afzalliklarni berdi. Shu bilan birga, mobil ishchi kuchi, barqaror qonunchilik va islohotlarning ketma-ketligi bizda yetishmayotgan asosiy narsalardir».

Davlat dasturlarini amalga oshirish

«Biz Qozog‘istonda davlat dasturlarining qanday samarasiz amalga oshirilayotganini ko‘ryapmiz. Ishoning, buni xorijiy investorlar ham kuzatib bormoqda. Bitta dastur tugadi, boshqasi izidan qabul qilinmoqda, ammo dasturda nima ishlar qilingani va qanday natija bergani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q», deydi qozog‘istonlik siyosatshunos.

Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlarida investorlarni eng ko‘p cho‘chitadigan narsa – barqaror qonunchilik mavjud emasligidir: «Bizda Soliq kodeksiga tuzatishlar deyarli har hafta amalga oshiriladi. Besh yil ichida Tadbirkorlik kodeksiga juda ko‘plab o‘zgartirishlar kiritildi. Qonunchilik doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Bundan tashqari, xorijiy reyting agentliklari hujjatlarida ta’kidlanganidek, Qozog‘iston qonunchiligi teskari yo‘nalishda o‘zgarishga moyil».

O‘QING: IMEI-kodlarni endi mobil operator ofislarida ham ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin!

Siyosatshunos yirik xorijiy investorlar Qozog‘istonga kelmasligining uchta asosiy sababini aytib o‘tgan.

Birinchidan, korrupsiya, samarasiz rejalashtirish, yomon ijro va har qanday nazoratning yo‘qligi;

Ikkinchidan, loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul vazirliklarning doimiy ravishda qayta tashkil etilishi, soliq qonunchiligidagi muttasil o‘zgarishlar;

Uchinchidan, prinsipial jihatdan davlat dasturi samaradorligi ustidan qat’iy nazorat mavjud emas. Hisob qo‘mitasi har yili milliardlab qoidabuzarliklarni qayd etadi, ammo xulosa qilinmaydi.

«Korrupsiyaga qarshi kurash dasturlariga qaramay davlat o‘zining barcha tarmoqlarida chuqur korrupsiyalashgan. Bunday sharoitda ma’lum maqsadga va rejaga erishish imkonsizdir», deb hisoblaydi Doniyor Ashimbayev.

Nike

2020 yilning kuzida Nike kompaniyasi va O‘zbekiston o‘rtasida kelishuvga erishilgani e’lon qilindi. Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari ishlab chiqaruvchisi, Amerikaning Nike, Converse va Jordan brendlariga egalik qiluvchi kompaniya Andijon viloyatidagi SinoInternational korxonasida yiliga 3 million juft poyabzal ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Pandemiya bo‘lishiga qaramay, 2020 yilda kompaniyaning daromadlari rekord darajaga yetgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil avgust oyidan noyabr oyigacha real sotuvlar 8,9 foizga o‘sib, 11,2 milliard dollarni tashkil etgan.

Adidas AG

Yevropadagi eng yirik sport mollari ishlab chiqaradigan, shuningdek, dunyoda Nike’dan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi kompaniya.

ADIDAS GROUP – Adidas, Reebok va Runtastic kabi brendlariga egalik qiladi. O‘tgan yilning kuzida O‘zbekiston «O‘zcharmsanoat» charm-poyabzal va mo‘ynachilik korxonalari uyushmasi Germaniyaning sport mahsulotlari ishlab chiqaruvchi gigant kompaniyasi bilan shartnoma tuzilganini e’lon qildi. Ishlab chiqarish jarayonini SinoInternational korxonasida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

INDITEX korporatsiyasi

Ispaniyaning INDITEX kompaniyasi Massimo Dutti, Zara, Pull & Bear, Oysho, Bershka, Stradivarius, Uterque, Zara Home kabi brendlari bilan mashhur hisoblanadi.

96 mamlakatda ikki mingdan ziyod do‘koni va 18 milliard yevrolik tovar aylanmasiga ega bo‘lgan kompaniya O‘zbekistondagi korxonalar bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan. Kelishuvlarga «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan ikki yillik muzokaralar davomida erishilgan. Pandemiyadan oldin INDITEX vakillari O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelishgan.

O‘zbekiston korporatsiya do‘konlari uchun tayyor to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Apple

Markaziy Osiyodagi birinchi Apple Store ofisi Toshkentda ochiladi. Apple kompaniyasining bosh ofisi Kaliforniya shtatining Kupertino shahrida joylashgan. O‘tgan yilning sentyabr oyi oxirida Apple bosh direktori Tim Kuk kompaniyaning rekord daromadlari haqida e’lon qilgandi. Dunyo bo‘ylab pandemiya bo‘lishiga qaramay, kompaniya rekord darajada, ya’ni 64,7 milliard dollarlik sof daromad olgan.

Shuningdek, co‘nggi bir yarim yil ichida bir necha yirik korporatsiyalar O‘zbekistonda rasmiy ravishda soliq to‘lovchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bularga Netflix, Google Commerce, Google Ireland, Google Voice, Samsung Electronics, Sleverbridge, Xsolla, Activision Blizzard International kabi kompaniyalarni misol tariqasida keltirish mumkin.

«O‘zcharmsanoat» uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, Nike va Adidas krossovkalarini ishlab chiqaruvchi liniya 2021 yil 4-choragida ishga tushib, 2022 yilning 3-choragida to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi. Zavodda yiliga jami 3 million juft sport poyabzali ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

O‘QING: Bir yilga cheksiz Telegram, YouTube, Tas-IX, qo‘ng‘iroqlar yoki ijtimoiy tarmoqlar kerakmi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.