Apple va Samsung: nihoyat yarashishga qaror qilishdi

  •   Saroy
  •  1126
  •  28.06.2018 17:51

Apple va Samsung: nihoyat yarashishga qaror qilishdi

Amerikaning Apple kompaniyasi va Janubiy Koreyaning Samsung firmasi o‘rtasida uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan bahs-munozaraga nihoyat,  chek qo‘yiladigan bo‘ldi. Apple kompaniyasi Janubiy Koreya gigantini  iPhone dizaynini ko‘chirib olganlikda ayblab kelardi.

 Reuters agentligining 27 iyunda tarqatgan xabarida aytilishicha,  Amerikaning Kaliforniya shtati sudida o‘zaro kelishuvga erishilgan. Biroq kelishuv shartlari hali oshkor etilganicha yo‘q.

Apple vakillarining aytishicha, ushbu tortishuvdan maqsad faqat tavon puli olish emas, balki undan ham jiddiyroq sabablar bor. Samsung matbuot markazi ham kelishuv bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.

O‘QING: Apple barcha xohlovchilar uchun iOS 12’ni taqdim etdi – uni hoziroq o‘rnatish mumkin!

2018 yil may oyida Kaliforniya sudi Amerika kompaniyasining yonini olgan edi. Hakamlar Janubiy Koreya firmasi  o‘zining smartfonlarini ishlab chiqarishda Apple’ning uchta patenti bo‘yicha qonunni buzgan, degan qarorga kelishgandi.   Bu telefondagi aylana burchak,  ikonka savati va old panelni o‘rab turgan “obodok”. Yana ikkita qonun buzilishi qurilmaning texnologik jihatlari bilan bog‘liq.

O‘shanda, sud  Samsung firmasi Apple’ga 539 mln dollar tavon to‘lashi  kerakligi haqda qaror chiqargandi. Biroq 2015 yil  dekabrda Janubiy Koreya kompaniyasi shundog‘am, Apple’ga 548 mln dollar tavon to‘lagan edi. Ushbu mablag‘ning 399 mln dollari Kaliforniya sudi ayblagan ushbu qonun buzilishlari tufayli Apple kompaniyasi hisobiga o‘tkazib berilgan. 2018 yil may oyiga kelib Samsung firmasining amalda 140 mln dollar qarzi qolgandi.

O‘QING: Samsung va Huawei «damini olaversin», eng «serkamera» smartfonni boshqasi chiqaryapti! (+video)

Kompaniyalar o‘rtasidagi tortishuvlar  2011 yildan boshlangandi. Apple  Samsung’ni dizayn va texnologiya bo‘yicha patent huquqini buzganlikda aybladi. Tavon puli hajmi borasidagi tortishuvlar AQSh Oliy sudigacha chiqib bordi. O‘shanda AQSh Oliy sudi hay’ati bir ovozdan Janubiy Koreya firmasi smartfonlar sotuvidan tushgan jami daromadni to‘lashi shart emas, chunki Samsung qurilmani butunligicha ko‘chirib olmagan, balki dizaynning ayrim elementlarini ko‘chirgan, degan qarorga kelishgandi.

Apple va Samsung — smartfonlar savdosida lider kompaniyalar hisoblanadi. Masalan,  Amerika kompaniyasi 2017 yilda 215,8 mln dona smartfon sotgan bo‘lsa, uning Janubiy Koreyalik raqibi  317,7 mln dona smartfon sotgan.

O‘QING: Galaxy A5 – «Malika»da eng ko‘p sotilayotgan, o‘rta narxdagi Samsung

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.