Apple Watch dizayneri 12 000 dollarlik g‘aroyib soat yaratdi

Apple Watch dizayneri 12 000 dollarlik g‘aroyib soat yaratdi

Apple dizaynerlaridan biri bo‘lgan Mark Nyuson Apple Watch “aqlli soat”i va bandining ijodkorlaridan biri sifatida tanilgan. Uning vaqt o‘lchagich qurilmalar borasidagi tajribalari shu bilan yakunlangani yo‘q.

Tugayotgan haftada Nyuson Hodinkee kompaniyasi uchun ishlab chiqqan innovatsion qumli soat 12 000 dollar turishi ma’lum bo‘ldi. Yo‘q-yo‘q, bu — vaqtni orqaga qaytaradigan soat emas 🙂 Ammo oddiy soat ham emas.

Gap shundaki, Nyuson qum soatning idishini ishlab chiqarish uchun jahonning eng dongdor iste’dodli shishasozlarini to‘playdi va ularning oldiga aqlbovar qilmas vazifani qo‘yadi: 1 249 996 dona mis sharchalarni sig‘dira oladigan 2 bo‘lmachali idish ishlab chiqarish. Shuningdek, bu mis zarralari yuqori bo‘lmadan quyi bo‘lmaga roppa-rosa 10 daqiqada tushib bo‘lishi kerak edi. Bu esa qum soat idishini yaratayotganda 2 bo‘lma o‘rtasidagi tuynuk diametrining mikrometrigacha aniq-tiniq hisoblashni talab etadi. Nihoyatda zo‘r mehnatni talab etadigan ishni uddalashga har kimning ham haddi sig‘maydi.

Mark Nyuson maqsadiga yetdi: «Men endi buni 12 000 dollardan bir sent ham kamiga sotmayman», dedi u ilk ilg‘or qum soatni qo‘liga olib. Bu kabi qurilmadan bor-yo‘g‘i 100 dona yaratilgan. Uni xarid qilish istagi tug‘ilgan bo‘lsa, 6 ming dollarni avvaldan to‘lab qo‘yishingiz kerak bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!