Apple Watch: vaqt, muloqot va sog‘lik innovatsion nazorat doirasida

Apple Watch: vaqt, muloqot va sog‘lik innovatsion nazorat doirasida

Apple Inc.’ning  2014 yilda ilk marotaba taqdim etilgan Apple Watch’i foydalanuvchining jismoniy harakati hamda salomatlik ko‘rsatkichlarini iOS  va Apple’ning boshqa mahsulot, xizmatlari bilan markazlashtirish, vaqt hamda muloqotni tezkor boshqarish mumkin bo‘lgan qurilma.  Uni smartfon bilan bog‘lay olish imkoniyati gadjetning bozordagi muvaffaqiyatini ta’minladi.

2015 yildan boshlab jahon “aqlli qurilmalar” bozorini “zabt etgan” Apple Watch “aqlli soat” gadjeti bilak qurilmalari olamida yangicha imkoniyatlar bilan kirib keldi. Shubhasizki, u ayni kunga qadar jahonning “aqlli soat”lari orasida eng yaxshi ilova va interfeysga ega eng peshqadam gadjet hisoblanadi.

Apple bu turdagi soatlarini 4 model va 38 xildagi talqinlarda ishlab chiqarmoqda. Natijada, kompaniya logistikada ko‘plab muammo va chalkashliklarga duch kelmoqda. Odamlar ham, kompaniya yetkazib beruvchilari ham bu modellarni tanlashda, olishda adashib ketishmoqda.

Quyida sizga “Sport” turkumiga kiruvchi talqin haqida ma’lumot beramiz.

Dizayn

Soat displeyi ikki talqinda – 1,32 dyuymli  (korpusi 38 mm qalinlikda) modelda hamda 1,5 dyuymli (korpus qalinligi 42 mm bo‘lgan) versiyalarda ishlab chiqarilmoqda.

Soat korpusi taqlinidan kelib chiqib, alyuminiy, zanglamaydigan po‘lat va uning Watch Edition talqini 18 karatli oltin metallaridan tayyorlangan. Soatning muloyim va nafis bog‘ichi silikon xomashyosidan tayyorlangan. Bog‘ichning model va talqindan kelib chiqib, charm, kumush va boshqa xomashyolardan tayyorlangan turlari ham bor.

Apple Watch’ni uning o‘ng biqinidan o‘rin olgan Digital Crown jajji shesterenkasi va uning ostidagi cho‘zinchoq tebranma tugmacha orqali boshqarish mumkin. Ya’ni, shesterenkani burash orqali displeydagi tasvirni kattalashtirish yoki aylantirish mumkin. Uni bosish orqali bosh (Home) menyuga qaytish mumkin. Uning yonidagi cho‘zinchoq tebranma tugmacha yordamida esa 12 ta tanlangan abonentlarni tanlashga, ularga qo‘ng‘iroq qilish, SMS yuborish mumkin.

apple-watch-10

Apple Watch’ning chap yonida dinamik va mikrofon uchun joy ajratilgan. Taptic Engine funksiyasi esa turli ogohlantirishlardan boxabar qiluvchi vibratsiya uchun javobgar.  Korpusning orqa panelida 2 dona kontakt quvvatlash magnitlari hamda 2 ta pulsni avtomatik ravishda to‘xtovsiz o‘lchaydigan svetodiodlar mavjud.

Ilg‘or soat IPX7 standartiga ega korpus bilan ta’minlangan. Ya’ni, bir metr chuqurlikkacha bo‘lgan suv ostida 30 daqiqa “jon saqlay” oladi.

Apple Watch komplektida simsiz quvvatlash qurilmasi, USB-kabel, vilka va qo‘shimcha kaltaroq bog‘ich mavjud.

Platforma

Apple Watch’da Apple S1 nomli tizimdan foydalaniladi. U protsessor, 512 MB sig‘imli tezkor xotira, NAND chipi va qo‘shimcha xotira kartasidan iborat. 8 GB qo‘shimcha xotiraning 6 gigabayti foydalanuvchi uchun ajratiladi.

Apple Watch’ga 2 GB.gacha hajmdagi musiqa-audio, 75 MB fotosurat yozish mumkin. Uning yordamida smartfondagi musiqalarni ham boshqarish mumkin. Undan o‘yin o‘ynashda foydalanib bo‘lmaydi.

“Aqlli soat” faoliyatini takomillashtirishda Apple’ning Appstore hamda Siri onlayn-servislaridan foydalanish mumkin.

Displey

1,32 dyuymli displeyning piksel sig‘imi 272×340.   1,5 dyuymli talqinning displeyi esa 312×390 piksel sig‘imiga ega. Apple Watch’ning yupqa Retina Amoled displeyi zangori shisha bilan himoyalangan. Soat displeyi chertish darajasini sezuvchi Force Touch texnologiyasiga ega. Shuningdek, uning sport talqini Ion-X turidagi pishiq shisha bilan qoplangan.

Faoliyat ko‘rsatishi

Apple Watch innovatsion qurilmasini iPhone 5 va undan keyingi ayfonlar bilan birga ishlatish mumkin. Soat modeli tanlangach, smartfonga 6 belgilan iborat tasdiqlash kodini kiritish kerak bo‘ladi.

Smartfon kamerasi “aqlli soat” ekraniga to‘g‘irlansa, ayfon va soat Bluetooth yordamida tezda “topishib” oladilar. Agar ikkala qurilma ham yagona simsiy tarmoqqa ulangan bo‘lsa, ulardagi ma’lumotlarni o‘zaro Wi-Fi texnologiyasi orqali ham almashish mumkin.

Apple Watch soati watchOS operatsion tizimida ishlaydi. Uning interfeysi ayfonning iOS tizimini eslatadi. watchOS tizimi uchinchi tomon ishlab chiqqan ilovalarni ham qo‘llab-quvvatalydi.

Apple Watch’ni yoqish uchun unga nigoh tashlashning o‘zi kifoya. Uni ko‘zingizga o‘girishingiz bilan displey ishga tushadi.

SMS yozish uchun ovozli buyruqdan foydalanish mumkin. Shuningdek, jajji bo‘lsa ham, qulay klaviaturadan, tayyor shablon-xatlardan foydalanish mumkin.

Soat yordamida xatlarga javob qaytarish mumkin emas. U orqali xatlarni o‘chirish, “o‘qilmagan” yoki “muhim” darajalarga ajratish mumkin.

Digital Crown shesterenkasini bosib turilsa, Siri virtual yordamchi tizimi ishga tushadi.

Soatdagi fitnes-treker (Fitbit analogi) — pulsni, foydalanuvchining qadamini, kaloriya iste’molini qayd qilib boradi.

Kun davomida Apple Watch foydalanuvchining faoliyatni kuzatib boradi va salomatlikni mustahkamlashga yordam beradi. Misol uchun, soatdagi maxsus “O‘rningdan tur”, “Harakat qil”, “Mashq qil” mazmunidagi ogohlantirishlar mavjud. Soat sizga kun davomida kamida 30 daqiqa jismoniy mashq qilishingiz kerakligini eslatib boradi.

Foydalanuvchi 1 hafta davomida qancha kaloriya yo‘qotgani, faoliyati tarixi haqida umumiy ma’lumotni ham olishi mumkin.

Qurilmada kamera mavjud emas, biroq undan iPhone’da olish ko‘zda tutilgan manzarani kuzatish viziri sifatida foydalanish mumkin. Unda alohida GPS tizimi ham yo‘q. Bunda “aqlli soat” smartfonning navigatsion resurslaridan foydalanadi.

Yana bir muhim jihati, Apple Watch’da NFC interfeysi (near field communication), ya’ni yaqin masofada aloqa qilish texnologiyasi bo‘lib, u Apple Pay tizimi yordamida to‘lovlarni kontaktsiz, ya’ni masofadan amalga oshirish imkonini beradi. Soatda giroskop va  akselerometr sensorlari o‘rnatilgan.

Apple Watch’da brauzer qidiruv tizimi mavjud emas.

Quvvat manbai

Apple Watch’da quvvatlash porti mavjud emas. Uning sig‘imi 205 mA soat bo‘lgan akkumulyatorini soatning orqa qismidagi magnitnli fiksatorni induktiv adapterga biriktirib quvvatlash mumkin. Soatni har kuni quvvatlash tavsiya qilinadi. Uni to‘la quvvatlash uchun 2 soat kerak bo‘ladi. To‘la quvvat bilan soatdan 18 soat foydalanish mumkin. Quvvat 10 foizdan kamaysa, soatda avtomatik ravishda “quvvatni tejash” rejimi ishga tushadi. Bu rejimda foydalanuvchi yana 72 soat davomida qurilma yordamida vaqt bilan tanishib borishi mumkin.

Narx-navo

Iqtisodiy tahlillar sotuvga chiqishidan 1 yil o‘tib, dunyo miqyosida 34.7 million dona shu turdagi “aqlli soat”ning sotilganini ko‘rsatmoqda. Garchi, Apple Watch raqib brendlardan ancha-muncha qimmat bo‘lsa ham, savdosi hanuz bir tekis davom etmoqda.

38 mm qalinlikdagi korpusga ega Watch Sport talqini $299, 42 mm talqin $349 AQSh dollaridan sotilmoqda. Shuningdek, korpus qalinligi 38 mm bo‘lgan bazaviy talqin $549–$1 049, 42 mm talqin esa $599–$1 099 dollardan sotilmoqda. Soatning Watch Edition talqini esa $10 000 (38 mm) – $17 000 (42 mm) dollardan sotuvga chiqarilgan.

Xulosa

Apple chindan ham chiroyli interfeysga ega eng yaxshi smart-soatni yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Smartfon qo‘ng‘iroqlari va xabarlarni, musiqalarni boshqarishni, salomatlikni nazorat qilishni aytmasa, soatda juda qimmat narxga arziydigan muhim jihatlarni topish qiyin. Bu vazifalarni bajara oladigan “aqlli soat”larni esa ba’zi bir Xitoy kompaniyalari 50 dollardan ham sotuvga chiqarishmoqda.

Qurilma vaqt hamda muloqotni qadrlaydiganlar uchun ayni muddao. Tartib-intizomni birinchi o‘ringa qo‘ymaydigan, salomatligini nazorat qilib borishga erinadigan odamlar uchun esa bu innovatsion qurilmaning oddiy o‘yinchoqdan farqi bo‘lmasligi mumkin. Hatto, arzongina tetres ham undan qiziqroq va foydaliroq bo‘lishi mumkin.

Apple Watch’ni sotib olish uchun o‘z sog‘ligidan qayg‘uradigan va Apple’ning ashaddiy muxlisi bo‘lish kerak. Shu bilan birga, uning yuqori narx-navosi bu qurilmani sotib olmaslik uchun bosh to‘siq bo‘lishi mumkin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.asaxiy.uz 2 - 7 млн. сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi