Apple xitoyliklarni salkam 30 mingta o‘yin va ilovadan mahrum etdi

  •   DiMaX
  •  478
  •  04.08.2020 17:13

Apple xitoyliklarni salkam 30 mingta o‘yin va ilovadan mahrum etdi

Kupertinolik texnogigant Xitoydagi foydalanuvchilar uchun App Store do‘konidan 29 800 ta dasturiy ta’minotni o‘chirib tashladi. Shundan 26 000 tasi mobil o‘yinlar, qolgani esa ilovalar edi, deya xabar beradi Qimai tadqiqot kompaniyasi.

O‘QING: PUBG Mobile, AliExpress va yana uch yuzta xitoycha ilova xavf ostida!

Gap shundaki, Xitoyda yangi tartib shunaqa: mamlakatda ishlaydigan ilovalarning ishlab chiquvchilari hukumatdan tegishli litsenziya olishlari kerak bo‘ladi. Ilovalar do‘konidan olib tashlangan dasturlarning esa shunaqa litsenziyasi bo‘lmagan.

Apple avvalroq dasturchilarga litsenziya olish uchun iyunning oxirigacha muhlat bergan edi. Hozirgacha litsenziya olib ulgurmagan o‘yin va ilovalar endi App Store’dan olib tashlanyapti.

Iyul oyining birinchi haftasidayoq kupertinoliklar 2500 dan ortiq ilovani katalogdan o‘chirib yuborishgan. SensorTower tadqiqot kompaniyasining ma’lum qilishicha, ularning orasida Zynga va Supercell kompaniyalarining mahsulotlari ham bo‘lgan.

Sohadagi insayderlarning so‘zlariga qaraganda, Xitoyda ichki xaridlari bo‘lgan o‘yinlar uchun hukumatdan litsenziya olish jarayoni ancha murakkab va uzoq cho‘ziladi. Shu boisdan yirik gigantlardan tashqari dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar bu borada ko‘p qiyinchiliklarga duch kelishadi.

O‘QING: Tramp shart qo‘ydi: «TikTok'ni 45 kun ichida Amerika kompaniyasiga sotishlari kerak!»