Apple xodimlari ega bo‘lgan imtiyozlar hasadni uyg‘otadi

Apple xodimlari ega bo‘lgan imtiyozlar hasadni uyg‘otadi

Hech kimga sir emaski, ulkan IT-kompaniyalar xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun turli-tuman qiziqarli dasturlarni amalga oshiradilar. Dasturchi va mutaxassislarni ruhlantirish, ularni olg‘a boshlash uchun bepul tibbiy davolanishdan tortib, tekin tushlikkacha beriladi. Natijada, ish samaradorligi oshib, ishda ekologik musaffo iqlim yuzaga keladi.

Business Insider nashri bu borada Apple kompaniyasining tajribasini o‘rgandi. Glassdoor deb nom olgan resursda xalqaro kompaniya va muassasalarning xodimlarini ruhlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha harakatlari asosida reyting tuziladi. Apple'ning ishlari bu saytda 5 yulduzdan 4,5 yulduzga baholangan. Apple bepul sport zal mashg‘ulotlaridan boshlab, taniqli yulduzlar ishtirokida shoular ham tashkil qiladi.

Chegirmalar

Glassdoor'da yozilishicha, Apple xodimlariga har yili iPod musiqiy pleyeri, kompyuter hamda iPad planshetini xarid qilish uchun 25 foizlik chegirma beriladi. Har uch yilda xodimlarga iPad yoki Mac kompyuterlaridan sotib olishlari uchun 250 va 500 dollarlik chegirma beriladi. Bundan tashqari, Apple xodimlari dasturiy ta’minotlarni 50 foizlik chegirma bilan xarid qiladilar. Apple nafaqat xodimlari uchun, balki ularning oilalari uchun ham qayg‘uradi va u yoki bu mahsulotlarga ham shunday chegirmalarni joriy qilgan.

Oilani ham qadrlashga o‘rgatadi

Garchi, yangi "samoviy" korpusda Apple bolalar bog‘chasini qurmagan bo‘lsa ham, kompaniya bo‘lajak onalarga farzand ko‘rish oldidan 4 haftalik, shu bilan birga pullik ta’til beradi. Farzand ko‘rgan onalar esa 14 hafta davomida ta’til va shu davr uchun maoshni to‘liq olishlari mumkin. Shu bilan birga, oila qurgan xodimlarga ham olti oylik to‘lovli ta’til ham beradi. Hatto otalar ham farzand ko‘rgach, ta’til olishlari mumkin. Buning uchun pul ham to‘lanadi.

Kelajak to‘g‘risida qayg‘urish

Apple yosh xodimlarini oilada mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatadi. Bu yerda ishlaydigan aksariyat 20 yoshli qizlar uchun maxsus turmush qurish hamda onalik sirlarini o‘rgatuvchi kurslar tashkil qilinadi. Ularga eng taniqli ruhshunos va pedagoglar jalb qilinadi. Kompaniya qizlar o‘rtasida kech turmush qurishning oldini olish bo‘yicha ham targ‘ibot ishlarini olib boradi. Qolaversa, kompaniya inson urug‘ini kelajakka saqlab qo‘yadigan firmalar bilan ham shartnoma tuzgan. Unga ko‘ra kech turmush qurish yoki farzand ko‘rish istagidagi xodimlar sog‘lom urug‘larini ana shu firmalarda bepul saqlashlari mumkin. Bu xizmat AQSh da 10 000 dollar turadi.

Ko‘ngilochar mashg‘ulotlar

Apple – uzoq va og‘ir mehnat bilan band odamlar o‘lkasi, deb yozadi Glassdoor sayti foydalanuvchilaridan biri. Shuning uchun, Apple odamlar uchun madaniy-ko‘ngilochar dasturlar tashkil qiladi. Ayniqsa, Stivi Uander, Demi Lovato, OneRepublic kabi taniqli musiqachi va guruhlar muntazam uning xizmatida.

Sport

Apple'ning Nyu-Yorkda joylashgan ofislaridan birida xizmat qiluvchi xodimning yozishicha, kompaniya xodimlariga sport bilan shug‘ullanishlari uchun 300 dollar turadigan yillik sertifikat beradi.

Yangilarning ham hurmati baland

Kompaniya endigina ishga kirgan va avvaliga ruhan-jismonan charchab qoladigan xodimlar uchun ham 12 kunlik ta’til joriy qilgan. Bu kunlar uchun ham kompaniya pul to‘laydi. Vaqt o‘tishi bilan ta’til kuni ko‘payishi ham mumkin.

Bularni o‘qir ekansiz, nazdingizda Apple ishlash uchun jahondagi eng oliyjanob kompaniya ekaniga guvoh bo‘lasiz. Biroq, uning xodimi bo‘lish ham yetarlicha mas’uliyatli.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.