Apple yangi chipli noutbuklar chiqarishi kutilmoqda

Apple yangi chipli noutbuklar chiqarishi kutilmoqda

Bir necha kun oldin o‘tkazilgan Apple onlayn tadbirida yangi iPhone SE 3, iPad Air 6, Mac Studio va Studio Display taqdim qilgan edi. Lekin bu hali hammasi emas, kompaniya yana bir nechta yangi qurilmalarni chiqarishi kerak.

So‘nggi berilgan ma’lumotlarga ko‘ra Apple o‘zining navbatdagi Mac modellari uchun iPhone 13, iPhone SE 3, iPad Air 6 qurilmalarida allaqachon mavjud bo‘lgan A15 chipiga asoslangan Apple Silicon M2 chipi ustida ish olib bormoqda. 

9to5Mac nashrining xabar berishicha, Apple'ning yangi MacBook Air va 13 dyuymli MacBook Pro noutbuklari aynan ana shu M2 chipi bilan birga chiqariladi. J413 kod nomi ostidagi yangi avlod MacBook modeli butunlay boshqa dizaynda bo‘lishi kutilmoqda. 

Shuningdek, Apple hozirgi 13 dyuymli MacBook Pro modelini saqlab qolishi ya’ni yangisida dizayn o‘zgarishlari bo‘lmasligi, lekin unga ham M2 chipidan o‘rnatilishi aytilmoqda. Qizig‘i shundaki, kompaniya J493 kod nomli bu modeldan "Pro" qo‘shimchasini olib tashlashni o‘ylamoqda. Shunda bu oddiygina MacBook deya nomlanadigan bo‘ladi va ushbu nomdagi qurilmalar uchun kirish modeli bo‘ladi. Ana shunda yangi dizaynlangan MacBook Air modelining undan biroz qimmatroq bo‘lishi haqidagi mish-mishlar mantiqqa to‘g‘ri keladigan bo‘ladi. 

Ushbu qurilmalar qachon chiqarilishi hozircha noma’lum, lekin Bloomberg nashrining xabarlariga tayanadigan bo‘lsak, Apple kelayotgan iyun oyida yangi WWDC 2022 tadbirini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 

O‘QING: Apple M1 Ultra chipi taqdim etildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!