Apple yangilangan MacBook Air, Mac mini, iPad Pro va iOS 12.1’ni taqdim etdi (+videolar)

  •   DiMaX
  •  863
  •  31.10.2018 10:37

Apple yangilangan MacBook Air, Mac mini, iPad Pro va iOS 12.1’ni taqdim etdi (+videolar)

Kupertinolik korporatsiya 2018 yilning 30 oktyabrida o‘zining an’anaviy kuzgi ikkinchi matbuot anjumanini o‘tkazdi. Unda Apple bir qator yangi gadjetlarini hamda iOS 12.1 operatsion tizim talqinini rasman namoyish qildi.

O‘QING: Apple kechagina buklama iPhone uchun patent oldi

Quyida yangi taqdim etilgan mahsulotlarning har biriga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

MacBook Air

Yangi avlod MacBook Air noutbuki qayta ishlangan alyuminiy korpusda taqdim etilmoqda. Uning diagonaliga 13,3 dyuymlik Retina-displeyi yupqa romlarga ega. Mazkur devays Touch ID barmoq izi skaneri, sakkizinchi avlod Intel Core i5 protsessori, 16 gigabaytgacha hajmli tezkor xotira hamda 1,5 terabaytgacha hajmli SSD-saqlagichga ega.

Mana, noutbuk haqidagi Apple tayyorlagan videolavhani tomosha qilamiz:

O‘tgan yilgi modellardan farqli ravishda, yangi MacBook Air korpusining o‘lchamlari 17 foizga ixchamroq va 10 foizga qalinroq (15,6 mm), shuningdek yengilroq (1,24 kg). Lekin narxi oshgan – 1199 dollardan boshlanadi. Ochiq savdoga u 7 noyabrdan chiqariladi, oldindan buyurtma olish esa allaqachon boshlangan.

Mac mini

Apple o‘zining stol kompyuterini 2014 yildan beri ilk bora yangiladi, shu bois ham unda o‘zgarishlar ancha katta. To‘rtinchi avlod to‘rt yadroli chip o‘rniga sakkizinchi avlod Intel Core protsessorlari qo‘llangan – to‘rt yadroli Core i3’dan boshlab to olti yadroli Core i7’gacha. Unda grafika quvvati 60 foizga, umumiy samaradorlik esa – naq besh baravargacha oshirilgan!

Mac mini haqidagi rasmiy videolavhani ko‘ramiz:

Yangilangan Mac mini alyuminiy korpusga, 64 gigabaytgacha tezkor xotiraga va 2 terabaytgacha SSD-xotiraga ega. Unda Ethernet-port, shuningdek Thunderbolt 3, HDMI hamda USB portlari mavjud. Yangi kompyuter ham noutbuk bilan bir kunda – 7 noyabrda, 800 dollardan boshlanuvchi narxlarda sotuvga chiqadi.

iPad Pro

Apple bu gal biryo‘la ikkita modeldagi yangi planshetini taqdim etdi: 11 hamda 12,9 dyuymlik iPad Pro’lar. Bulardan birinchisida romlarni yupqalashtirish evaziga korpusning umumiy o‘lchami avvalgi avlod planshetdagi kabi qolgan. Ikkinchisining korpusi esa o‘z «ajdod»idagiga ko‘ra sal ixchamlashgan; har ikkala modeldagi planshetning korpusi qalinligi 5,9 mmmillimetrga teng.

iPad Pro’larning ikkala modelida ham Liquid Retina-displey qo‘llangan, ammo avval taxmin qilinganidek ekranlari «kemtik»li emas. Romdagi TrueDepth kameralar tizimi orqali Face ID qiyofa skaneri mavjud, lekin «Uyga» tugmachasidan hamda barmoq izi skaneridan mahrum etilgan.

Mana, o‘zingiz tomosha qiling-da:

Planshetlar Apple Bionic A12X protsessoriga hamda 1 terabaytgacha hajmli doimiy xotiraga ega. Apple mahsulotlari uchun an’anaviy bo‘lgan Lightning o‘rniga zamonaviy va keng ommalashgan USB-C porti qo‘llangan. iPad Pro’lar yangilangan Pencil 2 stilusi bilan ham «kelishib» ishlaydi. Mazkur aksessuar planshet koropusiga magnitlanib yopishadi va shu tarzda quvvat oladi.

Har ikkala o‘lchamli planshet 12 megapiksellik (f/1.8) asosiy hamda 7 megapiksellik (f/2.2) old kameraga ega. 11 dyuymlik iPad Pro narxi 800 dollardan, 12,9 dyuymligi esa – 1000 dollardan boshlanadi, ular ham 7 noyabrdan savdoga chiqadi.

iOS 12.1

Shuningdek, marosimda Apple o‘z operatsion tizimining yangi talqini – iOS 12.1 chiqarilayotganini ham e’lon qildi. Mazkur apdeytning tarqatilishi taqdimot marosimidan keyinoq boshlangan.

Yangi talqindagi operatsion tizim raqamli eSIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi. FaceTime orqali bir vaqtning o‘zida 32 nafargacha ishtirokchi o‘zaro video yoki ovozli qo‘ng‘iroqlasha oladi. iPhone XS hamda XS Max modellarida selfi olganda yuzni silliqlash muammolari bartaraf etilgan. Yana naq 70 ta yangi emodzi joriy etilgan – demak, o‘z iPhone’ingizni yangilashga arziydi!

Apple taqdimotining yakuniy qismiga xonanda Lana Del Rey taklif etilgan.

O‘QING: Yetti yashar bolakay iOS 12 tizimli iPhone’ni laqillatdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!