Apple’dan ham avval Samsung xasislikni boshladi: Galaxy Note 20 qadog‘idan muhim aksessuarni olib qolishyapti!

  •   DiMaX
  •  1408
  •  18.08.2020 12:06

Apple’dan ham avval Samsung xasislikni boshladi: Galaxy Note 20 qadog‘idan muhim aksessuarni olib qolishyapti!

Kupertinolik korporatsiya iPhone 12’lar qadog‘idan oddiy – simli EarPods quloqchinini olib tashlayotgani haqida yozgan edik. Lekin Apple ziqnaligi hali bu bilan ham tugamas ekan – ayfonlar jamlanmasida quvvatlash adapteri bo‘lmas ekan va Apple’ning o‘zi boshqacha yo‘l bilan tasdiqlagan.

O‘QING: Insayder quloqchinsiz va quvvatlagichsiz iPhone 12 qadog‘ini videoda ko‘rsatdi

Ushbu ziqnalikka Samsung ham ergashib, yangi smartfonlar qadog‘iga zaryadnik qo‘shmasligi haqida xabar bergan edik. Lekin janubiy koreyaliklr xasislikni allaqachon – yaqinda namoyish qilingan fabletlaridanoq boshlab yuborishibdi!

Ma’lum bo‘lishicha, Shimoliy Amerika bozoriga mo‘ljallangan Galaxy Note 20 hamda Galaxy Note 20 Ultra smartfonlari jamlanmasida quloqchin bo‘lmaydi. Aytish kerakki, Samsung shu paytgacha o‘zining flagman telefonlari qadog‘iga AKG quloqchinlarini ham solib berayotgan edi. Endi esa xaridorlar uchun odatiy bo‘lib qolgan mazkur aksessur jamlanmada bo‘lmaydi.

O‘QING: Galaxy Note 20’da allaqachon nuqson chiqa boshladi!

Samsung ham buni tasdiqlagan va uning e’lon qilishicha, agar Shimoliy Amerikadagi xaridorlarga AKG quloqchini chindan zarur bo‘lsa, uni mutlaqo bepul jo‘natadi. Buning uchun xaridor Samsung servis markaziga murojaat etishi va Galaxy Note 20 xarid qilganini tasdiqlashi kifoya.

Afsuski, AKG quloqchinini bepul berish taklifi faqatgina Shimoliy Amerika hududidagi, aynan Galaxy Note 20 yoki Note 20 Ultra sotib olgan xaridorlar uchun amal qiladi. Boshqalar esa uni alohida, naq 30 dollarga o‘zlari xarid qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Galaxy Note 20 turkumidagi planshetofonlar jamlanmasidan nega AKG quloqchini olib tashlanyapti? Samsung bayonotiga ko‘ra, Shimoliy Amerikadagi flagman smartfonlar xaridorlari odatda Bluetooth-quloqchinlarni tanlashadi. Statistikaga qaraganda, simli quloqchinlarni qo‘llash holatlari muntazam pasayib bormoqda, shu boisdan ularni smartfon qadog‘idan olib tashlashga qaror qilishgan.

O‘QING: Galaxy Note 20 hali sotuvga chiqmasdanoq bulturgi Galaxy Note 10’ga mag‘lub bo‘ldi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!