Apple’ni masxara qilgach, Samsung o‘zi ham smartfonlar qadog‘idan muhim aksessuarlarni olib qolyapti!

  •   DiMaX
  •  1604
  •  28.10.2020 12:44

Apple’ni masxara qilgach, Samsung o‘zi ham smartfonlar qadog‘idan muhim aksessuarlarni olib qolyapti!

Eslasangiz kerak, iPhone 12 turkumidagi smartfonlar taqdim etilishi bilan ikkita kompaniya Apple ustidan kulgan edi. Xiaomi yangi ayfonlar jamlanmasida quvvatlagich yo‘qligini, Samsung esa raqibi endigina 5G-smartfon chiqarganini masxara qilgan. Keyinchalik ular safiga OnePlus ham qo‘shilib, kupertinoliklarni kalaka qilgan. Lekin ko‘p o‘tmay...

O‘QING: Apple’ni kalaka qilgan Xiaomi’ning o‘zi endi smartfon qadog‘ini ixchamlashtiryapti!

Bular orasidan Samsung kompaniyasi ikkinchi masxarasida o‘zining Galaxy smartfonlari oldingidek quvvatlagich bilan birga yetkazib berilayotganiga ishora qilgan edi. Lekin endi ma’lum bo‘lishicha, janubiy koreyalik texnogigantning o‘zi ham bu masala bo‘yicha Apple ortidan ketishi mumkin.

Samsung yurtidagi OAVlarning yozishicha, kompaniya o‘z smartfonlari qadog‘ini ixchamlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunda ikkita variantdan biri tanlanadi: yo qutidan quvvatlash blogi bilan birga quloqchin ham olib tashlanadi, yoki zaryadchik olib tashlanib, qadoqda quloqchin qoldiriladi.

Aytish kerakki, bunday yechim barcha Samsung smartfonlarida qo‘llanmaydi; zero, arzon modellarda mazkur qadm ko‘pchilikka yoqmasligi turgan gap. Hozircha kutilayotgan flagman modellar – Samsung Galaxy S21, Galaxy S21+ hamda Galaxy S21 Ultra smartfonlarining jamlanmasi ixchamlashtiriladi.

O‘QING: Birinchi «jonli» surat Galaxy S21 kamerasining joylashuvini ko‘rsatdi!