"Aqlli kamera"li Redmi 6 taqdim qilindi

Xiaomi bir necha daqiqalar avval Xitoyda Redmi 6A hamda Redmi 6 smartfonlarini taqdim qildi. 18:9 o‘lchamli displeyga ega devayslarning bosh kamerasi qo‘sh sensordan iborat.

Xiaomi Redmi 6 modeli 5.45 dyuymli ekran bilan ta’minlangan. Uning piksellar sig‘imi quvonarli -- HD Plus! Ekranning tomonlar nisbati 18:9 o‘lchamli.

Smartfon MediaTek kompaniyasining Helio P22 protsessoriga ega bo‘lgan. Ushbu chipset joriy yilning may oyida taqdim qilingan edi. O‘rta imkoniyatli mobil qurilmalarga mo‘ljallangan chipsetga 8 ta Cortex-A53 yadrolari o‘rnatilgan. Ma’lumotlarni 12 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan mazkur protsessorning chastota intervali 2.0 Ggs. Ya’ni, uning imkoniyatlari bizga yaxshi tanish Snapdragon 625 hamda Kirin 659 kabi raqiblariniki bilan bir xil.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, avvallari arzon smartfonlarda 28 nanometrli protsessorlardan foydalanilar edi. Yangi hamyonboplar esa 12 nanometrli chipga ega bo‘lishgan. Natijada, ularning samarali ishlashi 48% ga oshgan.

Xiaomi Redmi 6 devaysining 3 yoki 4 gigabaytli tezkor hamda 32 yoki 64 gigabaytli doimiy xotira talqinlari ishlab chiqariladi.

Bosh kamera uchun 12 hamda 5 megapikselli datchiklar tanlangan. Old kamera aniqligi esa 5 megapikselli. So‘nggi Redmi telefonlari kabi, Xiaomi Redmi 6 kamerasi ham Artificial Intelligence (AI), ya’ni "sun’iy aql" texnologiyasiga ega bo‘lgan. Bu esa unda yaxshi suratlar olish imkonini beradi. Smartfon "facial recognition" funksiyasi bilan ta’minlangan, ya’ni old kamera foydalanuvchi yuzini tekshiruvdan o‘tkazib, tizimni ochadi.

Bosh kameraga xos o‘ziga xosliklardan yana biri shuki, uni biror buyumga qaratsangiz, kameraning "aqlli" tizimi mazkur ob’yekt to‘g‘risida ma’lumot ham beradi. Bunday texnologiya "aqlli tanish" deb nomlangan. Google Lens ham aynan shunday texnologiyalardan biri.

Smartfon kuch-quvvati uchun elektr toki sig‘imi 3000 mA soat bo‘lgan akkumulyator mas’ul.

Xiaomi’ning telefonlaridagi yordamchi ham nihoyat yangi tillarni o‘rganibdi. Misol uchun, matnlarni Xiao Ai ingliz, fransuz, yapon, koreys, nemis, ispan hamda hind tillaridan xitoy tiliga tarjima qiladi. Xiao Ai yordamchisi, shuningdek soxta SMS xabarlarni, spamlarni ham taniydi, foydalanuvchini ulardan himoya qiladi. "Xiao Ai" nomli ovozli yordamchi endi o‘simliklarni, transport vositalari, atrof-muhitni anglaydi va narxlarni ham taqqoslay oladi.

Xiaomi Redmi 6 texnik jihatlar:

Ekran: 5.45 dyuymli, HD+ (1440 × 720 pikselli), 18:9 o‘lchamli, 2.5D qayrilma shishasi bilan qoplangan;
Protsessor: 2 Ggs, 8 yadroli MediaTek Helio P22 (MT6762), 12 nanometrli texnik jarayon;
Videokarta: IMG PowerVR GE8320, 650 MHz;
Xotira: 3 Gb tezkor va 32 Gb doimiy yoki 4 Gb tezkor va 64 Gb doimiy, microSD orqali 128 gigabaytgacha kattalashtirish mumkin;
Operatsion tizim: Android 8.1 (Oreo)'ning o‘zlashtirilgan MIUI 9 talqini;
Sim-karta: qo‘sh;
Kamera: bosh kamera - 12 va 5 megapikselli sensorlardan iborat, LED fotochaqnoqq ega, 1.25μm piksel o‘lchamli surat oladi. Old kamera - 5 megapikselli;
Sensorlar: barmoq izi skaneri, infra-qizil modul;
O‘lchamlari: 147.46×71.49×8.3 mm; Vazni: 146 gramm;
Aloqa imkoniyatlari: 4G VoLTE, WiFi 802.11 ac (2.4GHz / 5GHz), Bluetooth 5, GPS;
Akkumulyator: 3000 mA soat.

O‘qing: Mi8 SE Antutu'da ilk bor sinovdan o‘tdi

Xiaomi Redmi 6 modelining 3 gigabaytli tezkor xotiraga ega talqini 125 AQSh dollaridan, 4 gigabaytli tezkor hamda 64 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqini 155 dollardan sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!