AQShni chuv tushirgan rossiyalik “agent”lar

AQShni chuv tushirgan rossiyalik “agent”lar

2013 yilning iyun oyi. Rossiyalik hakker, Nevada hamda Kaliforniya shtatlaridagi elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi 3 ta yirik kompaniyaning tizimlarini buzib kirib ma’lumotlarni o‘g‘irlashda ayblanayotgan Aleksey Belan Yevropada qo‘lgan olingach, AQShning huquqni himoya qiluvchi organlarining ko‘ngli xotirjam tortdi. Ammo, bu xotirjamlik uzoqqa cho‘zilmadi. Sababi, hakker fuqaroligiga ko‘ra, Rossiya ixtiyoriga topshirildi.

San-Fransisko Federal sudi xulosasiga ko‘ra, Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati Belan va shu kabi kiber-jinoyatchilardan amerikalik Internet kompaniyalarga kiber-josuslik uyushtirish, ma’lumotlarni o‘g‘irlashda foydalanmoqda. Jumladan, Belan Yahoo! Inc. kompaniyasidan katta miqdordagi ma’lumotlarni o‘g‘irlashga yordam bergan.

Shuningdek, AQShda 2016 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishda ham shunday hujumlardan foydalanilgan ekan. Belandan tashqari Rossiyaning Xavfsizlik bo‘yicha xizmatining Dmitriy Dokuchayev hamda millati qozoq bo‘lgan Karim Baratov ismli xodimlari ham kiber jinoyatlarga jalb qilingan.

2014 yilda ham Yahoo tarmoqlaridan xizmatning 500 milliondan ziyod foydalanuvchilariga oid ma’lumotlar o‘g‘irlangani hisobiga kompaniya katta zarar ko‘rgan va kompaniya bunda muayyan hukumatning “qo‘li borligi”ni aytgan.

Hakkerlar orasida “Magg” nomi bilan ham tanilgan Belan Latviyada tug‘ilgan bo‘lsa-da, Rossiya fuqarosi hisoblanadi. Bu hakker Yahoo’ning kompyuter tarmoqlari orqali kompaniyaning elektron pochtalarni nazorat qilish markaziga kirgan akkauntlar haqidagi ma’lumotlarni o‘g‘irlagan. Natijada, bu orqali yirik kompaniya va institutlarning maxfiy yozishmalari, dolzarb ma’lumotlari o‘g‘irlangan. Hakker tomonidan o‘g‘irlangan elektron sahifalarning ma’lumotlar bazalari yordamida xuddi shu sahifalarning soxta nusxalari tayyorlanib, Yahoo serverlariga hujum uyushtirilgan. Bu esa hakkerlarga Yahoo’dagi 6,500 profilga maxfiy kalit va foydalanuvchi nomini ko‘rsatmasdan ham kirish, u yerdagi kontentlarni o‘qish imkonini berdi.

Belan uni yollaganlarning pullaridan tashqari, o‘g‘irlangan elektron pochtalarga spam-reklama yuborish evaziga ham yirik kompaniyalardan katta hisobda pul olib turgan.

Dmitriy Dokuchayev Rossiya xavfsizlik xizmatining axborot xavfsizligi bo‘linmasida ishlagan va amerikalik “hamkasblari” bilan aloqadorlikda gumon qilinib, ayni paytda qamoqda ushlab turilibdi. Bu ayb o‘z isbotini topadigan bo‘lsa, hakker 20 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

Rossiyalik nomi chiqqan hakkerlardan biri bo‘lgan Baratov Torontoda istiqomat qiladi. U fishing orqali, ya’ni bo‘lajak “qurbonlari”ning ijtimoiy tarmoq va pochtalariga favqulodda yolg‘on xabarlar yuborib, ularning pochtalari va akkauntlarini virusli fayllar bilan zararlaydi. Shu orqali ular to‘g‘risida ma’lumotlarni oladi. Jumladan, bu hakker Google’ning tarmog‘idagi 50 dan ziyod ahamiyatga ega bo‘lgan pochta tizimlarini buzgani uchun “homiylari”dan katta miqdorda mukofot puli olgan.

2017 yilning mart oyida kanadalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan Baratov ustidan ayni paytda tergov ishlari amalga oshirilmoqda. Karim Baratovning aniq bir ishlash joyi bo‘lmasa ham, uning hashamatli uyda turishi, Aston Martin va Mercedes kabi qimmatbaho mashinalari borligi aniqlangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bloomberg nashriga bergan intervyusida Yahoo bilan bog‘liq kiber-jiniyatchilik masalasida Rossiya hukumati hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan bo‘lsa ham, Rossiya xavfsizlik xizmati bu borada amaliy qadamni tashlagani yo‘q. AQSh Federal Tergov byurosi esa bunga nisbatan Yer shari kichik bir makon ekani, bu hakkerlar kun kelib qo‘lga olinishi bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan. Ekspertlar jahon miqyosida bu kabi kiber jinoyatchilik ko‘lami oshishini, internet tarmog‘ida ehtiyotkorlik bilan harakatlanish, har kimga ham ma’lumotlarni bermaslik, ma’lumot evaziga aksiya va qiziqarli viktorinalarda ishtirok etmaslik kiber hujumlardan himoyalanishning yagona kafolati ekanini aytishmoqda.

Manbaa: www.bloomberg.com

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.