Arzon flagman – Redmi K30 Ultra ham namoyish etildi

  •   DiMaX
  •  4552
  •  12.08.2020 12:58

Arzon flagman – Redmi K30 Ultra ham namoyish etildi

«Xitoycha Apple»ning o‘n yilligiga bag‘ishlangan tadbirda Xiaomi Mi 10 Ultra (Xitoycha versiyada – Xiaomi Mi 10 Extreme Commemorative Edition) superflagmani taqdim etilgani haqida yozgandik. Bundan tashqari, shu marosimda arzonchi brendning eng zo‘r flagmani – Redmi K30 Extreme Commemorative Edition (yoki Redmi K30 Ultra) ham ommaga ko‘rsatildi.

O‘QING: Taqdimotdan avval Xiaomi Mi 10 Ultra anboksing videosi: uni chiqarganga million dollar jarima solishdi!

Redmi K30 Ultra ekranining o‘lchami ham superflagmannikiga teng: diagonaliga 6,67 dyuymlik, tasvir aniqligi FHD+ formatida. AMOLED matritsali displey smartfon old yuzasining 92,7% qismini egallagan. Unda kemtik yoki tirqish yo‘q – Redmi K30 turkumining boshqa vakillari qatori, unda ham selfi-kamera korpusdan chiquvchi mexanizmga o‘rnatilgan.

Asosiy superflagmanda bo‘lgani kabi, arzonchi brendning eng zo‘r flagmanida ham displeyda tasvir yangilanishi 120 gerslik bo‘lsa, sensor qatlami 240 gerslik chastotada yangilana oladi. Uning maksimal yorqinligi 1200 kd/m2’ga, kontrastligi 5 000 000:1 ko‘rsatkichga teng. Redmi K30 Ultra ekrani ham kengaytirilgan HDR10+ dinamik diapazoni qo‘llab-quvvatlaydi, DCI-P3 rang makonini 100 foiz qamrab olgan.

Bu smartfon kadrlar chastotasining adaptiv tarzda almashuvini qo‘llab-quvvatlaydi. Ya’ni, ishlatilish ssenariysi hamda tanlangn energiya tejash rejimiga moslab, 60 va 120 gerslik chastotaga avtomatik tarzda o‘tadi.

O‘QING: Redmi Note 8 Pro SE chiqdi – bir yildan beri reytinglardan tushmay kelayotgan smartfon yangi talqinda!

Redmi K30 Extreme Commemorative Edition korpusi 8,1 millimetrlik qalinlikka va 213 gramm vaznga ega. Xaridorlarga u Lunar White, Extreme Night Black hamda Mint Green ranglarida taklif etiladi.

Smartfon 7 nanometrlik texnologik jarayon bo‘yicha tayyorlangan Dimensity 1000+ protsessori bazasida ishlaydi. MediaTek kompaniyasining mazkur flagman chipseti AnTuTu benchmarkining iyul oyidagi eng kuchli mobil protsessorlar reytingida ikkinchi o‘rinni olgan edi. Redmi K30 Ultra smartfonining mazkur servisdagi natijasi esa 530 000 balldan oshgan.

Redmi K30 Extreme Commemorative Edition qizib ketishining oldini olish uchun unda issiqlikni haydovchi katta – maydoni 3495 millimetr kvadratlik plastina qo‘llangan.

Smartfonning selfi-kamerasi 20 megapiksellik datchikka ega; bosh kamerada esa 64 + 13 + 5 + 2 megapiksellik sensorlardan iborat. Unda barcha zamonaviy rejimlar, sun’iy ong, tungi s’yomka va hokazolar mavjud.

O‘QING: Kutilmagan xavf: Xiaomi smartfonlarida barmoq izi skanerini ham kamera qilib ishlatsa bo‘lar ekan! («jonli» video)

Redmi K30 Extreme Commemorative Edition akkumulyatorining tok sig‘imi 4500 mA/soatlik bo‘lib, 33 vattlik tezkor quvvatlash orqali bir soatga yetmasdan to‘ladi. Qurilmaga NFC moduli hamda stereodinamiklar ham qo‘shilgan.

Brend an’anasiga ko‘ra, Redmi K30 Ultra flagmani ham arzon narxlarda bozorga chiqarilyapti:

6/128 gigabaytligi – 285 dollardan;

8/128 gigabaytligi – 315 dollardan;

8/256 gigabaytligi – 360 dollardan;

8/512 gigabaytligi – 390 dollardan.

Bu smartfon Xitoyda 14 avgustdan sotila boshlaydi, qolgan mamlakatlar bozorlariga chiqish vaqti va narxi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: TOP-10: Dunyodagi eng zo‘r hamyonbop smartfonlar (AnTuTu reytingi, 2020 yil iyul)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.