Arzonlashtirilgan, ammo daktiloskopli ekranga ega flagman – Xiaomi Mi 9 SE ham namoyish qilindi

  •   DiMaX
  •  3133
  •  20.02.2019 18:50

Arzonlashtirilgan, ammo daktiloskopli ekranga ega flagman – Xiaomi Mi 9 SE ham namoyish qilindi

«Xitoycha Apple» bugun Mi 9 flagmanidan tashqari Xiaomi Mi 9 SE modelini ham taqdim etdi. Bu – flagman smartfonning biroz soddalashtirilgan va sal ixchamroq versiyasidir.

O‘QING: AnTuTu’ning yangi rekordchisi – Xiaomi Mi 9 taqdim etildi: 445 dollarlik texnologik mo‘’jiza!

Xiaomi Mi 9 SE smartfoni old panelining 90,47 foiz yuzasini AMOLED-ekran egallagan. Uning o‘lchami diagonaliga 5,97 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 1080x2280 pikselga teng.

Xiaomi taqdimot marosimida shuni alohida ta’kidladiki, bu modelning diagonali kupertinoliklarning iPhone XS flagmanidan katta bo‘lsa-da, smartfonning o‘zi undan yupqaroq va yengilroq. Ya’ni, Mi 9 SE korpusi 7,45 millimetr qalinlikda bo‘lib, 155 gramm tosh bosadi. iPhone XS’da esa bu ko‘rsatkichlar tegishlicha 7,7 millimetr va 177 grammga teng.

Arzonlashtirilgan model bo‘lsa-da, Mi 9 SE ham ekranga integratsiya qilingan barmoq izi skaneri bilan ta’minlangan.

Bosh kamerasining asosiy datchigi 48 megapiksellik Sony IMX586 bo‘lsa, qolgan ikkitasi 8 va 13 megapiksellik optik sensorlardir. Selfilar uchun bu qurilmaning displeyidagi tomchisimon «kemtik»da 20 megapiksellik old kamera ajratilgan.

Mi 9 SE texnik ta’minoti birmuncha kamtarroq – Snapdragon 712 protsessori, 6 gigabaytlik tezkor hamda 64 yoki 128 gigabaytlik doimiy xotira. Akkumulyatorining tok sig‘imi 3070 mA/soat bo‘lib, 18 vattlik quvvat bilan tezkor zaryadlanishi mumkin. Biroq nisbatan hamyonbop model bo‘lgani bois, Xiaomi uni simsiz quvvatlash texnologiyasi, shuningdek, NFC moduli bilan ta’minlamagan. Bu smartfon ham eng so‘nggi – Android 9.0 Pie operatsion tizim talqini asosida ishlangan MIUI 10 grafik qobig‘i bilan taqdim etilmoqda.

Xiaomi Mi 9 SE shu yilning 1 martidan Xitoyda savdoga chiqadi. Uning 6/64 gigabaytlik talqini 297 dollar turadi, 6/128 gigabaytligi uchun esa 341 dollar so‘rashadi.

Asosiy flagmani kabi, uning arzonlashtirilgan versiyasi ham boshqa mamlakatlar bozorlariga qachon chiqishi hozircha noma’lum. Ushbu kompaniyaning bulardan avval taqdim etgan Redmi Note 7 modelini hozircha faqat AliExpress’dan buyurtma orqali sotib olish mumkin. Jahon bozoriga chiqarilgan ayrim Xiaomi smartfonlarini esa 819 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish imkoni bor. Ayniqsa, shu kunlarda – aksiya doirasida bu xaridingiz yanada yoqimli va manfaatli bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi daktiloskopli ekranga ega Redmi Note 7 Pro’ning ham namoyish kunini e’lon qildi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!