ASUS eng kuchli protsessorli flagmanni taqdim qildi

ASUS eng kuchli protsessorli flagmanni taqdim qildi

Barselonada qizg‘in davom etayotgan MWC 2018 kongressi doirasida tashkil qilinayotgan ko‘rgazmada Tayvanning ASUS kompaniyasi o‘zining yangi avlod Zenfone smartfonlarini taqdim qildi.

O‘tgan yilgi Zenfone 4 modelining o‘rniga bozorga tushiriladigan Zenfone 5 turkumidan Zenfone 5, Zenfone 5 Lite hamda Zenfone 5 Z modellari o‘rin olgan. Mazkur mobil aloqa qurilmalarining barchasi romdan xoli dizaynda tayyorlangan.

ASUS Zenfone 5'ning eng kichik modeliga ramkasiz ekran o‘rnatilgan. Zenfone 5 va Zenfone 5z old panelning yuqorisida iPhone X'nikiga o‘xshash o‘yiq bor. Bu maydonda kamera hamda sensor o‘rnatilgan. O‘ziga xos jihati shundaki, smartfonda gorizontal rejimda video ko‘radigan bo‘lsangiz, smartfon tizimi bu o‘yiqni qora hoshiya bilan yopadi va u sezilmaydi. Old panelning 90 foizi ekrandan iborat.

Zenfone 5 modeli 6,2 dyuymli, Full HD+ sig‘imli displeyga, tomonlari nisbati 19:9 standartli ekranga ega bo‘lgan. Devays bosh kamerasi qo‘sh sensorli: 12 megapikselli Sony IMX363 sensori o‘rnatilgan. Old kamera 8 megapikselli.

Platforma samaradorligi uchun Qualcomm Snapdragon 636 chipi, 6 GB operativ va 64, 8/128 i 8/256 Gb sig‘imli doimiy xotira o‘rnatilgan. Akkumulyator sig‘imi 3300 mA soat.

ASUS Zenfone 5 Lite smartfoni turkumning eng arzon vakili. Uning 6 dyuymli ekrani 2160 × 1080 ta piksel sig‘imiga ega, ya’ni Full HD+. Ekran 2.5D shaklidagi qayrilma himoya shishasi bilan qoplangan. Pishiq shisha smartfonning orqa paneliga ham yotqizilgan.

Smartfonning apparat ta’minoti uchun Qualcomm Snapdragon 630 yoki 430 protsessorlari o‘rnatilgan. Akkumulyator sig‘imi 3300 mA soat. 2 ta SIM-karta va microSD xotira kartasi uchun alohida bo‘lmachalar mavjud. Smartfon NFC kontaktsiz to‘lov moduliga ham ega bo‘lgan. Qiyofa sensori yordamida smartfonni blokirovkadan chiqarish mumkin.

ASUS Zenfone 5 Z modeli esa — eng kuchli Snapdragon 845 protsessori, 8 gigabaytgacha tezkor va 256 gigabaytgacha doimiy xotiraga egaligi bilan kuchli flagmanlar safidan joy oladi. Bu model qolgan jihatlari bilan Zenfone 5'ni eslatadi: 6,2 dyuymli, Full HD+ sig‘imli displey, 12 megapikselli 2 ta sensorli bosh kamera.

Qolaversa, Android 8 Oreo'ga asoslangan ZenUI 5 operatsion tizimi "sun’iy aql" texnologiyasiga ham ega bo‘lgan. Bu esa zamonaviy funksiyalardan foydalanish, sifatli suratlar olish imkonini beradi.

ASUS Zenfone 5 aprelda, Zenfone 5 Lite — martda, Zenfone 5 Z — iyunda sotuvga chiqariladi. Eng qimmat hisoblangan Zenfone 5 Z modeli 585 AQSh dollariga baholangan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!