Asus ROG Phone 3 chiqdi: bosh raqibidan ikki karra qimmat, lekin shunga yarasha zo‘r-da! (+video)

  •   DiMaX
  •  2988
  •  23.07.2020 16:04

Asus ROG Phone 3 chiqdi: bosh raqibidan ikki karra qimmat, lekin shunga yarasha zo‘r-da! (+video)

Bugun ertalab biz Samsung kompaniyasi Galaxy Z Flip 5G buklamafonini taqdim etgani haqida yozgandik. U bilan bir vaqtda Lenovo kompaniyasining shu paytgacha xabarlarda Lenovo Legion deb kelingan Legion Duel geymerofoni ham chiqqan. Shu kuni eng qudratli protsessorga tayanuvchi ilk smartfonlarning uchinchisi – Asus kompaniyasining ROG Phone 3 modeli ham namoyish qilindi.

O‘QING: Redmi flagmani hatto iPhone 11 Pro Max, Galaxy S20+ va OnePlus 8 Pro’larni mahv etib, kuchli o‘ntalikka kirdi! (+video)

Displey va dizayn

Mazkur geymerofon bir qator xususiyatlariga ko‘ra raqibidan ustun: uning 6,6 dyuymlik AMOLED-displeyida ham kadr yangilanish chastotasi 144 gerslik, lekin uning sensor qatlmi 270 gerslik chastotada yangilanadi. Tasvir aniqligi Full HD+ formatli ekran HDR10+ sifatidagi tasvir uzatishga ham qodir. Displeyga teginishdagi reaksiya berish vaqti minimal darajaga tushirilgan – taxminan 18 millisoniya.

Asus ROG Phone 3 ekranining yuqorisi va pastidagi stereodinamiklar maxsus o‘yin rejimiga ega – ular o‘yin ishga tushganida ovozni optimallashtirib beradi. Korpusning yon qirralarida yaxshilangan AirTrigger 3 sensor triggerlari bor; ular ultratovushli sensorlarni va harakat datchiklarini o‘zida uyg‘unlashtirgan. Triggerlar teginishni ham, svayp – silashni ham sezadi va tegishli amallarni bajaradi.

Geymerofon korpusiga yana naq to‘rtta mikrofon, quvvatlash uchun ikkita port mavjud, o‘yin jarayonida smartfonni gorizontal holatda ushlashda ular yopilib qolmaydi. Orqa panelda ichkaridan yoritiluvchi ROG logotipi ham o‘rnatilgan.

Ichiga nazar solamiz

Asus ROG Phone 3 apparat ta’minoti asosini ham Qualcomm kompaniyasi 8 iyul kuni taqdim etgan flagman – Snapdragon 865+ protsessori tashkil etadi. Smartfonda «operativka» sifatida 16 GBgacha hajmli LPDDR5 xotira chiplari qo‘llangan; doimiy xotirasi esa 512 GBgacha hajmga ega, UFS 3.1 formatli saqlagichlar qo‘llangan.

Tayvanlik kompaniya uchinchi avlod geymerofonida sovitish tizimini yanada takomillashtirgan. Uning radiatori oldingi avlodga nisbatan 6 karra katta; yana bug‘lantiruvchi kamera hamda grafit plyonka ham qo‘llangan.

ROG Phone 3 avtonomligi uchun 6000 mA/soatlik akkumulyator javob beradi va u 30 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Asus’ning ta’kidlashicha, uning to‘liq quvvati bilan PUBG Mobile o‘yinini uzluksiz 9,2 soat, Asphalt 9 o‘yinini – 9,6 soat, Call of Duty: Mobile o‘yinini esa 9,3 soat o‘ynash mumkin. Yana akkumulyator to‘zishini pasaytirish uchun quvvatlash tezligini yoki maksimal darajasini maxsus ilova orqali cheklash imkoni bor.

Kameralari ham hech kimdan kam emas!

Asus ROG Phone 3 bosh kamerasi uchtalik: 64 megapiksellik Sony IMX686 sensori, 13 megapiksellik keng burchakli (ko‘rish burchagi 125 daraja) modul hamda 5 megapiksellik makrokamera.

Geymerofonning old kamerasi esa 24 megapiksellik yakka datchikdan iborat bo‘lib, ekran tepasidagi ensiz ramkaga sig‘dirilgan.

Aksessuarlar

Asus ushbu modeli uchun ko‘plab turli aksessuarlar ham taklif etayotir. Bular – himoya g‘iloflari (shu jumladan yoritiluvchi logotipga ega bo‘lganlari), TwinView Dock 3 dok-stansiyasi (unda yangilanish chastotasi 144 gerslik ikkinchi ekran ham bor) hamda ROG Kunai 3 geympadi kabilardir.

Smartfonga qo‘shimcha yana AeroActive Cooler 3 kulerini ham sotib olish mumkin. Kulerning o‘zida smartfonni mahkamlab stolga qo‘yish uchun oyoqcha hamda 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham bor (smartfonda u yo‘q).

Bulardan tashqari, yangi smartfonga oldingi avlod – ROG Phone 2 geymerofonining ko‘p aksessuarlari ham mos keladi.

Quyida ROG Phone 3 qurilmaning rasmiy videosini tomosha qilamiz:

Narxiga kelsak...

Yevropa bozoriga Asus ROG Phone 3 shu oyning oxirida chiqadi va uning tezkor/ichki xotirasi 12/512 GBlik varianti uchun 999 yevro narx belgilangan. Yuqori konfiguratsiyali – 16/512 gigabaytlik varianti uchun esa 1099 yevro to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, Asus mazkur geymerofonining nisbatan arzon – ROG Phone 3 Strix Edition versiyasini ham chiqargan. Unda Snapdragon 865 protsessori hamda kichikroq – 8/256 GBlik xotira qo‘llangan. Narxi ham shunga yarasha – uni «atigi» 799 yevro evaziga olsa bo‘ladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsa, Asus ROG Phone 3 – geymerlar orzusidagi smartfon, lekin Lenovo Legion Duel baribir «belidan» chiquvchi kamerasi, 90 vattlik tezkor quvvatlanish texnologiyasi bilan baribir qiziqarliroq. Arzonligini aytmaysizmi – unisi tayvanlik geymerofonning yarim narxiga ham yetmaydi!

O‘QING: Eng qizib ketuvchi va eng qizimaydigan smartfonlar (Master Lu reytingi, 2020 yil 2-chorak)