Asus Zenfone 8 va Zenfone 8 Flip smartfonlari taqdim qilindi

Asus Zenfone 8 va Zenfone 8 Flip smartfonlari taqdim qilindi

 Boshqa kompaniyalar bir-biridan ildamlashga harakat qilayotgan ayni paytda Asus o‘z dizayni bilan qolganlardan ajralib turuvchi ikkita smartfon taqdim etdi: Asus Zenfone 8 va Zenfone 8 Flip.
 
O‘QING: Asus ROG Phone 3 chiqdi: bosh raqibidan ikki karra qimmat, lekin shunga yarasha zo‘r-da! (+video)

Zenfone 8 flagmani hozirda eng ixcham Android flagman bo‘lsa, Zenfone 8 Flip oldingi avlod modelidagi aylanuvchi kamera mexanizmiga ega.
 
Asus Zenfone 8
Asus Zenfone 8’ning o‘lchamlari 148x68.5x8.9 mm bo‘lib, vazni 169 grammga teng. Qurilma iPhone 12 mini’dek kichik bo‘lmasa-da, (157 x 68 x 8.2 mm o‘lchamga, 168 gramm vaznga ega) Xperia 5 III’dan ixchamroq. Smartfonga Snapdragon 888 chipi o‘rnatilgan bo‘lib, Android 11 asosiga qurilgan ZenUI 8 interfeysida ishlaydi.
 
Kichik flagman 1080p rezolyutsiyali 5.9“ AMOLED ekran (Samsung E4) va 20:9 forma faktoriga ega. Old panel Gorilla Glass Victus shishasi bilan, butun qurilma IP68 himoyasi bilan qoplangan. E’tiborli jihati shundaki, Zenfone 8 qurilmasi Asus’ning IP darajadagi himoyaga ega birinchi smartfoni hisoblanadi.
 
Ekran panelida kadr yangilanish chastotasi 120Hz’ga teng. Sensorning namuna olish chastotasi esa 240Hz’ni tashkil etadi. Displey HDR10+ sertifikatiga ega bo‘lib, DCI-P3 ranglar gammasining 112% ini qamrab oladi. Ranglar yaxshi kalibrlangan. Ekran anchayin yorqin hamdir, maksimal yorqinlik darajasi 1,100 nitga teng. Barmoq izi skaneri ekran ostiga o‘rnatilgan.
 
Orqa panelda 64MP datchikli ikkita kamera joylashgan. Zenfone 7’ga ham bir xil — IMX686 sensori o‘rnatilgandi. Sensor 0.8µm piksel, Quad Bayer filtri va qo‘sh-piksel avtofokusi (PDAF) ga ega.
 
Kamera, shuningdek, tasvirni optik barqarorlashtirish (OIS) hamda 8K aniqlikda 24 kadr/sekund videolar olish imkoniyatiga ega. 4K/60 kadr/sek. yoki 1080p/60 kadr/sek. videolar ham olish mumkin. Uchta mikrofonli tizim esa OZO Audio Zoom va shovqinni kamaytirish texnologiyasiga ega.
 
Orqa paneldagi ikkinchi kamera 12MP IMX363 sensori (1/2.55") ga asoslangan bo‘lib, bu ham eski, lekin ishonchi sensorlardan. Sensor 1.4µm piksel hamda PDAF’ga ega. Kamera ob’yektivi makrosyomka uchun 4 sm masofadan fokus ola oladi. Old tomondagi selfi kamera esa yangi 12MP IMX663 sensoridan (1/2.93", 1.22µm) foydalanadi, PDAF imkoniyatiga ega. Ultrakeng burchakli va selfi kameralar 4K aniqlikda (mos ravishda, 60 kadr/sek. va 30 kadr/sek.) video yozadi.
 
Asus ixcham Zenfone 8 smartfonini kuchli audio apparat ta’minoti bilan jihozlagan. Devays 3.5 mm audio jek hamda Cirrus Logic mono kuchaytirgichi (CS35L45) va Dirac HD Sound'ni qo‘llab-quvvatlovchi ikkita chiziqli dinamikka ega. Audio Wizard ilovasi yordamida ekvalayzerni o‘zingizga moslashtirishingiz mumkin. FM radio ham bor (Yevropa uchun chiqarilgan modelda mavjud emas).
 
Smartfonga USB-C porti orqali 30 vattda tezkor quvvat berish mumkin.
 
Simsiz aloqaga kelsak, smartfon bir necha diapozonli 5G'ni qo‘llab-quvvatlaydi. Eng so‘nggi Wi-Fi 6E va Bluetooth 5.2 ham qo‘llab-quvvatlanadi. Smartfon nano-SIM kartalar uchun ikkita slotga ega. Afsuski, microSD karta uyasi yo‘q.
 
Asus qurilmani 128GB va 256GBlik doimiy xotira hamda 6GB, 8GB va 16GBlik tezkor xotira konfiguratsiyalarida taklif etmoqda. Smartfonning yon tomonida Smart Key tugmasi joylashgan bo‘lib, uning yordamida uchta turli amalni bajarish mumkin.

...

Asus Zenfone 8 smartfoni Yevropa va Tayvanda allaqachon sotuvga chiqdi. Smartfon dastlabki sotuv kunlarida 600 yevrodan, oy oxiriga borib esa 670 yevrodan sotiladi. Qurilma tez orada boshqa bozorlaga ham chiqishi kerak.
 
O‘QING: Dunyo bo‘yicha eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu reytingi, 2021 yil mart)

Asus Zenfone 8 Flip
Asus Zenfone 8 Flip smartfonining o‘ziga xosligi unga o‘rnatilgan aylanuvchi kameradir. Kamera moduli uchta kameradan iborat bo‘lib, ulardan biri 3x telefoto kamerasidir. Asosiy kamera korpusdan chiqib, aylanish imkoniyatiga egaligi bois selfi kamera mavjud emas. Va bu smartfonning asosiy xususiyati hisoblanadi. Asosiy va ultrakeng kamera bilan oddiy tasvir va selfi suratlar hamda videolar olishingiz mumkin.
 
Zefone 8 Flip ham Snapdragon 888 SoC bilan jihozlangan. Qurilma 8GB tezkor, 128GB va 256GB UFS 3.1 toifasidagi doimiy xotiraga ega. Smartfonga ikkita SIM karta va bitta microSD tashqi xotira kartasi tushadi.
 
Yangi Zenfone 8 Flip modeli o‘tgan yilgi Zenfone 8’ning SD888 bilan yangilangan talqini deyish mumkin. Ikkala avlod smartfonlarining qolgan jihatlari deyarli bir xil. 6.67" AMOLED ekran xuddi Zenfone 7’dagi kabi 1080p+ rezolyutsiya, 20:9 forma faktori, 90Hz yangilanish chastotasi, 200Hz namuna olish chastotasi va nisbatan eski Gorilla Glass 6 shishasiga ega. Zenfone 8 Flip ekrani Zenfone 8’ga o‘rnatilgan displey kabi yorqin bo‘lmasa-da (maksimal 700 nit), HDR10+ sertifikati va a’lo darajadagi rang berish imkoniyati bilan maqtana oladi.
 
O‘tgan yilgi modeldan farqli, barmoq izi skaneri yon tomondan ekran ostiga ko‘chgan. Smart Key tugmani bir marta, ikki marta yoki uzoq bosib turish bilan uch xil amalni bajarish mumkin.
 
Uchta kameralarning asosiysi 64MP IMX686 sensori bo‘lib, OIS’ga ega emas. Ultrakeng kamera esa 12MP IMX363 sensori bilan jihozlangan. Telefoto kamera rezolyutsiyasi esa 8MPga teng. Fokus uzunligi 80 mm bo‘lgan teleobektiv 3 karra kattalashtirish va 12 karragacha raqamli zum xususiyatiga ega.
 
Asosiy kamera 8K aniqlikda 30 kadr/sek., 4K aniqlikda 60 kadr/sek. va HyperSteady videolar yozadi. Ultrakeng burchakli kamera 4K/60 kadr/sek., telefoto kamera esa 1080p/30 kadr/sek. video lavhalar oladi. Kamera modulini Gorilla Glass 3 shishasi himoyalab turadi.
 
5,000 mAs sig‘imli, 30 vattda HyperCharge quvvat oluvchi akkumulyator ham o‘zgarmagan. Simsiz aloqalardan Wi-Fi 6E mavjud. Audio uchun esa aptX Adaptive mavjud.
 
Zenfone Flip 8’da 3.5 mm audio jek yo‘q, lekin maxsus NXP mono kuchaytirgichi (TFA9874) va Hi-Res audio sertifikatiga ega stereo dinamiklar bor. Karnaylarni, ROG Phone’dagi kabi, Dirac Reserach sozlagan.
 
Asus Zenfone 8 Flip smartfoniga asus.com sayti orqali Yevropada 800 yevrodan boshlab oldindan buyurtma berish mumkin.

...

Har ikki smartfon qadog‘i tarkibida 30 vattlik quvvatlagich bor. Flip modeli qadog‘iga, shuningdek, Active Case g‘ilofi ham solib qo‘yilgan. Bu g‘ilof smartfon kuchli tebranishga uchrasa, kamera mexanizmini himoyalab turadi.
 
O‘QING: Uchta versiyada ROG Phone 5 taqdim etildi – geymerlar orzusi! (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!