Asus'dan yangi "monster" geyming smartfoni

Asus'dan yangi

Kundalik hayot uchun mo'ljallangan telefonlar bilan birgalikda geyming smartfonlari ham alohida e'tiborga olinmoqda va ularni ishlab chiqarishda hozirda Asus'dan yaxshirog'i topilmayapti. Tayvanlik kompaniya kecha o'zining uzoq kutilgan ROG Phone 6 o'yin smartfonlari qatorini taqdim qildi.

Yangi avlod ROG Phone smartfonlari ikki modelni o'z ichiga oladi: ROG Phone 6 va ROG Phone 6 Pro. Garchi ikkala modelning ham ekran o'lchami oldingi ROG Phone 5S kabi 6.78 dyuym, 1080 x 2448 piksel rezolyutsiyasida bo'lsa-da, ular bu safar 165Hz yangilanish tezligi, 720Hz sensor chastotasi va 1,200 nits yorug'lik darajasiga ega. Ta'kidlash kerakki, siz kamroq quvvat sarflanishi uchun displeyni 60Hz gacha tushirib qo'yishingiz ham mumkin. Bunday ajoyib ekranni esa Corning Gorilla Glass Victus turli xil tirnalishdan himoya qiladi. Modellarni bir-biridan ajratadigan asosiy farqlardan biri shundaki, Pro model orqasida qo'shimcha 2 dyuymli AMOLED displey mavjud.

Kapot ostida ularning ikkala model ham Qualcomm yaqinda taqdim etgan Snapdragon 8+ Gen 1 chipsetlari bilan jihozlangan va ular Android 12 ga asoslangan ROG UI qobig'ida ishlaydi. Xotiraga kelganda esa modellar turli xil modifikatsiyaga ega. Oddiy ROG Phone 6 modeli 12 GB dan 16 GB gacha operativ xotiraga ega bo'lsa, Pro modelida bu ko'rsatkich 18 GB bo'lib, modellar yoki 256 yoki 512 GB (UFS 3.1) kengaytirib bo'lmaydigan doimiy xotira bilan keladi. Shuningdek, ikkov model ham avvalgidek xavfsiz va tezkor zaryadlanish uchun 3,000 dan ikkiga ajratilgan 6,000 mAh batareyaga ega va ular 65W tezlikda ikki USB-C portining biri orqali zaryadlanadi.

Bugungi kundagi yuqori grafikali o'yinlari bilan smartfoningiz qanchalik zo'r bo'lmasin uning besh daqiqada "isitmasi chiqishi" aniq. Biroq Asus'da bunga yechim bor. Uning yangi ROG Phone 6 smartfonlari optimizatsiyalangan sovutish tizimiga ega va u bilan protsessor haroratini 10 gradusgacha tushirish mumkin.

Optikaga keladigan bo'lsak, Asus ROG Phone 6 smartfonlarining orqasidagi uchlik kamerasi 50 MP asosiy, 13 MP ultra-keng va 5 MP makro sensoriga bilan ta'minlangan. Old tomondagi selfi kamera sensori esa 12 MP ni tashkil qiladi.

Qo'shimchasiga kompaniya AirTrigger sensorini turli xil yaxshilanishlar bilan qaytargan. Telefon ikkilik old karnaylar, uchlik mikrofonlar va 3.5 mm quloqchin uyasiga ega. Yuqorida aytilganidek, smartfonda bir emas, ikkita USB-C portlari mavjud. Biri qurilma tagida, yana biri esa yonida joylashgan. Aytish kerakki, ROG Phone 6 smartfonlar IPX4 suv va changga chidamlilik darajasiga ega birinchi o'yin smartfonlaridir.

Tadbir davomida Asus smartfonlar uchun o'zining yangi versiyadagi AeroActive kuleri, ROG Kunai geympadlari va ROG Cetra True Wireless/Pro simsiz quloqchinlarini ham chiqardi.

ROG Phone 6 smartfonlarining oddiy modeli oq yoki qora rangda 12 GB RAM va 256 doimiy xotira bilan 999 yevro yoxud 71,999 rupiya, yuqori darajadagi Pro modeli esa faqat oq rangda 18 GB RAM va 512 GB xotira bilan 1,299 yevro yoxud 89,999 rupiya narxda Yevropa va Hindiston bozolarida sotiladi.

Hozirda smartfon ishlab chiqaruvchilari o'z mobil qurilmalarini iloji boricha kichik qutiga solishga harakat qilishadi, lekin Asus unday buning g'irt teskarisini qilmoqda. Agar siz ROG Phone 6 seriyasidagi smartfonni sotib olsangiz, sizga katta hajmdagi va o'ziga xos dizaynga ega quti keladi. Uning ichidan esa ROG Phone 6 smartfoni va uning uchun keys, 65W quvvatlovchi adapter bilan USB-C kabeli, SIM kartani chiqarish uchun igna, AR karta va ba'zi hujjatlarni topishingiz mumkin.

O'QING: Eng kuchli Xiaomi smartfoni taqdim etildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!