Atigi 148 dollardan boshlanuvchi 5G-smartfonlar – Realme Q2, Q2 Pro hamda Q2i chiqdi!

  •   DiMaX
  •  2134
  •  13.10.2020 17:01

Atigi 148 dollardan boshlanuvchi 5G-smartfonlar – Realme Q2, Q2 Pro hamda Q2i chiqdi!

Oppo korporsiyasining Realme subbrendi bugun o‘zining hamyonbop 5G-smartfonlar turkumini namoyish etdi. Unga standart Realme Q2, ilg‘or Realme Q2 Pro hamda arzon Realme Q2i modellari kirgan.

O‘QING: Realme’ning hamyonbop smartfoni AnTuTu’da hatto Galaxy S20 Ultra va Galaxy S20+ flagmanlarini «yer tishlatdi»!

Mazkur uchlikning eng zo‘ri – Realme Q2 Pro modeli 65 vttlik tezkor quvvatlash texnologiyasi hamda korpusining charmga o‘xshash qoplamasi bilan maqtana oladi. Kompaniya uni taqdimotda «vegancha charm» deb atagan.

Realme Q2 Pro diagonaliga 6,4 dyuymlik Super AMOLED ekran bilan ta’minlagan. Displeyning tasvir aniqligi Full HD+ formatida (2400x1080 piksellik) bo‘lib, kadr yangilanish chastotasi 60 gerslik. Ekranning o‘ziga daktiloskop ham integratsiya qilingan va burchagida 16 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqish o‘yilgan. Qurilmaning orqa paneli burchagida to‘rtburchak blokka olingan bosh kamera esa 48 + 8 + 2 + 2 megapiksellik sensorlardan iborat.

Bu smartfonning «elektron yuragi» sifatida MediaTek Dimensity 800U protsessori tanlangan. Realme Q2 Pro akkumulyatori 4300 mA/soatlik tok sig‘imiga ega va u 65 vattlik Super Dart Charge tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

O‘QING: Realme o‘yinbop, atigi 116 dollardan boshlanuvchi Narzo 20, Narzo 20A va Narzo 20 Pro smartfonlarini chiqardi

Standart model – Realme Q2 smartfoni ham o‘sha Dimensity 800U chipseti bazasiga qurilgan, lekin boshqa xususiyatlariga ko‘ra Pro-versiyadan farq qiladi. Jumladan, unda diagonaliga 6,5 dyuymlik LCD-ekran qo‘llangan bo‘lib, Full HD+ formatli displeyning kadr yangilanish chastotasi «og‘a»sinikidan yuqori – 120 gerslik.

Bazaviy Realme Q2 smartfonida barmoq izi skaneri korpusning o‘ng qirrasiga o‘tkazilgan, bosh kamerasi uchta (48 + 8 + 2 MPlik) modullardan tashkil topgan. Selfi uchun ajratilgan kamera esa yuqoridagi telefonniki bilan bir xil.

Standart modelning batareyasi Realme Q2 Pro’nikiga nisbatan sig‘imdor – 5000 mA/soatlik, ammo tezkor zaryadlash 30 vattlik texnologiya asosida amalga oshiriladi.

O‘QING: Hamyonbop Realme 7i taqdim etildi: 90Hz ekran, 8GB «operativka», Qualcomm chipi (+anboksing videosi)

Turkumning eng «kenja»si – Realme Q2i modelida esa ekran o‘lchami 6,52 dyuymlik, rezolyusiyasi HD+ formatida (1600x720 piksellik). Uning 8 megapiksellik old kamerasi uchun displeyida tirqish emas, balki kemtik ochilgan. Smartfonning bosh kamerasi esa 13 + 2 + 2 megapiksellik datchiklarni o‘z ichiga oladi.

MediaTek Dimensity 720 protsessori bazasida ishlovchi Realme Q2i barmoq izi datchigi korpusning orqa paneliga o‘rnatilgan. Uning ham «beli baquvvat», ya’ni akkumulyatori 5000 mA/soatlik bo‘lib, 18 vattlik asosda tezkor quvvat ola biladi.

Yangi turkumdagi har uchala smartfon ham Android 10 operatsion tizim talqini ustiga qurilgan Realme UI grafik qobig‘i bilan taqdim etilgan va korpuslarida USB Type-C porti mavjud.

O‘QING: Realme smartfonlaridan qaysilari va qachon Android 11’gacha yangilanadi? (yo‘l xaritasi)

Oppo ular uchun quyidagicha narxlar belgilagan:

  • Realme Q2 modeli, 4/128 gigabaytlik — $180;
  • Realme Q2 modeli, 6/128 gigabaytlik — $190;
  • Realme Q2 Pro modeli, 8/128 gigabaytlik — $240;
  • Realme Q2 Pro modeli, 8/256 gigabaytlik — $265;
  • Realme Q2i modeli, 4/128 gigabaytlik — $148.

Realme o‘z yurtida standart smartfonni va uning Pro-versiyasini 19 oktyabrdan, eng arzon modelini esa 1 noyabrdan sota boshlaydi.

O‘QING: O‘rta narxli o‘nta eng zo‘r smartfon (AnTuTu, 2020 yil sentyabr)