Atigi 149 dollarga Rubik kubigi o‘lchamida Intel chipli mini-kompyuter chiqdi

  •   DiMaX
  •  839
  •  04.11.2020 18:26

Atigi 149 dollarga Rubik kubigi o‘lchamida Intel chipli mini-kompyuter chiqdi

Xiaomi kompaniyasi yozda o‘zining YouPin kraudfanding maydonchasida Ningmei CR100 rusumli desktop kompyuterini taqdim etgan edi. Garchi arzon – atigi 198 dollarga baholangan bo‘lsa-da, bu mini-kompyuter Intel protsessori bilan jihozlangan.

O‘QING: Klaviaturaga o‘rnatilgan Raspberry Pi 400 kompyuteri atigi 70 dollardan sotuvga chiqdi

Endi esa «Xitoycha Apple» xuddi shu brend ostida yana bitta – Xiaomi Ningmei Rubik's Cube Mini Computer rusumli mahsulotini namoyish qildi. Nomidan ham ko‘rinib turganidek, bu – Rubik kubigi o‘lchamida va shaklida ishlab chiqilgan mini-kompyuterdir.

Ningmei Rubik's Cube Mini Computer korpusining o‘lchami 62x62x42 millimetrlik bo‘lib, 145 gramm tosh bosadi. Unga maksimal takt chastotasi 2.7 gigagerslik Intel J4125 protsessori o‘rnatilgan. Kompyuter yana Intel UHD600 grafik chipi, 6/8 gigabaytlik tezkor xotira hamda 128/256 gigabaytlik SSD-xotira bilan ta’minlangan.

Mini-kompyuter korpusida bittadan HDMI va USB-C, ikkita USB 3.0 porti, quloqchin tirqishi hamda microSD-karta uyachasi mavjud. Simsiz interfeyslardan esa Bluetooth va ikki diapazonli Wi-Fi modullari bor. Shuningdek, bu «kichkina polvon» mitti kuler asosidagi sovitish tizimi bilan ham maqtana oladi.

O‘QING: Klaviaturalar haqida qiziqarli faktlar (1-qism)

Ningmei Rubik's Cube Mini Computer modelining boshlang‘ich – 6/128 gigabaytlik tezkor/ichki xotirali varianti 149 dollar turadi. Nisbatan tezkor va «bag‘rikeng», ya’ni 8/256 gigabaytligi uchun esa 187 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, kompaniya uning maxsus – Marvel Edition versiyasini 200 dollardan sotuvga chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, boshqa kompaniyalar ham o‘ta ixcham va antiqa kompyuterlar namoyish etishgan. Masalan, biz Q-Stick – 8 GB «operativka»li kompyuter-brelok haqida, shuningdek, eng mitti – 1x1 millimetrlik IBM nano-kompyuteri to‘g‘risida ham xabarlar e’lon qilganmiz. Yana dunyodagi eng mitti o‘yin noutbuki, eng mitti mini-kompyuter, eng mitti noutbuk-planshet kabilar haqida ma’lumotlar berganmiz. Hattoki tashrif qog‘oziga vizitkaga joylangan kompyuter ham chiqqan va juda arzon – 2,88 dollarga baholangan! Atigi 188 dollarlik Odyssey X86J4105800 mini-kompyuteri esa Windows, Linux va Arduino bilan ishlay oladi!

Darvoqe, «Oxirzamon kompyuteri» hamda «Oxirzamon operatsion tizimi» haqidagi ma’lumotlardan xabaringiz bormidi?

O‘QING: Intel protsessorli bu monoblok kompyuterni atigi 99 dollarga olish mumkin! (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!