Atigi 150 dollarlik Redmi Note 7 taqdim etildi – 48 MPlik qo‘sh kamera, yong‘oq chaqishga yaraydigan ekran!

  •   DiMaX
  •  9363
  •  10.01.2019 16:38

Atigi 150 dollarlik Redmi Note 7 taqdim etildi – 48 MPlik qo‘sh kamera, yong‘oq chaqishga yaraydigan ekran!

Kutilganidek, bugun – 2019 yilning 10 yanvar kuni Pekin shahrida Xiaomi kompaniyasi mustaqil Redmi brendining ilk smartfonini taqdim etdi. Garchi ayrim o‘rinlarda Redmi X deb atalgan bo‘lsa-da, modelning rasmiy nomi Redmi Note 7 bo‘lib chiqdi.

O‘QING: Xiaomi Redmi 7 hamyonbop smartfoni «jonli» suratlari bilan TENAA’ga chiqdi

Shunday qilib, yangi smartfonning diagonaliga 6,3 dyuymlik ekranida IPS LTPS matritsasi qo‘llangan. Tepa qismida tomchisimon «kemtik»ka ega displeyning tasvir aniqligi 2340x1080 pikselga teng. Gorilla Glass 5 himoya shishasi bilan qoplangan ekranning yon hoshiyalari atigi 1,95 millimetrlik qalinlikda – xuddi iPhone X’dagidek, deya ta’kidladi kompaniya direktori Ley Szun (Lei Jun).

Redmi Note 7 sakkiz yadroli Snapdragon 660 protsessoriga tayanadi – ushbu chip to‘rttadan 1,8 va 2,2 gigagerslik yadrolarni hamda 850 megagerslik Adreno 512 grafik tezlatgichini o‘z ichiga oladi. Xiaomi vakillarining ta’kidlashicha, mazkur smartfon AnTuTu’da salkam 146 000 ball to‘playdi, bu esa xitoylik texnogigantning Kirin 710 chipli telefonlaridan ustun ko‘rsatkich.

Avvaldan ham Xiaomi ko‘p bora maqtanganidek, Redmi Note 7 bosh kamerasida aynan o‘sha 48 megapiksellik sensor qo‘llangan. Tasvirlarning chuqurligini tahlil etishga va boke effektli portret rejimiga xizmat qiluvchi ikkinchi datchik esa 5 megapiksellik.

Ekrandagi tomchisimon «o‘yiq»dan joy olgan selfi-kamera 13 megapiksellik yakka sensordan iborat. Suratlarni qayta ishlash uchun kameralarga «sun’iy ong» texnologiyasi joriy etilgan.

O‘QING: Xiaomi 7 dollarlik yangi gadjetini ham «sun’iy ong» bilan ta’minladi!

Redmi Note 7 akkumulyatori 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lib, 18 vattlik quvvatlash blogidan Quick Charge 4 texnologiyasi bo‘yicha tezkor zaryad olishga qodir.

Smartfonning korpusi o‘lchamlari 159,21x75,21x8,1 millimetrga teng bo‘lib, mustahkamligini ta’kidlash uchun kompaniya uni yigitlarga hamda baland poshnali tufli kiygan qizga tepkilatib, shuningdek ustiga o‘tirib va hatto ekrani bilan yong‘oq chaqtirib ko‘rsatgan. Bulardan tashqari, Redmi Note 7 changdan va namdan ham himoyalangan, ammo hozircha uning IP darajasi aytilmagan.

Qurilma zamonaviy USB-C hamda quloqchin uchun an’naviy 3,5 millimetrlik tirqishga ega. Shuningdek, infraqizil porti orqali uni maishiy texnika jihozlarini boshqarish uchun pult vazifasida ham qo‘llasa bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi Redmi 7, Redmi 7A va Redmi 7 Pro allaqachon sertifikatlandi – ularning taqdimoti yaqin!

Redmi Note 7 uch xil korpuslarda taqdim etilmoqda: oddiy qora hamda ko‘k va pushti gradiyent tusli.

Mazkur smartfonni sotuvga 15 yanvarda chiqarishadi, narxlari esa allaqachon ma’lum. Uning boshlang‘ich – tezkor/doimiy xotirasi 3/32 gigabaytlik talqini 999 yuanga baholangan, bu 150 AQSh dollaridan salgina kamroq. Xiaomi bu smartfonning 4/64 gigabaytlik talqini uchun taxminan 175 dollar, 6/64 gigabaytligi evaziga esa 205 dollar so‘rayapti.

O‘QING: 809 000 so‘mdan boshlanuvchi Xiaomi smartfonlari narxlari (2019 yil 11 yanvar) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!