Atigi 270 dollarlik, lekin eng katta ekranli 5G-smartfon namoyish qilindi!

  •   DiMaX
  •  2282
  •  02.07.2020 16:11

Atigi 270 dollarlik, lekin eng katta ekranli 5G-smartfon namoyish qilindi!

Huawei kompaniyasining subbrendi avvalroq Honor Play 4 hamda Honor Play 4 Pro modellarini taqdim etgan edi. Bularning ikkalasi ham geymerlarga mo‘ljallangan 5G-smartfon bo‘lishdan tashqari, Pro-versiyasi mobil qurilmalarda hali qo‘llanmagan harorat datchigiga ham ega.

O‘QING: Shu oydayoq EMUI 10.1’gacha yangilanuvchi global Huawei va Honor smartfon hamda planshetlarining rasmiy ro‘yxati

Endi esa kompaniya displeyining o‘lchami diagonaliga 7 dyuymdan oshuvchi dunyodagi birinchi 5G-smartfon – Honor X10 Max modelining onlayn taqdimotini o‘tkazdi. Aniqrog‘i – uning ekrani 7,09 dyuymlik bo‘lib, o‘zgacha – RGBW matritsasi qo‘llangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu tur displey IPS matritsalilariga nisbatan 70% ko‘proq yorqinlikni ta’minlaydi. Yana ko‘z uchun zararsiz – bu borada hatto «TÜV Rheinland low blue light certification» sertifikatiga ega. Shuningdek, mazkur ekran DCI-P3 rang qamrovini to‘liq qoplab oladi va HDR10 formatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon qalinligi 8,3 millimetrga teng bo‘lsa-da, ichida sig‘imdor – 5000 mA/soatlik kkumulyator o‘rnatilgan (22,5 vattlik tezkor quvvatlanadi). Korpusning o‘ng qirrasiga barmoq izi skaneri o‘rnatilgan.

Honor X10 Max stereofonik dinamiklarga ega: bittasi korpusning yuqori, ikkinchisi esa pastki qirrasida joylashgan. Smartfon kengaytirilgan funksionalga ega bo‘lgan NFC moduli bilan ta’minlangan – uni avtomobil kaliti sifatida qo‘llash mumkin. Apparat ta’minotining asosini MediaTek Dimensity 800 platformasi tashkil qiladi.

Qurilmaning qo‘shaloq bosh kamerasi 48 va 2 megapiksellik datchiklarni o‘z ichiga olgan; ammo Honor noan’anaviy tarzda yondashgan – bulardan ikkinchisi sahna chuqurligini aniqlash uchun emas, balki makros’yomka uchun qo‘llanadi. Selfilar uchun esa ekranning tomchisimon kemtigiga 8 megapiksellik old kamera o‘rnatilgan.

Smartfonning bazaviy – 6/64 gigabaytlik tezkor/doimiy xotirali varianti 270 AQSh dollariga baholangan. O‘rtacha konfiguratsiyadagi – 6/125 gigabaytligi uchun 300 dollarlik narx belgilangan bo‘lsa, 8/128 gigabaytligi uchun 355 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi. Honor X10 Max savdosi Xitoyda ertaga – 3 iyundan boshlanadi, uning boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: DxOMark eng zo‘r kamerofon, selfifon va audiosmartfonlarni e’lon qildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!