Atigi 35 daqiqada to‘liq quvvatlanuvchi, AMOLED-ekran va Snapdragon 865 chipli o‘yinbop smartfon chiqdi!

  •   DiMaX
  •  1264
  •  25.05.2020 16:06

Atigi 35 daqiqada to‘liq quvvatlanuvchi, AMOLED-ekran va Snapdragon 865 chipli o‘yinbop smartfon chiqdi!

Oppo korporatsiyasining RealMe brendi bugun birdaniga sakkizta devays taqdim etayotgani haqida yozganmiz. Narxiga nisbatan imkoniyatlari keng Realme Watch aqlli soati namoyishi izidan Realme X50 Pro Player Edition smartfoni taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

O‘QING: Eng arzon 5G-flagman endi Realme X50m emas – Redmi K30 5G narxi naq 55 dollarga pasaydi!

Realme X50 Pro Player Edition eng kuchli Android-protsessor – Snapdragon 865 bazasiga qurilgan. Shuningdek, unda samarador – LPDDR5 turidagi tezkor va UFS 3.0 toifali doimiy xotira chiplari qo‘llangan.

Flagmanning AMOLED-ekrani diagonaliga 6,44 dyuymlik bo‘lib, tasvir uzatishi FullHD+ formatida, kadr yangilanish chastotasi esa 90 gersga teng.

Oppo bu smartfonini geymerlarga mo‘ljallagani nomidan ham ma’lum; shu boisdan uni o‘yinlarda resurslardan intellektual tarzda foydalanuvchi HyperBoost 3.0 texnologiyasi bilan ta’minlagan.

Realme X50 Pro Player Edition akkumulyatorining tok sig‘imi 4200 mA/soatga teng va u 65 vattlik SuperDart texnologiyasi bo‘yicha tezkor quvvat oladi. Batareyasining noldan boshlab 100 foizgacha to‘lishiga atigi 35 daqiqa kifoya qiladi; bu smartfon bir soat ishlatishga yetadigan quvvatni bor-yo‘g‘i 3 daqiqada olib ulguradi!

Yana bir muhim jihati – mazkur telefon Wi-Fi tarmog‘idan mobil (LTE yoki 5G) tarmoqqa va aksincha yo‘nalishda o‘tishda umuman uzilish bo‘lmaydi – buning qadrini geymerlar juda yaxshi bilishadi. Qizib ketmasligi uchun uning akkumulyatori va orqa paneli orasiga grafit qatlami qo‘yishgan.

O‘QING: Lenovo Legion – «barcha ko‘zlari belida» joylashgan ilk smartfon! (+rasmiy suratlar va video)

Realme X50 Pro Player Edition bosh kamerasida asosiy datchik 48 megapiksellik Sony IMX586 sensori bo‘lib, u tasvirni optik barqarorlashtira oladi. 8 MPlik ikkinchi sensor esa keng burchakli (f/2.4, 119°) ob’yektiv bilan ta’minlangan. Bosh kamera jamlanmasida yana har biri 2 megapiksellik makroob’yektiv va chuqurlik datchigi mavjud. Selfi uchun qo‘shaloq – 16 MPlik asosiy hamda 2 MPlik chuqurlik sensori qo‘llangan.

Oppo ushbu geymerofonini 1 iyundan ikki xil – Light Speed Silver hamda Phantom Black rangli korpuslarda sotuvga chiqaradi. Uning tezkor/ichki xotirasi 6/128 gigabaytlik variantiga 380 dollar narx belgilangan, 8/128 gigabaytligi 420 dollar turadi, 12/128 gigabaytligi uchun esa 460 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Barcha smartfonlar uchun Forza Street chiqdi, lekin Samsung’chilarga alohida imtiyozlar bor! (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!