AVTOTEST — yangicha uslubda ishlaydigan yangi maktab

AVTOTEST — yangicha uslubda ishlaydigan yangi maktab

Yaqinda ishga tushgan AVTOTEST innovatsion avtomaktabining ochilishi internetda ancha shov-shuv bilan tilga olindi. Yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan o‘quv yurti yo‘l qoidalarini va haydash amaliyotini yaxshi biladigan haydovchilarni yangicha usul bilan yetishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini aytadi. Biz ushbu kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zimizni va o‘quvchilarimizni qiziqtirgan savollarga javob topishga harakat qidik.

Bu yerda dars o‘tish metodikasining o‘zgachaligi an’anaviy o‘qish haqidagi tasavvurlarni tubdan o‘zgartiradi. Bunga qanday erishildi? AVTOTEST oldiga qanday maqsadlar qo‘ygan? Carzone.Uz sayti bilan hamkorlikda kompaniya ijrochi direktori Baxtiyor Inog‘omov bilan shu haqda suhbatlashdik.


– Mazkur avtomaktabning ochilishiga nima turtki bo‘ldi?

– Bizning tashkilotimiz 2012 yilda tashkil topgan. Birinchi loyihamiz – AVTOTEST-1 elektron o‘quv dasturi avtomaktablar o‘quvchilari uchun yaratilgan. Shuningdek, IIV YHXBB imtihon olish bo‘linmalarida ham ushbu test savollari asosida bo‘lajak haydovchilarni sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur dasturda yo‘l harakati qoidalariga oid 700 ta animatsion test savollari o‘rin olgan va u 2013 yil noyabr oyidan respublikadagi barcha avtomaktablarga yetkazib berila boshlangan. Keyinchalik avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv dasturi asosida yo‘l harakati qoidalari, avtotransportning tuzilishi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, xavfsiz boshqaruv va birinchi tibbiy yordam fanlarini qamrab olgan va 3D formatidagi animatsion roliklardan iborat AVTOTEST 2.0 yaratildi. Disklar har bir o‘quvchiga mulk sifatida beriladi va undan istagan vaqtda foydalanishi mumkin. Kompaniyamiz tomonidan soha rivoji yo‘lida olib borilgan ishlar ko‘lami hisobga olinib, bizga haydovchilarni tayyorlash huquqi berildi.

Назарий машғулотлар ўтиладиган хона

Bizga qo‘yilgan asosiy maqsad, oddiy avtomaktab bo‘lib qolish emas, balki shu sohaga yangi nafas olib kirish, jahon standartlariga mos so‘nggi texnologiyalarni olib kirish, namunaviy avtomaktab tashkil qilishdir. Shu yilning 30 aprelida e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasining 106-sonli qarori asosida “AVTOTEST” avtomaktabini tashkil qilish ishlari boshlab yuborildi. Qariyb to‘rt oy mobaynida olib borilgan amaliy ishlar natijasida dastlab Shayxontohur tumani Navoiy ko‘chasida 1-filial, keyinchalik Chilonzor tumanida 2-filial ishga tushdi. Toshkent shahridagi bosh bino esa Sirg‘ali tumanida qad rostlamoqda. U yerda ham yengil, ham yuk avtomobillariga moslashtirilgan avtodromlarimiz ham quriladi. O‘quvchilar bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishlari uchun esa qulay shart-sharoitlar yaratilib, dam olish maskanlari ham barpo qilinadi. Qisqa qilib aytganda zamonaviy avtoshaharcha bo‘ladi.

– Avtomaktabni tashkil qilishda qanday qiyinchiliklar bo‘ldi?

– Avtomaktab faoliyati ham qiyin va mas’uliyatli. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, sohaga doir qo‘lanmalar, o‘quv dasturlar ham son va ham sifat jihatidan yetarli emas. Eski nashrlar, qaysidir qismlarga bag‘ishlangan ma’lum yo‘nalish bo‘yicha qo‘llanmalar endi kor bermasdi. Shu bois AVTOTEST avtomaktablar uchun yaxlit darslik ham yaratdi. Avtomaktabimizni yaxshi holatga keltirishga harakat qildik. O‘sha video-darslik yaratildi. Uning uchun ham salkam bir yil mutaxassislarimiz tinimsiz mehnat qilishdi.

Дарс пайти

– Agar o‘sha video-darslikni vebsaytlaringga joylashtirsalaring, undan boshqa haydovchilar ham bilim va ko‘nikmalarini takrorlab, mustahkamlab turarmidi?

– Avvalo, texnik holatlari to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Sayt katta hajmdagi ma’lumotni ko‘tara olmaydi. Shu sabab biz uyali telefonlar uchun elektron shaklini yaratishni rejalashtirganmiz.

– Sizlarning avtomaktabingiz boshqa avtomaktablardan farqi nimada?

– Biz avtomaktabimizda imkon qadar inson resurslarini kamaytirishga harakat qilamiz, o‘quv-diskini olgandan keyin o‘quvchi 10-15 yil keyin ham bilimini qaytarib turishi mumkin. Sodda tilda o‘z bilimini o‘zi bilan birga olib ketishi mumkin. Bizni avtomaktabni tashkil qilishdan avval yuqorida ta’kidlaganimdek, kuchli mutaxassislarni chaqirdik, ikki guruh tinmay ishladi; metodistlar va texnik xodimlar. Bugungi yoshlar psixologiyasi tubdan o‘rganildi. Psixologlar bugungi yoshlar qiziqishi va dunyoqarashini kichik detallarigacha o‘rganishdi. Nima qilsak yoshlar darslarga katta qiziqish bilan keladi va mashg‘ulotlarni yaxshi o‘zlashtiradi, darsdan ketib qolmaydi, ularni majburlab olib o‘tirmaymiz, qaysi interaktiv dars uslublarini qo‘llash mumkin? Xullas, hammasi o‘rganib chiqildi. O‘quv dars metodikasi ishlab chiqildi. Kimdir kelmay, yoki darsda uxlab, bilganini qilib o‘tirishi kerak emas, diqqat bilan darsni tinglashi va haydovchilik guvohnomasini o‘z bilim va ko‘nikmalari evaziga olishi kerak. Bugun asosiy avtohalokatlar yoshlar, tajribasiz haydovchilar ishtirokida yuz bermoqda. Agar biz chuqur bilim bersak, ertaga professional haydovchilar yetishib chiqadi. Dars metodikasi har xil qiziqarli o‘yinlar, debatlar-u, konkurslarni qamrab olgan. Bu o‘quvchilarda qiziqishni yanada oshiradi. Texnik tomondan zamonaviy uskunalardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. O‘qituvchilarimiz ham saralanib olingan. Yaqinda borib avtomaktabimizdagi dars jarayonini kuzatdim; bir xonada hamma o‘quvchilar jim, darsni diqqat bilan tinglab o‘tirishibdi. Bir xonada debat…

Машғулотларда фойдаланиладиган макет

Avtomaktabga kirish magnit kartalari orqali amalga oshadi. Har bir o‘quvchi shaxsiy raqamli ID karta oladi, u «Intranet» tizimiga kirish uchun login hisoblanadi. Kabinetlar maxsus skanerlar bilan jihozlangan. Skanerlar avtomaktabga kelish-ketish vaqtlarini hisoblaydi va ma’lumotlarni real vaqt rejimida markaziy maktabga yuborib turadi. Interaktiv uslubning asosini texnologik xarita tashkil etadi. Maxsus texnologik xaritalar nazariy mashg‘ulotlarga ajratilgan vaqtning maksimal darajada ta’sirli va ratsional taqsimlashga qaratilgan. Bu esa har bir dars bosqichlarga bo‘linib har daqiqada o‘qituvchi o‘quvchiga nima o‘rgatishi, qanday pedagogik texnologiyalar qo‘llashi va qanday tarqatma materiallarni berishi oldindan belgilab qo‘yilishini ta’minlaydi. Masalan, kompyuterlashtirilgan o‘qitish uslublariga qo‘shimcha sifatida quyidagi dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan:

«Sen yo‘l belgilarini bilasanmi?», deb nomlangan kompyuter o‘yini. Ushbu o‘yin o‘quvchi yo‘l belgilarini xotirasida saqlab qolishi uchun ishlab chiqilgan. Bu o‘yin bir necha rejimda ishlaydi: o‘qitish, mashg‘ulot qilish, imtihon, bellashuv. Shu bilan birga «Psixologiya bo‘yicha virtual laboratoriya» — ushbu dastur miya faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini yaxshilashga qaratilgan mashg‘ulotlar, testlar va metodikalarning yig‘indisi bo‘lib u shakllar, maydon va ranglarni farqlay olish qobiliyatini yaxshilaydi. Barcha talabalar avtomobil boshqarishni zamonaviy simulyatorlarda o‘rganadi. Simulyatorlarda ishonchli boshqara boshlaganlaridan so‘ng, ular haqiqiy avtomobilni boshqarishi mumkin bo‘ladi. AVTOTEST avtomobillari GPS navigatorlari va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. O‘quvchilarning barcha harakatlarini avtomatlashtirilgan tizim qayd qilib boradi, bunda talabalarning mashina boshqarish malakasi ob’ektiv baholanadi. Maktabda kuzatuv kameralari mavjud. Har bir talabaning shaxsiy kabinetida davomat, o‘quvchining o‘zlashtirishi, mashg‘ulotlar jadvali haqida ma’lumotlar aks etadi. Agar sabasiz 40 soat dars qoldirsa, maktabdan ketishga to‘g‘ri keladi.

Ўқув автомобиллари

– To‘lov qaytariladimi?

– Yo‘q, albatta. Boshida o‘quvchi bilan shartnoma tuziladi. Agar shartnoma shartlari biror uzrli sababsiz buzilsa, o‘quvchi bilan xayrlashishga majburmiz. Yana o‘qituvchilar ham qattiq nazorat qilinadi. Intranet tizimi orqali o‘quvchilar o‘z shaxsiy kabinetida o‘qituvchini baholab boradi. Shu sabab o‘qituvchilar ham doimiy o‘z ustida ishlashi kerak.

Avtomaktab guvohnomasi xorijda o‘tadimi?

– Yo‘q. Har bir mamlakatda o‘z sharoitidan kelib chiqib ma’lum yo‘l harakati qoidalari joriy qilingan. Masalan, Germaniyada o‘z yo‘llariga mos xavfsizlik qoidalarini o‘qitib, so‘ng guvohnoma beradi. Ba’zi Arab davlatlarida esa yo‘l harakati xavfsizligi testini muvaffaqiyatli topshirsangiz, bir kunda o‘sha davlat haydovchilik guvohnomasini berishadi. Har bir davlatning o‘z talablari bor.

Ҳайдаш бўйича дастлабки амалиёт ўқув хонасида ўтади.

– Bitta filialda qancha o‘quvchi o‘qiydi?

– Har bir filialimizda uch smenada, uchtadan guruh o‘qishi mumkin. Har bir guruhda standart asosida 25 ta o‘quvchi o‘qiydi.

– Kelajakda avtomaktabning rejalari qanday?

– Kelajakda Toshkent shahrining boshqa tumanlari va viloyat markazlarida ham avtomaktablar tashkil qilamiz. Chunki AVTOTESTga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Biz har bir hududdagi mijozlarimizga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni istaymiz.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.