Axon 30 5G chiqdi: umuman ko‘rinmas selfi-kamerali smartfon 340 dollardan!

  •   DiMaX
  •  667
  •  28.07.2021 12:42

Axon 30 5G chiqdi: umuman ko‘rinmas selfi-kamerali smartfon 340 dollardan!

ZTE kompaniyasi bultur dunyodagi birinchi ekranosti kamerali smartfon – Axon 20 5G modelini taqdim etgan edi. Bu yil aprelda esa u «2021 yilning eng kuchli kamerasiga ega» Axon 30 Ultra hamda Axon 30 Pro smartfonlarini chiqargan.

O‘QING: ZTE bu flagmani bilan Xiaomi Mi 11 Ultra’ning «burnini yerga ishqalamoqchi»!

Kompaniya endi yanada takomillashgan displeyosti kamerali ZTE Axon 30 5G (yoki ZTE Axon 30) smartfonini ham namoyish qildi. «Ajdod»idan farqli ravishda, unda old kamera ekranda umuman ko‘rinmaydi va unda suratga olish sifati ham ancha yuqori.

Bunga esa Visionox kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan OLED-displey sharofati bilan erishilgan: u 16 megapiksellik kamerani yaxshi yashirish bilan birga, suratga olish jarayonida yorug‘likni yaxshi o‘tkazadi ham. Ekranning o‘lchami diagonaliga 6,92 dyuym, tasvir aniqligi 2460x1080 piksellik, kadr yangilanish chastotasi esa 120 gersga teng.

Axon 30 5G modelining «elektron yuragi» tarzida Snapdragon 870 platformasi tanlangan. ZTE bu telefonini UFS3.1 standartidagi doimiy xotira chipi, NFC moduli hamda tezkor xotirani kengaytiruvchi Memory Fusion Technology texnologiyasi bilan ta’minlagan.

O‘QING: «Ko‘rinmas» selfi-kamerali smartfon o‘zini oqlamadi

Axon 30 5G akkumulyatorining tok sig‘imi 4200 mA/soatga, uning maksimal zaryadlanish tezkorligi esa 55 vattga teng. Yangi smartfonning bosh kamerasi to‘rttalik: 64 megapiksellik Sony IMX682 sensori, 8 MPlik keng burchakli kamera, 5 MPlik makromodul hamda 2 MPlik sahna chuqurligi datchigi.

ZTE Axon 30 5G korpusi 189 gramm tosh bosadi, qalinligi esa 7,8 millimetrgi teng. Kompaniya uni Android 11 operatsion tizim ustiga qurilgan MyOS 11 grafik interfeysi bilan chiqargan.

Smartfon tezkor/doimiy xotira konfiguratsiyasigi ko‘ra to‘rt xil variantda chiqarilgan va quyidagicha narxlagan: 6/128 GBligi – 340 dollar, 8/128 GBligi – 385 dollar, 8/256 GBligi – 430 dollar, 12/256 GBligi – 475 dollar. Axon 30 5G savdolari Xitoyda 3 avgustdan boshlanadi, ZTE uni keyinroq jahon bozoriga ham chiqarishini e’lon qilgan.

O‘QING: Yashirin selfi kamerali smartfonda olingan rasmlar e’lon qilindi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!