Ayfonlarda simsiz tezkor quvvatlanish faollashtirildi

Ayfonlarda simsiz tezkor quvvatlanish faollashtirildi

iOS mobil operatsion tizimining "11.2" raqamli yangilanishidan so‘ng iPhone 8, 8 Plus hamda iPhone X flagmanlarini simsiz, 7,5 Vt quvvati bilan zaryadlash mumkin bo‘ldi.

RAVpower kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, iPhone 8, 8 Plus hamda iPhone X smartfonlari iOS 11.2 tizimida tezkor quvvat olish imkoniyatlariga ega bo‘lishdi. Bunga smartfonlarning tok quvvatini 5 Vt.dan 7,5 Vt.ga ko‘tarish orqali erishilgan. Kelajakda bu quvvat chegarasi yanada ko‘tarlishi mumkin. Boisi, gadjetlarni simsiz quvvatlashga mo‘ljallangan Qi 1.2 texnologiyasida smartfonlarni 15 Vt.gacha bo‘lgan kuchlanishda quvvatlash mumkin.

O‘qingKelasi yili 6,5 dyuymlik iPhone X Plus chiqadi

MacRumors nashri mutaxassislari 2716 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyator o‘rnatilgan iPhone X flagmanini Belkin simsiz quvvatlash stansiyasi yordamida tezkor quvvatlab ko‘rishdi. iOS 11.1.1 tizimida smartfon yarim soatda quvvatini 46 dan 60 foizgacha to‘ldirib oldi. iOS 11.2 yangilanishidan keyin iPhone 8, 8 Plus hamda iPhone X'ning simsiz tezkor quvvat olish salohiyati yanada ko‘tarildi. iOS 11.2 tizimida esa iPhone X 30 daqiqa ichida quvvatini 46 dan 66 foizgacha to‘ldirgan. Quvvatlash jarayonida flagmanda "aviarejim" yoqilmagan bo‘lgan.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Samsung’ning Note 8 flagmanida elektr toki sig‘imi 3,300 mA soat bo‘lgan akkumulyator o‘rnatilgan. Bu batareyani simsiz usulda tezkor to‘ldirish uchun 155 minut kerak bo‘ladi.

2018 yilda esa Apple o‘zining AirPower deb nom olgan simsiz quvvatlash stansiyasini sotuvga chiqaradi. Unda bir vaqtning o‘zida 3 ta qurilmani simsiz va tezkor zaryadlash mumkin bo‘ladi. Ekspertlarning fikricha, bu qurilma ayfonlarni yanada tezkor usulda simsiz quvvatlash imkonini beradi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!