Aylanma uchtalik kamerali Zenfone 7 hamda Zenfone 7 Pro flagmanlari chiqdi! (+video)

  •   DiMaX
  •  1125
  •  27.08.2020 11:07

Aylanma uchtalik kamerali Zenfone 7 hamda Zenfone 7 Pro flagmanlari chiqdi! (+video)

Samsung bultur kamera blogi korpusdan yuqoriga chiqib selfi oluvchi Galaxy A80 smartfonini taqdim etgan edi. JerryRigEverything kanali muallifi – «qurilmalarni qiynovchi» Zak Nelson uni eng chiroyli smartfon, deb atagan. Endi esa ASUS kompaniyasi shunga sal o‘xshab ketuvchi smartfonlarini taqdim etdi – ularda selfi tushirish uchun uch modulli bosh kameraning o‘zi aylanib yuqoriga chiqadi.

O‘QING: Eng original – aylanma ekranli LG Wing smartfonini ilk «jonli» videoda ko‘ramiz!

Yangi turkumga ikkita – standart Zenfone 7 hamda yanada ilg‘or Zenfone 7 Pro modellari kirgan. Xuddi oldingi avlod – ZenFone 6 smartfonida bo‘lgani kabi, ularda ham aylanma kamera qo‘llangan.

Yangi juftlikning ikkalasida ham kamera jamlanmasida datchiklar bir xil: 64 megapiksellik Sony IMX686 (f/1.8); 12 megapiksellik keng burchakli (113 darajali) kamera (f/2.2) hamda 8 megapiksellik telefoto moduli (3 karra optik va 12 karra raqamli zum). Farqi shundaki, Zenfone 7 Pro kamerasidagi asosiy datchik va «televik» optik barqarorlashtirish tizimiga ega, standart Zenfone 7 modelida esa bu imkoniyat yo‘q.

ASUS’ning ta’kidlashicha, aylanma kamera 35 kilogrammgacha yukni ko‘tara oladi va 200 000 sikl aylanishga bardosh beradi. Bundan tashqari, mazkur mexanizmning motorchasi ZenFone 6’nikiga nisbatan 40 foizga kichikroq, lekin ikki karra kuchliroq.

Zenfone 7 hamda uning Pro-versiyasi deyarli bir xil, ularning o‘zaro farqi (kameradagi optik barqarorlashtirishdan tashqari) apparat ta’minotining asosidadir. Standart modelida Snapdragon 865 protsessori, 6/8 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik doimiy xotira qo‘llangan bo‘lsa, Zenfone 7 Pro flagmani eng zo‘r – Snapdragon 865+ chipsetiga hamda 8/256 gigabaytlik tezkor/ichki xotiraga ega.

Ularning boshqa jihatlari bir xil: 6,67 dyuymlik AMOLED-displeyda tasvir aniqligi 2400x1080 piksellik. HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi ekranning yangilanish chastotasi 90 gerslik bo‘lsa, sensor qatlaminiki 200 gerslik.

Zenfone 7 hamda Pro-versiyasi shisha korpusga ega, barmoq izi skaneri yon qirraga o‘rnatilgan. Smartfonlarning 5000 mA/soatlik akkumulyatori 30 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvat oladi. Har ikkala modelni ham stereodinamiklar va NFC chipi bilan ta’minlashgan.

O‘QING: Atigi 100 dollarlik shu yangi smartfonning daktiloskopi qayerida, deb o‘ylaysiz?

Quyida Zenfone 7 hamda uning Pro-versiyasi uchun tayyorlangan maxsus videolavhani tomosha qilamiz:

ASUS hozircha yangi flagmanlarning faqat Tayvandagi narxlarini e’lon qilgan: tezkor xotirasi 8 GBlik Zenfone 7 uchun kompaniya 600 yevro so‘rayapti; Zenfone 7 Pro flagmani esa 800 yevroga baholangan. Bu ikkala smartfonning global taqdimoti keyinroq bo‘lib o‘tadi va o‘shanda ularning jahon bozoridagi narxlarini ham aytishadi.

Darvoqe, ASUS bu flagmanlarning g‘ayrioddiy form-faktorini hisobga olib, qadog‘iga maxsus g‘ilof ham qo‘shib beryapti.

O‘QING: Asus ROG Phone 3 chiqdi: bosh raqibidan ikki karra qimmat, lekin shunga yarasha zo‘r-da! (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!