Bankomatdan pul o‘g‘irlash dasturi sotuvga chiqdi!

  •   DiMaX
  •  3393
  •  20.10.2017 11:11

Bankomatdan pul o‘g‘irlash dasturi sotuvga chiqdi!

«Kasperskiy laboratoriyasmutaxassislari bankomatlardan osongina pul o‘g‘irlash imkonini beruvchi dasturiy ta’minot internetda sotilayotganini aniqlashdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lumot berilmoqda.

Yo‘riqnoma bo‘yicha o‘marish

Cutlet Maker deb ataluvchi bu ziyonkor dastur yordamida bankomatdan pul o‘marish uchun uning USB-portiga ulanish kifoya. Uning yaratuvchilari nafaqat tayyor dasturiy jihozlar to‘plamini, balki uni qanday qo‘llash qadam-baqadam tushuntirilgan videoqo‘llanmani ham taqdim etishadi.

Darvoqe, o‘g‘irlikka o‘rgatuvchi va yordam beruvchi bu to‘plamning narxi ham «chakki emas» – «atigi» 5000 AQSh dollari!

Qanday o‘g‘irlashadi?

Cutlet Maker to‘plamini sotib olgan g‘araz niyatli kishi, bankomatdan pul olish uchun usta jinoyatchi bo‘lishi ham, yaxshi xaker bo‘lishi ham shart emas.

Ushbu tasturiy ta’minot uchta narsani o‘z ichiga oladi: Cutlet Maker dasturi, c0decalc utilitasi va Stimulator ilovasi. Bulardan birinchisi – eng asosiysidir: u bankomat tizimiga kirishni amalga oshiradi. Ikkinchisi esa, birinchisidan foydalanish uchun kerak bo‘ladigan ilova bo‘lib, avtorizatsiyadan o‘tmagan (ya’ni, pulini to‘lamagan) holda Cutlet Maker’ni ishlatishning oldini oladi. Uchinchisi bo‘lsa bankomat ichidagi kassetalarning har birida qanday nominaldagi va qancha miqdordagi banknotalar borligini aks ettiradi – jinoyatchi ortiqcha vaqt sarflamasdan, eng keraklisini, eng puli ko‘pini chiqarib olaveradi.

Shu tariqa, jinoyatchi dasturiy ta’minot solingan fleshkani bankomat USB-portiga ulaydi va uning yuqorida sanalgan qismlarini ketma-ket ishga tushiradi. Bunda qiyinchilik tug‘ilmasligi uchun, Cutlet Maker yaratuvchilari o‘z mahsulotiga videoqo‘llanmani ham ilova qilishgan.

Cutlet Maker qayerdan paydo bo‘lgan?

Mutaxassislarning aniqlashicha, ushbu dasturiy ta’minot internetga Ukraina hududidan turib yuklangan. Keyinchalik uni boshqa mamlakatlar hududlaridan ham ko‘chirib olishgan.

Shuningdek, Cutlet Maker dasturi mualliflari ingliz tilini yaxshi bilishmaydi. Hatto uning nomi ham bunga ishora qilyapti – ko‘cha tilida bir dasta pulni anglatuvchi «kotlet» so‘zidan olingan.

Cutlet Maker internetda 2017 yilning 27 martidan sotuvga chiqqan. Biroq «Kasperskiy laboratoriyasi» mutaxassislarining aniqlashlaricha, bu dasturiy ta’minotning eng oldingi namunalari 2016 yilning yuyun oylarida ham mavjud bo‘lgan.

Sotib olsa bo‘ladimi?

Aytish kerakki, tegishli xavfsizlik idoralari tomonidan mazkur dasturiy ta’minot savdosiga chek qo‘yilgan. Umuman, «Terabayt.Uz» sayti bu kabi noqonuniy yo‘llar bilan pul topishga urinmaslikni tavsiya etadi, aks holda, mana bu xabarimizda ko‘rsatilgan Click bilan qiliq qilgan hisobchi holiga tushish hech gapmas.

Qiziquvchilar Cutlet Maker haqidagi batafsil ma’lumotni ushbu havola orqali «Kasperskiy laboratoriyasi» hisobotidan olishlari mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!