Barcha davrlarning eng nufuzli 10 ta telefoni bilan tanishamiz

Barcha davrlarning eng nufuzli 10 ta telefoni bilan tanishamiz

Motorola muhandislari Martin Kuper va Jon F. Mitchell 1973 yil 3 aprelda amalga oshirgan ixtirolari — mobil telefon insoniyat hayotiga qanchalar ta’sir o‘tkazishini tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak. Birinchi mobil telefon bo‘lgan Motorola DynaTAC o‘ta og‘ir va 4,000 dollar narxga ega qo‘pol qurilma edi. DynaTAC insoniyatga mobil telefon tushunchasini tanishtirgan bo‘lsa, biz hozir cho‘ntagimizda olib yuradigan telefonlar yillar o‘tishi bilan kichikroq va hamyonboproq bo‘lib borishi bilan ommalashib bordi.

O‘QING: Egasiga juda uzoq xizmat qilgan 5 ta afsonaviy smartfon. Siz ham ularni ishlatganmisiz?

Xo‘sh, telefon nimasi bilan nufuzli bo‘ladi? Sotuvlar hajmi bilan emas, albatta. Nufuzli bo‘lishi uchun telefon yangi funksiya yoki butunlay o‘zgacha bir jihatga ega bo‘lishi kerak. O‘zidan keyingi avlod telefonlariga katta ta’sir o‘tkazishi kerak. Quyida keltirilgan 10 ta telefonni insoniyat hozirgacha ko‘rgan eng nufuzli telefonlar deb hisoblash mumkin.

1. Motorola StarTAC (1996)

1,000 dollar narxga ega bo‘lgan Motorola StarTAC chiqarilishi bilanoq katta muvaffaqiyat keltirgan. Mazkur qurilma ilk raskladushka telefon bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab jami 60 million dona sotilgan. Raskladushka sabab telefon kino olamida ham ommalashdi — 90-yillar oxiridagi ko‘plab kino va tele-shoularda ushbu telefon ko‘rinish bergan.

StarTAC yillar davomida bir necha turli model ko‘rinishida sotilgan va SMS jo‘natish, vibratsiyali ogohlantirish hamda almashtirsa bo‘ladigan akkumulyatorga ega bo‘lgan. Qurilma o‘z davri uchun juda kichik o‘lchamli bo‘lgan va atigi 88 gramm tosh bosgan. O‘sha davrlarda 1,000 dollarni katta pul deb hisoblamaganlar uchun StarTAC eng maqbul telefon bo‘lgan. StarTAC raskladushkali telefonlar olamida muhim o‘rin kasb etgan.

2. Nokia 9000 Communicator (1996)

Nokia 9000 Communicator o‘z zamonidan oldindagi telefon edi va shubhasiz bizning ro‘yxatdan o‘rin egalladi. Funksiyalari borasida mazkur qurilmani zamonaviy smartfonlarning ajdodi deyish mumkin, lekin forma faktori borasida bunday deb bo‘lmaydi, boisi Nokia 9000 Communicator yon tomonga suriluvchi raskladushka model bo‘lgan. Telefon kichik leptop va ma’lumot uzatish modemi uyg‘unligi bo‘lib, asosan, biznesmenlar uchun mo‘ljallangan.

Telefonning asosiy jihatlari qatoriga 24MHz Intel CPU hamda ilovalar va foydalanuvchi ma’lumotlarini saqlash uchun 8MB xotirani kiritish mumkin. Nokia 9000 Communicator, shuningdek, to‘liq o‘lchamli QWERTY klaviaturasi va 640x200 displeyi bilan ham maqtana olgan. Qurilmaning old tomoni to‘liq funksional telefon bo‘lgan bo‘lsa, korpus ostida email jo‘natish va qabul qilish, internetga kirish va ilovalar ishlatish imkonini bergan aqlli platforma joylashgan. Telefon og‘irligi 397 gramm bo‘lgan.

Sotuvga chiqqan payti telefon 1,000 dollar narxga ega edi. Mazkur modeldan keyin yana bir necha shunga o‘xshash telefonlar chiqarilgan. Nokia 9000 Communicator 2005 yillar atrofida ommabop bo‘lgan ilg‘or xabarlashuv telefonlarining etaloni bo‘lib xizmat qilgan.

3. Nokia 3310 (2000)

Nokia 3310 ikki jihati bilan ajralib turgan: a) afsonaviy darajada chidamlilik; b) hozirgi tezkor messenjerlar kabi xabarlashuv funksiyasi bilan. 3310 modeli shundoq ham ommabop bo‘lgan Nokia 3210'ning yangilangan talqini edi. Biroq qurilma ko‘p jihatlarni bir qadam oldinga olib chiqdi.

Telefonda oddiy 160 ta belgi bilan chegaralangan SMS'dagidan ko‘ra uzunroq xabarlar jo‘natish uchun maxsus chat ilovasi bor edi. Bu esa telefonni chat ishqibozlari orasida rosa ommalashtirgan.

Nokia o‘zining 3310 telefonini maxsus himoyalangan telefon sifatida reklama qilmagan bo‘lsa-da, aslida shundayligiga shubha yo‘q. Telefonning tashqi plastik korpusi har qanday zarbaga bardosh bera olardi. Nokia 3310 uchun, shuningdek, Xpress chexollar ham chiqarilgan bo‘lib, ular yordamida foydalanuvchilar telefon rangi va bezaklarini o‘zlariga moslashtirishi mumkin bo‘lgan.

Nokia, bundan tashqari, boshqa yoqimli funksiyalar, masalan, eslatmalar ilovasi, sekundomer, kalkulyator va Snake kabi bir necha o‘yinlarni ham telefonga o‘rnatgan.

Global sotuvlari 126 million bo‘lgan 3310 modeli 160 million dona sotilgan 3210'dek tijoriy muvaffaqiyat keltirmagan bo‘lsa-da, nufuzli telefon sifatida tarixda qolgan.

4. Palm/Handspring Treo 180 (2002)

Ba’zilar Treo lineykasidagi qaysi model eng ahamiyatli ekani borasida bahslashishi mumkin, biroq aynan Treo 180 modeli ovozli qo‘ng‘iroq imkoniyatlari va raqamli shaxsiy assistentni bitta qurilmaga birlashtirgan. Buning o‘zi Palm va Handspring kompaniyalari uchun ilk katta qadam edi.

Ushbu o‘ziga xos apparat monoxrom, rezistiv tachskrin va QWERTY klaviaturasi, shuningdek, ekranni qoplab turgan tepaga ochiluvchi, qo‘ng‘iroq payti ikkilamchi karnay vazifasini bajaradigan qopqoqqa ham ega edi. Boshqa jihatlar qatoriga 16MB xotira va 33MHz Dragonball protsessori kirgan. Aynan mana shu telefon 2000 yillarda biznesmenlar orasida ommalashgan keyingi avlod Treo qurilmalari, jumladan, Treo 600 va 650 yaralishi uchun zamin bo‘lib xizmat qilgan.

5. Motorola RAZR (2004)

Motorola RAZR ko‘pchilik xarid qilishni xohlagan telefon bo‘lgan va bu bilan qurilma bizning ro‘yxatdan mustahkam o‘rin egalladi. Telefon raskladushkali forma faktori, nafis chiziqlar va metall korpusga ega bo‘lgan. RAZR 400 dollardan sotilgan.

Telefonni eng muhim moda telefonlaridan deyish mumkin. Qurilma 130 million dona sotilgan. Mashhurlar orasida va Gollivudda ommalashgan StarTAC singari RAZR ham keyinchalik yana bir necha talqinda qayta chiqarilgan. RAZR o‘z davri ikonkasi esa. Motorola’dagilar o‘tgan yili RAZR telefonining yangicha — buklama smartfon talqinini namoyish qildi.

O‘QING: Eng kuchli akkumulyatorga ega 10 smartfon

6. BlackBerry Curve (2007)

Palm'ning Treo lineykasi kabi, eng nufuzli BlackBerry telefoni qaysi ekani haqida kuni bo‘yi bahslashish mumkin. Bizningcha, Curve eng muhim BlackBerry telefoni bo‘lgan. Boisi, mazkur qurilma bilan ona kompaniya Research In Motion (RIM) keng ommaga ilk bora yoqa boshlagan. Curve RIM uchun katta muvaffaqiyat olib kelgani sababli kompaniya mazkur modelni kelasi yillar davomida bir necha talqinda sotgan.

BlackBerry Curve ko‘pchilik ishlatgan ilk smartfon bo‘lgan.

Curve o‘sha paytda ommalashgan BlackBerry Pearl'ning trekboliga ega edi va oldingi BlackBerry'larga qaraganda foydalanishga qulay interfeys bilan ta’minlangan. Qurilma to‘liq QWERTY klaviaturasi va rangli ekran bilan jihozlangan. Qolgan texnik ko‘rsatkichlar qatoriga 312MHz protsessor, 64MB xotira, 16MB tezkor xotira va kamera kabilar kirgan. Ba’zi variantlarda hatto Wi-Fi yoki GPS ham bo‘lgan. Yuqorida aytilganidek, BlackBerry Curve ko‘pchilikning ilk smartfoni edi.

7. Apple iPhone (2007)

Ilk iPhone ehtimol hozirgacha taqdim qilingan eng nufuzli mobil qurilma bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, smartfon savdosi eng muvaffaqiyatli emasdi, qurilmaning apparat ta’minoti ham eng zo‘ri emasdi, lekin birinchi iPhone bitta qurilmada bir necha g‘oyalar muvaffaqiyat bilan jam qilingan ilk telefon bo‘lgan.

Apple kiritgan eng katta o‘zgarish to‘liq ekranli dizayn edi. To‘g‘ri, o‘sha davrda boshqa telefonlar ham katta ekranga ega edi, lekin ularning aksariyatida interfeys hali ham tugmachalar bilan boshqarilar edi. iPhone'da esa butunboshli interfeysni tachskinning o‘zi bilan nazorat qilish imkoni paydo bo‘lgan. Uy tugmasi faqat ilovalardan chiqish va bosh oynaga o‘tish vazifasini bajargan. Apple kiritgan yana bir katta o‘zgarish (deyarli) to‘liq quvvatli brauzer bo‘lgan. iPhone'dagi brauzer o‘sha paytdagi (veb-saytlardagi faqat matnnigina ochib beruvchi) boshqa telefonlarga qaraganda anchayin boy veb-brauzing amaliyotini taqdim etgan. iPhone, shuningdek, o‘sha davrda katta yangilik bo‘lgan iTunes Music Store bilan ham integrallashgan.

Birinchi iPhone qolgan iPhone'lar va App Store'ga tamal toshini qo‘yib berdi. Shu bilan, foydalanuvchilarning mobil ilovalarni ishlatish usuli butunlay o‘zgardi.

8. HTC Dream / T-Mobile G1 (2008)

Ilk Android smartfonni qanday sevmaslik mumkin? HTC Dream Dream (yoki T-Mobile G1) smartfoni bozor yuzini ko‘rgan ilk Android smartfon bo‘lgan. Lekin, afsuski, qurilma juda ham chalkashliklarga ko‘p edi.

Apparat ta’minoti sifati quyi darajada bo‘lib, ekran tepaga surilgan. QWERTY klaviaturasi tugmalari qattiq bo‘lgan, qurilmaning umumiy ishlashi ham barqaror emasdi. Shunday bo‘lsa-da, bundan ko‘p narsani o‘rgandik. Masalan, Android'ni root qilish mumkinligini ko‘pchilik bilib qoladi. Natijada, smartfon dasturchilar orasida juda ommalashadi.

Dream modeli HTC'ning eng yaxshi mahsuloti bo‘lmasligi mumkin, lekin qurilma HTC'ni ilk Android smartfon ishlab chiqargan kompaniya sifatida tarixga muhrlab, Android amaliyoti qanaqa bo‘lishini bizga ko‘rsatib berdi.

9. Google Nexus One (2010)

HTC ishlab chiqargan Nexus One qurilmasi Google buyurtmasi bilan tayyorlangan va 2010 yil boshlarida taqdim qilingan. Smartfon HTC interfeysiga ega bo‘lmagan sof Android tizimida ishlagan ilk qurilma bo‘lgan.

Google'ning Nexus One modeli boshqa bir necha jihatdan ham birinchi bo‘lgan. Google smartfonni mijozlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotgan, qurilmalar qulflangan bo‘lmagan va ularda istalgan SIM kartani ishlatish mumkin bo‘lgan. Mazkur model Google Store va Nexus (keyinchalik Pixel) lineykasi yaralashi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Android olamida ushbu smartfon juda nufuzli bo‘lgan.

10. Samsung Galaxy Note (2011)

Eng so‘nggi o‘rinda 2011 yil chiqarilgan original Samsung Galaxy Note smartfoni. Mazkur smartfon Samsung uchun katta qadam bo‘lgan. Kompaniya butunlay o‘zgacha yangilik qilib, katta ekran va stilusga ega smartfon g‘oyasini ommalashtirdi. Har yili Samsung yangi Note smartfonini ishlab chiqarib kelmoqda (afsus, bu yil yangi Note bo‘lmaydi). Note lineykasi koreyalik kompaniyaning dizayn, texnologiya va dasturiy ta’minot borasida erishgan eng so‘nggi muvaffaqiyatlarini o‘zida jamlaydi.

Note taqdim qilinganidan ko‘p o‘tmay, smartfonlar ekranining o‘rtacha hajmi kattalasha boshladi. Hatto Apple ham Note’lar yo‘lidan borib, iPhone 6 Plus'ni chiqargan. Samsung Galaxy Note katta ekranli smartfonlar davrini boshlab bergani bilan bizning ro‘yxatdan o‘rin egalladi.

Shunday qilib, barcha davrlarning eng nufuzli va ahamiyatli 10 ta telefoni bilan tanishib chiqdik. Bundan-da qiziqarli kontent uchun bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Samsung Galaxy S smartfonlari: eng yomonidan eng yaxshisigacha

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.