Barcha flagmanlar ringda: kimning batareyasi eng zo‘r?

  •   DiMaX
  •  3297
  •  03.10.2017 18:27

Barcha flagmanlar ringda: kimning batareyasi eng zo‘r?

Bugungi kunda bozorda taqdim etilayotgan eng ilg‘or smartfonlar – turli ishlab chiqaruvchilarning flagmanlaridan qay birining akkumulyatori yaxshi? PhoneArena sayti mutaxassislari shu masala bo‘yicha tajriba o‘tkazib ko‘rishdi va natijalarini e’lon qilishdi.

Tajriba ikki bosqichda o‘tkazildi: birinchisida smartfon batareyasi bitta to‘ldirilgan holatida uning quvvati necha soatgacha yetishi tekshirildi. Qizig‘i – avvalgi avlod modellariga nisbatan akkumulyatori sig‘imi kichrayganiga qaramasdan, iPhone 8 Plus modeli ayni shu jihatidan yaqqol ustunligini namoyon etdi. U bitta to‘liq quvvatlash bilan 10,5 soat ishlay oldi!

Faxrli ikkinchi o‘rinni «xitoycha Apple»ning Mi 6 modeli egalladi – u g‘olibdan bir soatdan oshiqroq vaqt orqada qoldi, ya’ni uning quvvati 9 soatu 14 daqiqaga yetdi.

Kuchli uchlikni HTC U11 yakunlab berdi, u xitoylik raqibidan atigi 11 daqiqa orqada qoldi. Darvoqe, raqobatchilaridan farqli ravishda, tayvanlik «bahodir»ning displeyi Quad HD ekanini ham hisobga olsak, bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Mana, natijalarga o‘zingiz bir qarang-da:

Testning ikkinchi bosqichi – akkumulyatorning qancha vaqtda to‘la quvvatlanib ulgurishi sinovi edi. Buni qarangki, birinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan iPhone 8 Plus bu borada eng oxirgi o‘rinni egalladi. Uni tezkor quvvatlash uchun aksessuarlarni Apple alohida sotishni ma’qul ko‘rgani uchun, qurilmani testda standart quvvatlagich yordamida to‘ldirishdi. Bu jarayon salkam uch soat vaqtni oldi!

Batareyaning tez to‘lishi borasida LG G6 modeli yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi. O‘z jamlanmasidagi quvvatlash qurilmasi orqali uning akkumulyatori 0 dan boshlab 100 foizgacha to‘lishi uchun 97 daqiqa vaqt sarflandi. Ikkinchi o‘rinni, batareyasining sig‘imi 3000 mA/soat bo‘lishiga qaramasdan, HTC U11 egalladi – 98 daqiqa. Uchinchi o‘rin esa Janubiy Koreyalik gigantning Galaxy S8 modeliga nasib etdi – 102 daqiqa.

Mana, flagmanlarning bu ko‘rsatkich bo‘yicha natijalariga o‘zingiz baho bering:

 

Xo‘sh, o‘zingizga qolsa, qay birini tanlagan bo‘lardingiz?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.