Barchamizga kerakli benchmarkni Google Play’dan o‘chirib yuborishdi!

  •   DiMaX
  •  1077
  •  09.03.2020 11:34

Barchamizga kerakli benchmarkni Google Play’dan o‘chirib yuborishdi!

Smartfonlar samaradorligini sinovchi eng mashhur benchmarklardan bo‘lgan AnTuTu ilovasi kutilmaganda Google Play katalogidan olib tashlandi. Buning sababini ushbu servis dasturchilari allaqachon e’lon qilishdi.

O‘QING: O‘z egalarini rozi qilgan TOP-10 smartfon (AnTuTu reytingi, 2020 yil fevral)

Benchmark yaratuvchilarining aytishlaricha, Google ushbu ommabop ilovaning o‘chirilib yuborilishiga sabab qilib uning Cheetah Mobile kompaniyasiga qarashli ekanini ko‘rsatgan. Mazkur kompaniyaning bir qator boshqa dasturlari ham avvalroq Google Play’dan olib tashlangan edi. Sababi – Cheetah Mobile ushbu katalogda ilova e’lon qilish siyosatini buzgan; jumladan, maxfiylik va ilovada reklama ko‘rsatish masalalarida Google talablariga amal qilmagan.

Buning natijasida esa Android-ilovalar do‘konidan bir vaqtning o‘zida AnTuTu 3DBench, AnTuTu Benchmark hamda AITUTU Benchmark dasturlari o‘chirib tashlangan.

O‘QING: TOP-10: Bu gal endi eng kuchli smartfonlar boshqa! (AnTuTu reytingi, 2020 yil fevral)

AnTuTu vakillari allaqachon mazkur ayblovning asossiz ekanini aytib bayonot bilan chiqishdi. Ularning ta’kidlashlaricha, Antutu hali 2011 yilda – hattoki Cheetah Mobile ta’sis etilmasidan ham oldin yaratilgan edi. 2014 yilga kelibgina u Cheetah Mobile aksioneri bo‘lgan, shunda ham uning sho‘’ba korxonasi emas.

«Bizningcha, Google xato qarorining sababi – biz Cheetah Mobile yuridik xizmatlaridan foydalanganimizdir, shuning uchun ham bizning maxfiylik siyosatiga eltuvchi havolamizda cmcm.com manzili qo‘llangan. Hozirda biz bu muammo ustida ishlayapmiz va yuridik hamkorni almashtirishni rejalashtiryapmiz. Umid qilamizki, Google ham Antutu ma’lumotlarini batafsil o‘rganib chiqib, ushbu tushunmovchilikni imkon qadar tezroq bartaraf etadi», deydi Antutu global marketing bo‘yicha menejeri Ameli Lyu.

Google vakillari hozircha ushbu holat yuzasidan rasman ma’lumot berishmagan.

O‘QING: Ushbu 17 ta ilovani smartfoningizdan hoziroq o‘chirishingiz kerak!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!