Barchasiga koronavirus aybdor – MWC 2020 ham bekor qilindi!

  •   DiMaX
  •  742
  •  13.02.2020 11:44

Barchasiga koronavirus aybdor – MWC 2020 ham bekor qilindi!

Texnologiyalar olamining eng yirik tadbiri – Mobile World Congress ko‘rgazma-konferensiyasi bu yil o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. GSMA tashkilotining rasmiy xabariga ko‘ra, bu bir qancha mamlakatlarda tarqalib ulgurgan koronavirus bilan bog‘liq.

O‘QING: Xitoyda koronavirus epidemiyasining ilk foydasi namoyon bo‘ldi!

Tadbir tashkilotchilari bir qator ehtiyotkorlik choralarini rejalashtirishgan edi: Xitoyning koronavirus tarqalishi boshlangan Xubey provinsiyasidan tashrif buyuruvchilarni ko‘rgazmaga qat’iyan kiritmaslik, Xitoydan kelganlariga esa tadbir boshlanishidan kamida ikki hafta oldin mamlakatdan tashqarida bo‘lganliklarini isbotlash talabi qo‘yilishi, har bir ma’ruzachining chiqishidan oldin mikrofonni almashtirish... Shunga qaramasdan, kongress rahbariyati baribir misli ko‘rilmagan chora qo‘llashga majbur bo‘ldi va Mobile World Congress 2020 tadbirini bekor qildi.

Matbuotga bergan bayonotida GSMA bosh direktori Jon Xoffman ta’kidlashicha, koronavirus tarqalishi tadbirning o‘tkazilishini «imkonsiz» qilgan. MWC 2020 marosimi Barselonada, 24-dan to 27-fevralgacha o‘tkazilishi hamda unda ko‘plab kompaniyalar o‘zlarining yangi ishlanmalarini namoyish etishlari rejalashtirilgan edi.

Kuni kecha, Sony kompaniyasidan o‘rnak olib Amazon, LG Electronics, Ericsson va Nvidia, shuningdek Yaponiyaning eng yirik NTT Docomo uyali aloqa operatori MWC tadbirida ishtirok etishdan bosh tortishgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Mobile World Congress – texnologiyalar sohasining eng yirik tadbiri bo‘lib, o‘tgan yili unga yuz ming nafardan ortiq mehmon tashrif buyurgan, ko‘rgazma ishtirokchilari soni esa 2400 nafardan oshiq edi.

O‘QING: Olimlar koronavirus yuqqan smartfonni dezinfeksiyalash yo‘llarini aytishdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.