Beeline davlat tiliga bepisandmi?

Beeline davlat tiliga bepisandmi?

Oxirgi paytda internetning o‘zbek segmentida mobil ilovalarning ko‘payib borayotgani, tabiiyki, kishini quvontiradi. Bu, shubhasiz, 27 million so‘zlovchisi bor ona tilimizning o‘sib borayotgan obro‘yidan darak beradi.

Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Ushbu ilovalar orasida o‘zbek tiliga bepisandlikning yorqin namunalari ko‘rinib turgan holatlar ham talaygina, afsuski. Bu yerda imlo qoidalari haqida gap boryapti. Dastur yaratuvchilarning ba’zilari hozirgi o‘zbek tilining imlo qoidalaridan yetarlicha darajada xabardor emas. Eng achinarlisi, ushbu maqolada muhokama qilmoqchi bo‘lgan ilovamiz ommabop va millionlab mijozlarga ega Beeline operatori tomonidan yaratilgan Beepul ilovasidir.

Tan olish kerak, kompaniyaning Beeline Uzbekistan, Beeline TV va Beeline Music Uzbekistan ilovalari kabi Beepul ilovasi foydalanuvchi uchun juda qulay va manfaatli. Xususan, qo‘shimcha bonuslarning taqdim etilishi abonentlarga qulaylik yaratadi. Biroq dasturni Google Play Store'dan yuklab, ishga tushirishimiz bilan anchayin ta’bimiz xira bo‘ldi.

Ilovani birinchi marta ochganingizda tilni tanlash oynasi paydo bo‘ladi. U yerda ikki: «Russkiy» va «Òzbek» tugmalari bor. Aftidan, kompaniyadagilar (yoki ilovani yaratgan va kompaniyaga aloqador mutaxassislar) o‘zbek tilining lotin yozuviga asoslangan alifbosida «ò» shaklidagi harf mavjud emasligidan bexabar. Bundan tashqari, «o‘zbek» emas, «o‘zbekcha» bo‘lishi kerak edi.

«Hamma ham xato qiladi», dersiz. Mayli, o‘zbek tilini tanlab, keyingi oynaga o‘tamiz. O‘zbek tilini tanlagan mijozga xizmat shartlari to‘lig‘icha rus tilida beriladi. Eng qizig‘i, oyna quyisida «Men roziman» degan o‘zbekcha tugma bor. Rus tilini bilmagan foydalanuvchi o‘zi tushunmagan shartlarga rozi bo‘ladi. Kulgili emasmi!?

Keyingi oynalarda ham imloviy xatolar ko‘zga tashlanadi:
•«Tòlovlarni Beepul ilovasi orqali amalga oshiring»;•«2 ma'rotaba avtorizatsiya sizning ma'lumotlaringizning xavfsizligini ta'minlaydi»;

•«Tòlovlar monitoringi»;
•«Avtotòlovlar xizmati tòlovlarni muntazam ravishda amalga oshiradi».

«2 ma'rotaba» deb boshlangan gapda birato‘la birdan ortiq xatolik bor. Avvalo, «marotaba» so‘zida tutuq belgisi (ʼ) bo‘lmaydi, ikkinchidan esa, jumla noto‘g‘ri qo‘llangan: «ikki bosqichli» bo‘lishi kerak edi. Bundan tashqari, «sizning ma’lumotlaringizning» jumlasi ham g‘aliz qo‘llangan. Shunchaki «ma’lumotlaringiz», deb qo‘yish mumkin edi.

Keyingi oynada esa yana rus va o‘zbek tillari aralashmasini ko‘rish mumkin. «Na nomer +998** *****56 bil vislan kod podtverjdeniya, vvedite yego dlya prodoljeniya», gapi rus tilida, qolgan jumlalar esa o‘zbek tilida. Bizningcha, bu gapni o‘zbek tiliga tarjima qilish katta mashaqqat talab qilmaydi: «Tasdiqlash kodi + 998** *****56 raqamiga yuborildi, davom etish uchun uni kiriting».

Navbatdagi oyna esa to‘laligicha rus tilida — biz ilovani ochishda o‘zbek tilini tanlagan edik.

Asosiy oynada ham aynan «ò» bilan bog‘liq xatolar kuzatiladi.

Menyuda ham xatoliklar bor.

Chuqurroq kirib borishimiz bilan yana bir qator kamchiliklar topilishi turgan gap. Shu yerda «kavla-kavla»ni to‘xtatamiz.

Endi e’tiboringizni qonunchilikka qaratmoqchimiz. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni 24-moddasida, jumladan, shunday yozilgan:
«O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zaro muomala, tarbiya va ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar».

Tanqid —kelajak mevasi. Kompaniyadan ushbu vaziyatga to‘g‘rilash kiritishni kutib qolamiz.

O‘QING: UzMobile'ning qo‘pol, Beeline'ning ta’magir operatori bilan suhbatlashdik

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!