Begona ko‘zdan saqlash uchun Windows’da fayllar va jildlarni surat fayliga yashiramiz

  •   DiMaX
  •  1219
  •  12.02.2019 14:59

Begona ko‘zdan saqlash uchun Windows’da fayllar va jildlarni surat fayliga yashiramiz

Shaxsiy ma’lumotlaringiz, muhim hujjatlaringizga boshqalarning ko‘zi tushmasligi uchun, kompyuteringizda ularni birov kirmaydigan jildlarning eng to‘riga joylab qo‘yasizmi? Biz esa Windows tizimli kompyuterda ularni yashirishning va boshqalarga bildirmasdan kerakli odamga uzatishning qiziq yo‘lini tavsiya etamiz.

O‘QING: iPhone va iPad’larda jildlar (papkalar) nomini ko‘rinmaydigan qilamiz

Shunday qilib, muhim fayllar va jild (papka)larni arxivlab, biror rasmning JPEG formatli (kengaytmasi *.jpeg yoki *.jpg) fayliga joylab qo‘yish mumkin. So‘ng uni rasmlarni ko‘ruvchi istalgan dasturda ochganda faqat suratning o‘zini ko‘rish mumkin, lekin arxivator dastur yordamida ochib, unga joylangan arxiv ichidagi ma’lumotlarni ko‘rish imkoni bo‘ladi.

Buning uchun quyidagi amallarni bajaramiz:

  1. Yashirish kerak bo‘lgan jild yoki faylni ZIP yoki RAR formatida arxivlaymiz. Masalan, shartli ravishda uni arxivim.rar deb nomlaylik.
  2. Ushbu arxivni hamda kerakli JPEG-suratni (tushunishimiz oson bo‘lishi uchun uni surat.jpg deymiz) kompyuterimizning C diski ichidagi yangi jildga (tushunarli bo‘lishi uchun hozir uni jildim deb ataymiz) solamiz. Ya’ni, unga borar yo‘l mana bunday bo‘lishi kerak: C:\jildim
  3. Klaviaturada Win + R tugmachalarini baravar bosib, cmd buyrug‘ini teramiz va Enter tugmachasini bosamiz.
  4. Ochilgan buyruqlar qatorida C:\jildim yozuvini terib, boyagi yangi jildga kiramiz.
  5. Endi esa quyidagini teramiz: copy /b surat.jpg+arxivim.rar yangirasm.jpg

Tayyor – buyruqlar qatori yangirasm.jpg nomli yangi surat faylini yaratdi. Endi uni boshqalar shunchaki rasm ko‘rish dasturida ochib, faqat suratni tomosha qilishi mumkin. Siz esa uni arxivator dastur yordamida ochib, ichidagi ma’lumotlaringizni ko‘rsangiz, arxivdan chiqarib olsangiz bo‘ladi.

Shuningdek, suratdan boshqa biror turdagi fayl uzatish mumkin bo‘lmagan forumlar va chatlarda kerakli maxfiy fayllarni ushbu rasm orqali suhbatdoshingizga jo‘natishingiz ham mumkin. Buning uchun, albatta, suhbatdoshingiz ham ushbu usuldan boxabar bo‘lishi kerak – shu bois mazkur maqolamizni yaqinlaringizga ham ulashing.

O‘QING: Share Files – o‘zaro fayl almashishning eng qulay va tezkor yo‘li

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!