Bepul huquqiy maslahat beruvchi Advice.uz portali ish boshladi

  •   DiMaX
  •  2283
  •  01.05.2019 15:40

Bepul huquqiy maslahat beruvchi Advice.uz portali ish boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yaratilgan www.advice.uz portali rasman ishga tushdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘QING: Portalga kirish endi barcha uchun bepul bo‘lishi mumkin

Bepul huquqiy maslahat berishga mo‘ljallangan portal orqali mehnat, oila, ijtimoiy himoya, soliq, uy-joy, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa sohalardagi qonunchilik haqida ma’lumot olish mumkin.

Yangi portalda ma’lumotlar mazmuni aniq va maqsadli, tili sodda va tushunarli, foydalanuvchilarga qulay shaklda joylashtirilgan.

Ma’lumotlar bilan o‘zbek va rus tillarida, portalning «Chet elliklarga eslatma» bo‘limi bilan esa arab, xitoy, rus, ingliz, fransuz, ispan tillarida tanishish mumkin.

Bundan tashqari, portalda maxsus onlayn-maslahatchi xizmati orqali ham huquqiy masalalarga yechim topish imkoniyati yaratilgan.

Adliya vazirligi, Buyuk Britaniyaning mashhur «Citizens Advice» tarmog‘i tajribalari asosida yaratilgan mazkur ijtimoiy loyiha orqali huquqiy muammolaringiz yechimini tezkorlik bilan topishingiz mumkin.

Adliya vazirligida ma’lum qilishlaricha, tez orada Respublikamizning har bir tuman (shahar)ida portalning maslahat byurolari o‘z faoliyatini boshlaydi. Mazkur byurolar orqali ham turli hayotiy masalalar yuzasidan bepul huquqiy maslahat olish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil uchun mo‘ljallangan Davlat dasturida Adliya vazirligiga fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berishga mo‘ljallangan Advice.uz interaktiv axborot portalini tashkil etish vazifasi yuklangan edi.

O‘QING: Shavkat Mirziyoyev Qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda yana bitta portal ishga tushadi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!