Beruniyda «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» ochildi

Beruniyda «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» ochildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi.

«Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, bugun, 19 avgust kuni Beruniy tumanida Prezidentning 5 ta muhim tashabbusi doirasida «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi» ochildi.

Ochilish marosimida vazir Shuhrat Sodiqov, Beruniy tumani hokimi Otabek Safarov, shuningdek, jamoatchilik vakillari, xalq ta’limi boshqarmalari mutasaddilari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxona, tashkilot hamda kompaniyalari vakillari va o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi.

Ushbu markaz yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olish ko‘nikmalarini oshirishga ko‘mak beradi. Markaz kompyuterlar va zarur jihozlar, Wi-Fi hududi bilan ta’minlanib, endilikda unda tuman yoshlariga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar beriladi.

AKT vazirining qayd etishicha, respublikamiz bo‘ylab (viloyat va tumanlarda) 188ta shunday markazlar tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘istonga tashrif davomida jami to‘rtta markazning ochilishi rejalashtirilgan. Dastlabkisi Beruniy tumanida tashkil etilgan bo‘lsa, keyingilari Nukus, Mo‘ynoq va Qanliko‘lda ochiladi.

O‘QING: "To‘rtko‘z" Redmi Note 8 Pro ilk marotaba “jonli” suratlarda namoyon bo‘ldi.