Besh kamerali LG V40 ThinQ taqdim etildi: 900 dollarlik mustahkam smartfon!

  •   DiMaX
  •  1481
  •  04.10.2018 13:09

Besh kamerali LG V40 ThinQ taqdim etildi: 900 dollarlik mustahkam smartfon!

LG kompaniyasi, nihoyat, o‘zining V40 ThinQ rusumli flagmanini rasman namoyish etdi. Ushbu smartfon bir qator xususiyatlari bilan raqobatchilaridan ustun keladi.

O‘QING: LG beshta kamerali V40 ThinQ flagmanini ilk rasmiy videoda ko‘rsatdi

 LG V40 ThinQ ultra keng burchakli rasmlar oluvchi va optik zumga ega bo‘lgan dunyodagi ilk smartfon bo‘ldi. Asosiy kamerasidagi 107 darajali ultra keng burchakli ob’yektiv, 78 darajali asosiy linza va 45 darajali teleob’yektiv evaziga bu flagman uch karrali optik zumni qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfonning bosh kamerasidagi asosiy datchik 12 megapikselli va yanada sezgir – f/1.5 diafragmali bo‘lib, yaxshi yoritilmagan sharoitlarda ham tasvirlarni optik barqarorlashtirish xususiyatiga ega. Bu – qo‘shaloq pikselli avtofokusirovkani taklif etayotgan ilk LG kamerasidir. Optik zum uchun esa ikkinchi – 12 megapikselli va f/2.4 aperturali telefoto-ob’yektiv mas’ul. Kameraning uchinchi – 16 megapikselli va o‘ta keng burchakli moduli esa G7 modelidagi bilan bir xil.

LG yangi flagmanining asosiy kamerasidagi har uchala datchik ham “sun’iy idrok” bilan ta’minlangan va optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega. Ular 4K sifatida, soniyasiga 60 kadr tezligida (sekinlashtirilgan s’yomkada esa 1080p sifatida, soniyasiga 240 kadr tezligida) HDR-video tushira oladi.

O‘QING: LG V40 smartfoni uch modulli «ideal» kameraga ega bo‘ladi

Selfi uchun bu flagmanda qo‘shaloq kamera o‘rnatilgan: uning 8 megapikselli (f/1,9, 80 daraja) hamda 5 megapikselli (f/2,4, 90 daraja) ikkala moduli ham “sun’iy idrok”ka ega.

V40 smartfoni Android 8.1 Oreo talqinidagi operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlaydi. Uning samaradorligini Snapdragon 845 protsessori va 6 gigabaytlik tezkor xotira ta’minlab beradi. Flagman faqat 64 gigabaytlik ichki xotirali variantda chiqariladi, ammo unga microSD kartasi o‘rnatish mumkin.

Gadjetning 6,4 dyuymlik, “kemtik”li OLED-displeyi QHD+ formatida, tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatda. Shuningdek, LG kompaniyasi mazkur flagmanining ovoz imkoniyatlariga ham jiddiy e’tibor bergan. Tovushlar uchun 32 bitlik QuadDAC texnologiyasi hamda BoomBox dinamiklar tizimi mas’ul.

LG V40 ThinQ flagmani yana IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan. Bu ham hali hammasi emas: u MIL-STD-810G harbiy standarti sertifikatiga ham ega!

Smartfon akkumulyatorining tok sig‘imi 3300 mA/soatga teng bo‘lib, tezkor simsiz quvvatlash hamda QuickCharge 3.0 texnologiyasi bo‘yicha simli tezkor quvvatlash texnologiyalariga ega. LG V40 ThinQ flagmani 18 oktyabrdan qora va ko‘k rangli korpuslarda sotuvga qo‘yiladi. Uning narxi esa 900 dollarga teng.

O‘QING: LG V40: 5 kamerali flagman dizayni qanday bo‘lishi kerak?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!