Bill Geyts: «Dunyoni bioterror xavfi kutmoqda!»

  •   DiMaX
  •  1861
  •  19.02.2017 11:15

Bill Geyts: «Dunyoni bioterror xavfi kutmoqda!»

Microsoft asoschisi, milliarder va saxovatpesha Bill Geyts davlatlar hukumatlari insoniyatni kutayotgan yana bir xavf – biologik terrorchilikka qarshi kurashga mablag‘lar yo‘naltirishlari lozimligini aytdi. Business Insider nashriga ko‘ra, bunday fikrni u Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz sayti.

Geytsning aytishicha, zamonaviy sharoitlarda g‘araz niyatli odamlar xavfli virusning, misol uchun gripp yoki chechakning qirg‘in keltiruvchi versiyasini yaratishi mumkin. Uning fikricha, «keyingi epidemiyaning sababi terrorchilik maqsadida bioinjineriya usullari bilan xavfli viruslar yaratilishi bo‘lishi mumkin». «Gap shundaki, biz o‘zimizga ziyon qilgan holda, sog‘liqni himoyalash choralari bilan xavfsizlik o‘rtasida yaqqol aloqa borligini inkor qilamiz», deb ta’kidlab o‘tdi Geyts.

«Epidemiologlar tomonidan yaratilgan modellar, bu tabiat injiqligi bo‘ladimi yoki terrorchilar ishimi, havo orqali tezda tarqaluvchi bakteriyalar bir yildan kamroq vaqt ichida 30 mln.dan ko‘proq odamni o‘ldirishi mumkinligidan guvohlik bermoqda. Buning keyingi yillarda yuz berishi uchun real imkoniyatlar mavjud», deya xavotir bildirmoqda dunyoning eng badavlat odami.

Geytsga ko‘ra, zararli kasalliklar qanday xavf solishiga 1918-1919 yillarda ispan grippi epidemiyasi misol bo‘la oladi. O‘shanda bu infeksiyadan 50 mln.dan ko‘proq odam halok bo‘lgan, bu esa Birinchi jahon urushida halok bo‘lganlar sonidan ko‘proqni tashkil qilgan. «Global pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rish, yadroviy bostirish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq holda voqealarning falokatli o‘zgarishidan qochish kabi muhimdir. Innovatsiyalar, hamkorlik va batafsil rejalashtirish bu xavflarni anchagina kamaytirishi mumkin», deb qo‘shimcha qildi u.

Uning fikricha, mavjud usul va texnologiyalar kasalliklarning tarqalishi xavfini ancha kamaytirishga imkon beradi, biroq bu sohani moliyalashtirish lozim. Geyts katta ko‘lamli epidemiyalarni bartaraf etish uchun yiliga bir necha milliard dollargina ajratish kifoya qilishini, vaholanki kasalliklar tomonidan yetkazilgan zarar yuz milliardlab dollarni tashkil qilishi mumkinligini aytmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!