Bing qidiruv tizimi ChatGPT yordamida Googleni ortda qoldiradi

Bing qidiruv tizimi ChatGPT yordamida Googleni ortda qoldiradi

Juda yaqin kelajakda mushkul savollarga javob topish hozirgidek qiyin jarayon bo'lmay qoladi. Microsoft o'zining Bing qidiruv tizimini ChatGPTga suyangan holda sun'iy idrok bilan ta'minlashni boshlaganini ma'lum qildi. Aniqrog‘i, Bing SI tadqiqotchilarining fikriga ko‘ra, Bing Googledan ustunroq bo‘lgan qidiruv tajribasini taqdim etish potentsialiga ega bo‘lishi va qidiruv gigantining o‘nlab yillar davomidagi hukmronligini tortib olishi mumkin.

"ChatGPT keyingi 10 yillikda qidiruv tizimlari haqidagi tushunchamizni boshqa tomonga burib yuborishi mumkin" - deydi Virjiniya oliygohi iqtisod professori hamda SI tadqiqotchisi Anton Korinek. "SI foydalanuvchiga an'anaviy qidirish jarayonidan kompyuter bilan yana-da tabiiy muloqot qilish imkonini beradigan texnologiya hisoblanadi."

Hozircha sun'iy intellekt bilan "zirxlanuvchi" yangi talqindagi Bing qidiruv tizimi qanday ko'rinishda bo'lishi haqida aniq ma'lumot yo'q. Microsoft bu haqida izoh berishdan bosh tortgan.

"ChatGPT o'z foydalanuvchilariga an'anaviy qidiruv tizimlarining son-sanoqsiz havolalari bilan solishtirganda bitta aniq javob bilan javob bera oladi. Shuningdek, u an'anaviy qidiruv tizimlaridan ancha yuqori bo'lgan imkoniyatlarga ega, masalan, yangi matn yaratish, nazariyalarni tushuntirish, foydalanuvchi va tizim o'rtasidagi suhbat va hokazolar. Odamlar hozirda ChatGPT yaratuvchilari ham tizimda borligini bilmagan g'alati imkoniyatlarni topmoqdalar!" - deydi Korinek.

Microsoft 23-yanvar kuni ChatGPT yaratuvchisi OpenAIga 10 milliard dollardan ko‘proq miqdorida resurslarni sarmoya qilish rejasini e’lon qildi. Shartnoma ikkala kompaniyani sun'iy intellektli generatsiya texnologiyasining eng yuqori cho'qqisida ushlab turishga yordam beradi. Bu texnologiya ChatGPTda qo'llaniladigan ko'p miqdordagi ma'lumotlardan matn, rasm, musiqa kabi deyarli har qanday kontent formatini matn taklifi orqali yarata oladi.

Qidiruv Microsoftning barqaror tizimidagi iste'molchilarga mo'ljallangan mahsulotlar to'plamidan faqat bittasi bo'lib, kelgusi yillarda mijozlar uchun sezilarli darajada o'zgarishi mumkin. The Information nashri xabariga ko'ra, Sietlda joylashgan texnologiya giganti ChatGPTning SI texnologiyasini Word, PowerPoint va Outlook kabi uzoq vaqtdan beri mavjud bo'lgan mahsulotlarga birlashtirishni rejalashtirmoqda, bu esa milliarddan ortiq odamning ishlashi va kundalik vazifalarini bajarishini o'zgartirishi mumkin. Masalan, uni Outlookka integratsiya qilish shunchaki elektron pochta ilovasidan ma'lum bir mavzu haqida xabar yozishni so'rashni, Outlook esa siz uchun xat tayyorlaydigan "aql"ga ega bo'lishini anglatishi mumkin.

"Microsoft OpenAI modellarini iste'molchi va korporativ mahsulotlarimiz bo'ylab joylashtiradi va OpenAI texnologiyasi asosida yaratilgan raqamli tajribalarning yangi toifalarini taqdim etadi", deyiladi kompaniyaning kengaytirilgan hamkorlikni e'lon qilgan press-relizida.

Suhbatli qidiruv

O'z navbatida, Google va uning zamonaviy bo'linmasi DeepMind yillar davomida shunga o'xshash tizimlar ustida ishlab kelmoqda. Qidiruv giganti qisman axloqsiz xatti-harakatlar va chat tizimlari ba'zan ijtimoiy me'yorlarni buzishi mumkinligi borasidagi xavotirlari tufayli uni ommaga oshkor qilmaslik yo'lini tanladi. Misol uchun, 2016-yilda Microsoft Tay nomli chatbot yaratgan edi, u nafratli so'zlarini "so'zlagani"dan keyin oflayn rejimda ishlashga majbur bo'ldi. Ijobiy va do'stona tarkibni yaratish qoidalariga ega bo'lgan ChatGPT ham to'g'ri ko'rsatmalar yordamida xafa qiladigan javoblarni ishlab chiqarish uchun manipulyatsiya qilinishi mumkin.

Biroq, DeepMind bosh direktori Demis Xassabis shu oyda Time nashriga bergan intervyusida uning kompaniyasi Sparrow deb nomlangan o‘zining chatbotini 2023-yilda “yopiq beta” talqinini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Google shuningdek, qidiruv tizimining chatbot funksiyalariga ega talqinini namoyish qilishni rejalashtirmoqda. Nyu-York Tayms gazetasining masaladan xabardor manbaalariga tayansak, Google shu yilning birinchi choragida ushbu yangi mahsulotini "tortiq qiladi".

Hech kimga sir emaski, Google qidiruvi yillar davomida salkam suhbatdoshga aylangan. Kompaniya Google yordamchisi va qidiruvdagi panellari yordamida bu sohada yillar davomida muvaffaqiyatga erishdi va 2021-yilgi I/O ishlab chiquvchilar konferensiyasida LaMDA va MUM SI tizimlarini namoyish qilib, qidiruvning kelajagi sifatidagi yurishini boshlagan edi.

OpenAIning sun'iy idrokidan foydalanishi bilan Microsoft o'z o'yinida Googleni chetlab o'tishga harakat qilayotganga o'xshaydi. The New York Times nashriga ko'ra, ChatGPT chiqishidan so'ng Google rahbariyati "qizil kod" e'lon qilgan. Hisobotda aytilishicha, ichki guruhlar hozirdan may oyida kutilayotgan kompaniya konferensiyasigacha SI bo'yicha ishlarni boshlash uchun qayta tayinlangan.

Statistik ma'lumotlariga ko'ra, Google qidiruv tizimi bugungi kunda so'zsiz bozor yetakchisi bo'lib qolmoqda, chunki u o'nlab yillar davomida global qidiruv bozoridagi ulushning 84 foizini egallab turdi, 2022-yilda Bingning ulushi 9 foizni tashkil qildi. So'nggi yillarda Bing ko'rsatkichlari o'sgan bo'lsa ham, hali Googlega yetib olishiga mantiqan olib qaraganda ancha vaqt ketadi.

ChatGPT qanchalik aqlli?

ChatGPT - bu murakkab chatbot bo'lib, u 2022-yil noyabr oyi oxirida iste'molga chiqarilgandan so'ng butun dunyo bo'ylab tarqalib ketgan, internetga ulangan har bir kishi (O'zbekiston va boshqa qo'llab-quvvatlanmaydigan ba'zi mamlakatlardan tashqari) foydalanishi mumkin bo'lgan bepul onlayn vositadir. Sun'iy idrokka asoslangan chatbot qisman qiziqarli she'rlar yaratish, ovqatlanish rejalarini tuzish va so'ralgandan so'ng bir necha soniya ichida murakkab savollarga ishonchli javob berish qobiliyati tufayli ommaviy mavzuga aylandi. Uning asosidagi texnologiya mutlaqo yangi emas, lekin hali hech bir chatbot ChatGPT singari asosiy maftunkorlikni qo'lga kirita olmadi. Buning sababi, OpenAI GPT-3.5 til modeli atrofida ajoyib foydalanuvchi tajribasini yaratganligi.

GPT-3.5 - bu GPT-3 ning takomillashtirilgan talqini bo'lib, u o'z qobiliyatlariga erishish uchun juda ko'p ma'lumotlar va kodlardan o'rgangan. Stenford universiteti tadqiqotchilarining ma'lumotlariga ko'ra, GPT-3 570 gigabaytlik matnda o'qitilgan va 175 milliard parametrga ega. Google kompaniyasi hodimi Deyl Markovitz uni: "45 terabayt matnli ma'lumotga ega bo'lgan, deyarli barcha ommaviy tarmoqlarni o'z ichiga oladi." - deya ta'riflaydi. Taqqoslash uchun, uning oldingi versiyasi GPT-2 100 baravar kichikroq bo'lib, 1,5 milliard parametrga ega bo'lgan.

Stenfordning Insonga yo'naltirilgan sun'iy intellekt instituti tadqiqotchilari 2021-yilgi postida - "Yirik mashtabdagi bu o'sish modelning xatti-harakatlarini keskin o'zgartiradigan - GPT-3 aniq o'rganmagan vazifalarini, masalan, ingliz tilidan fransuz tiliga jumlalarni tarjima qilishga qodir. Bunday xatti-harakatlar GPT-2da deyarli yo'q edi." - deb yozgan.

"ChatGPTning hozirgi talqini, ehtimol, dunyo haqida har qanday odamga qaraganda ko'proq biladi va u bu bilimlarni hazm bo'ladigan shaklda taqdim eta olishi mumkin" - deydi Korinek.

Muallif: Hidoyatxon Atabaev

O'QING: Google'ning yangi sun’iy intellekt loyihasi matnni musiqaga aylantirib beradi