Bir kundayoq Zoom kompaniyasi 32 foizga qimmatlab, asoschisi $5,2 milliardga boyidi!

  •   DiMaX
  •  452
  •  02.09.2020 15:43

Bir kundayoq Zoom kompaniyasi 32 foizga qimmatlab, asoschisi $5,2 milliardga boyidi!

Zoom ilovasi yaqinda tarixdagi barcha rekordlarni «sindirib», birinchi o‘ringa chiqib olgan edi. Mazkur videokonferensiyalar servisi 31 avgust kuni o‘zining moliyaviy hisobotini e’lon qildi va undan ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi!

O‘QING: «Yandeks.Telemost» videoqo‘ng‘iroq servisi taqdim etildi – Zoom’ning endi keragi yo‘q!

Hisobotda qayd etilishicha, Zoom joriy yilning ikkinchi choragida o‘z daromadini 664 million dollarga yetkazgan; bu esa o‘tgan yilgiga nisbatan naq 355 foizga oshish, deganidir! Shuningdek, kompaniyaning sof foydasi ham o‘sib, salkam 186 million dollarni tashkil etgan.

Bulardan tashqari, Zoom servisining mijozlar bazasi ham oshgan – hozirda 370 mingdan oshiq kompaniya videoaloqa vositasi sifatida aynan undan foydalanadi. Ta’kidlash kerakki, bu – o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 458 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.

Moliyaviy hisobot e’lon qilingach, Zoom aksiyalari qimmatlab ketdi va natijada uning qiymati ham 32 foizga oshdi. Pirovardida kompaniya asoschisi Erik Yuan (Eric Yuan) bir kunda naq 5,2 milliard dollarga boyidi.

Aytish kerakki, koronavirus ortidan boyigan faqatgina Zoom rahbari emas – biz avvalroq pandemiyadan foyda olayotgan IT-kompaniyalar top-o‘ntaligini ham e’lon qilganmiz.

O‘QING: Amazon rahbari – eng boy odam tarixiy rekord o‘rnatdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!