«Bir million dasturchi» loyihasi: Prezident sovg‘asi topshirildi!

  •   DiMaX
  •  245
  •  07.04.2021 18:01

«Bir million dasturchi» loyihasi: Prezident sovg‘asi topshirildi!

Bugun, 7 aprel kuni «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i yuqori ko‘rsatkichlarni ko‘rsatgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-umumta’lim maktabiga davlat rahbari sovg‘asi, ya’ni «Spark» avtomobili topshirildi. Bu haqda Xabar.uz nashri yozmoqda.

O‘QING: Yevropada ishlayotgan o‘zbek dasturchisi: «Germaniyadagi imkoniyatlar, Toshkentdagi muammolar...»

Mazkur tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda Qorqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengesi raisi o‘rinbosari Otabek Davletovlar ishtirok etishdi.

– Aziz o‘quvchilar, sizlarning ilm olish, izlanish va yangilikka intilishga bo‘lgan ishtiyoqingiz hech qachon so‘nmasin, – dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. – «Ayti» yo‘nalishda olgan bilimlaringiz kelgusida axborot texnologiyalari sohasi rivojlanishiga, mamlakatimiz iqtisodiyotini ko‘tarishga xizmat qilishiga ishonaman.

Tadbirda Prezident sovg‘asi – «Spark» avtomobili 39-maktab direktori Seitkamol Yeshmuratovga topshirildi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari maktab faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ayniqsa, maktab informatika xonasidagi o‘quvchilar bilan uchrashuv qizg‘in kechdi. O‘quvchilar ushbu maktab saytini ham o‘zlari yaratishgani aytib o‘tildi.

O‘QING: Lazizbekning hikoyasi: Qanday qilib 19 yoshda oyiga $1000 dan ko‘p daromad topish mumkin?

«Bir million dasturchi» loyihasi haqida

Davlat rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining «Dubai Future Foundation» fondi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan «Bir million dasturchi» loyihasini istiqbol sari tashlangan muhim strategik qadam, deb bemalol aytish mumkin.

Joriy yil mart oyining yakuni holati bo‘yicha respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tib «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida ta’lim olayotganlar soni jami 200 ming nafardan oshdi. Shu jumladan, ulardan 81 ming nafari ishtirokchi va 50 mingdan ortig‘i bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritishdi.

Hududlar kesimida uzbekcoders.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Navoiy viloyati (36 600 nafar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27 574 nafar) va Toshkent shahri (25 572 nafar) yetakchilik qilib kelmoqda.

Faoliyat turi bo‘yicha tahlil natijlariga ko‘ra, umumta’lim maktab o‘quvchilari jami loyiha ishtirokchilari orasida 67,2 foiz bilan yetakchi hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarda oliy ta’lim muassasalari talabalari – 13,1 foiz, ish faoliyati bilan band bo‘lganlar – 5,8 foiz, kollej va litsey o‘quvchilari – 1,4 foiz va boshqalar – 12,5 foizni tashkil etadi.

Loyiha doirasida eng ko‘p umumta’lim maktab o‘quvchilari orasida uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tgan va ishtirokchilar soni bo‘yicha Navoiy viloyatidagi maktablar yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablari eng faol maktablar ro‘yxatidan joy olgan.

O‘QING: 2020 yilda O‘zbekistonning qaysi hududida raqamli rivojlanish qanday bo‘ldi?

Yosh toifasi bo‘yicha ta’lim oluvchilarning asosiy qismi, ya’ni 90 foizdan ortig‘i 13-34 yoshlilar hissasiga to‘g‘ri keladi (12 yoshdan kichiklar – 2779 (1,3%), 13-17 yosh –108299 (53,1%), 18-24 yosh – 47393 (23,3%), 25-34 yosh – 30522 (15%), 25-44 yosh – 11078 (5,4%), 45-64 yosh – 3740 (1,8%), 65+ yosh – 72).

2021 yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.

Alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda hayotimiz har jihatdan texnika va texnologiyalar bilan bog‘liq. Hozirgi kunda barcha ta’lim dargohlarida iqtidorli yoshlar va o‘quvchilarga ilmiy izlanishlar olib borish, IT sohasini chuqur o‘zlashtirish va dasturlash asoslarini mukammal tarzda o‘rganib borishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Bu esa, kelajak avlodning axborot texnologiyalari sohasidagi savodxonligini yanada oshishi uchun xizmat qiladi.

Ertaga ham ushbu loyihada eng faol ishtirok etgan Navoiy viloyatidagi 2-maktabga Prezident sovg‘asi topshiriladi.

O‘QING: «Milliardlarga qurilgan dendixona» – dasturchilar Andijon IT-Parkini tark etishdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.