Bir nechta jihatdan rekordchi Red Magic 6 hamda Red Magic 6 Pro geymerofonlari chiqdi!

  •   DiMaX
  •  4854
  •  05.03.2021 16:57

Bir nechta jihatdan rekordchi Red Magic 6 hamda Red Magic 6 Pro geymerofonlari chiqdi!

ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi o‘zining yangi avlod o‘yin smartfonlarini namoyish qildi. Ushbu turkumga Red Magic 6 hamda Red Magic 6 Pro modellari kirgan.

O‘QING: Xitoyliklarning bu smartfoni AnTuTu reytingini «portlatdi»!

Har ikkala geymerofon futuristik tashqi ko‘rinishga, ilg‘or texnik xususiyatlarga va yuqori avtonomlikni ta’minlash uchun sig‘imdor akkumulyatorga ega. Juftlikning «katta»si bo‘lmish Red Magic 6 Pro modeli diagonaliga 6.8 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan. Tasvir aniqligi FHD+ formatida bo‘lishdan tashqari, u rekord darajada – naq 165 gerslik yangilanish chastotasiga ega. Ushbu panel HDR10 texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Red Magic 6 Pro uchun, tabiyki, Qualcomm kompaniyasining eng qudratli – Snapdragon 888 protsessori tanlangan. Samaradorlikni ta’minlashda unga LPDDR5 standartidagi, hajmi 18 gigabaytlikkacha (bunaqasi hali bo‘lmagan!) tezkor xotira chipi hamrohlik qiladi.

Shuningdek, kompaniyaning ICE 6.0 sovitish tizimi jorif etilganini ham alohida ta’kidlash o‘rinli. Uning jamlanmasiga daqiqasiga 20 000 martagacha aylanuvchi kuler hamda issiqlik uzatish naychalari kiradi. Sovitish uchun korpus qirralarida havo chiquvchi tirqishlar ochilgan. Shular evaziga, ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, Red Magic 6 Pro umuman qizib ketmaydi va AnTuTu benchmarkida o‘rtacha 938 ming ball oladi.

Ushbu flagman avtonomligiga 4500 mA/soatlik akkumulyator javobgar bo‘lib, kompaniya uni 120 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasini tatbiq etgan. Uning yordamida Red Magic 6 Pro batareyasini noldan boshlab 50 foizgacha to‘ldirish uchun atigi 5 daqiqa kifoya – tasavvur qilyapsizmi!?.

Red Magic 6 Pro modelida hajmi 512 gigabaytgacha bo‘lgan, UFS 3.1 toifali doimiy xotira chiplari qo‘llangan. Uchtalik bosh kamerasi 64 + 8 + 2 megapiksellik sensorlardan iborat. Selfilar uchun esa ekranning tepasidagi romga 8 MPlik old kamera o‘rnatilgan. Nubia ushbu modelini NFC chipi, standart quloqchin tirqishi, stereodinamiklar hamda 5G-modem bilan ta’minlagan.

O‘QING: 3687 mAs batareyali Phone 12 Pro Max avtonomligi yuqorimi, yoki 5000 mAs akkumulyatorli Galaxy S21 Ultra? («Jonli» test videosi)

Standart talqindagi Red Magic 6 modeliga kelsak, uning korpusida sovitish tirqishlari kamroq, kuleri esa daqiqasiga 18 000 oborot qila oladi. Biroq Pro-versiyasiga nisbatan bunisining «beli baquvvat»roq – batareyasi 5050 mA/soatlik. Ammo uning tezkor zaryad olish darajasi pastroq – 66 vattlik.

Bazaviy modeldagi oltinchi avlod «Qirmizi jodu»ning qolgan barcha texnik jihatlari Red Magic 6 Pro flagmani bilan bir xil. Nubia ularni Xitoyda 11 martdan quyidagi narxlarda sota boshlaydi:

Red Magic 6 8/128 GB — $588

Red Magic 6 12/128 GB — $634

Red Magic 6 12/256 GB — $680

Red Magic 6 Pro 12/128 GB — $680

Red Magic 6 Pro 12/256 GB — $741

Red Magic 6 Pro 16/256 GB — $819

Red Magic 6 Pro Special Edition 16/256 GB — $865

Red Magic 6 Pro Special Edition 18/512 GB — $1020

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning martida namoyish etilgan geymerofon – Red Magic 5G modeli Master Lu benchmarkining eng ravon ishlovchi smartfonlar reytingiga kirgan. Undan so‘ng esa...

O‘QING: Nubia Red Magic 5S ham chiqdi: Snapdragon 865+ va 144 Gs displeyli, 540 dollarlik geymerofon! (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!