Bir ob’yektivli Galaxy S8 bosh kamerasi “qo‘sh ko‘zli” LG G6 va iPhone 7 Plus’ga qarshi

Bir ob’yektivli Galaxy S8 bosh kamerasi “qo‘sh ko‘zli” LG G6 va iPhone 7 Plus’ga qarshi

Samsung kompaniyasi Galaxy S8’da bugungi smartfon sanoatidagi tendensiyani chetlab o‘tib, ushbu flagmanni qo‘sh ob’yektivli bosh kamera bilan ta’minlamagan. Ushbu smartfon kameralari o‘rtasidagi jangda ishtirok etayotgan uning raqiblarida esa bosh kamerada ikkita modul o‘rnatilgan.

Qo‘sh ob’yektivli bosh kameraning eng foydali jihati – optik yaqinlashtirish funksiyasidir. Ob’yektlarni uning yordamida sifatini yo‘qotmagan holda, yaqinlashtirish mumkin. Misol uchun, bu borada Huawei P10, iPhone 7 Plus hamda LG G6’da bu jihat tatbiq etilgan. Galaxy S8 bu imkoniyaga ega emas. Xo‘sh, bosh kamera masalasida Samsung’ning “eng innovatsion smartfoni” yutqazishi mumkinmi?

Galaxy S7’da bo‘lgani kabi, bu gal ham Dual Pixel texnologiyasi, F1.7 yorug‘lik o‘tkazuvchi linzadan foydalanilgan. Bosh kameraning tasvirga olish sifatini bu borada yetakchi hisoblangan kamerafonlar bilan taqqoslab, xulosa chiqaramiz.

Quyidagi bir xil payt va sharoitda olingan suratlarda barcha smartftonlarning kameralari suratga olish ilovasi tomonidan avtomatik tarzda sozlangan.

Portret janri

Quyidagi portretlar bino ichkarisida olingan. Bu janrda yuzdagi rang-tusning me’yoriga qarab kamera imkoniyatiga tezda baho bersa bo‘ladi. LG kamera moduli muhrlangan suratda soch tolalari qorishib, qorayib ketgan. Kameraning yuzga rang berishi ham notabiiy. Shu bois, “qo‘sh ko‘zli” LG G6’ni oxirgi o‘ringa munosib, deb topdik. iPhone smartfonining kamerasi olgan suratda yuzdagi g‘adir-budirlik shundoqqina sezilib turibdi, ya’ni tasvir haddan tashqari ravshan olingan.
G‘olib – Samsung: yuzdagi rang-tus me’yori joyida, tishlar rangi tabiiy oq, soch tolalari yaxshi qayta ishlangan. Qolaversa, umumiy manzaraning tasvirlanishi ham yangi smartfonda sifatli aks etgan.

LG G6

Galaxy S8

iPhone 7 Plus


Kunduzgi manzara

Kunduzgi, yorug‘lik yetarli sharoitda barcha smartfonlar olgan suratlar sifat jihatidan bir-biriga o‘xshash: bunday sharoit har qanday kamerafongayam o‘zini ko‘rsatishi uchun ayni muddao.

Ammo, yangi, o‘ziga xos jihatlar ham yo‘q emas. Fotosuratlardan ko‘rinib turibdiki, LG flagmani bu gal o‘zining iqtidorini namoyish qilgan. Bosh kameradagi kichik sensorish bergan. Uning olgan suratida osmonning tiniq aks etishi, bino rangining yorqinligini his qilish mumkin. iPhone olgan tasvir juda qorayib ketgan. Samsung’da esa detallar “yeyilib” ketgan, tasvir bir oz xiradek.

Matn
Matnni tasvirga olish uchun ham smartfonlarni ichkariga taklif qildik. Boisi, shunda eng yuqori imkoniyatlar yaqqol aks etadi. Va, yana LG’da matn qorayib aks etdi, Samsung’da esa kadr chetidagi so‘zlarda xiralik mavjud. Matn fonidagi oq rang tusidan ham ko‘rinib turibdiki, g‘oliblik bu gal iPhone smartfoniga nasib qildi. Muhimi, uning kamera moduli matnning barcha maydoniga aniqlik va yorqinlikni bir xilda taqsimlagan.


Yaqindan tasvirga olish
Bir qaraganda iPhone, LG hamda Samsung smartfonlarida olingan har uchala surat yomon chiqmagan. Ammo, ularni yanada yaqinlashtiradigan bo‘lsak, iPhone olgan suratning yaxshi chiqqaniga guvoh bo‘lamiz. Samsung va LG smartfonlari olgan suratda ob’yektdagi boshqaruv elementlari qorishib ketgan. Ayfon kamerasining bu sharoitdagi rang-tus berish qobiliyati ham tabiiy chiqqan.
Tasvirdagi yozuvning aniqligidan ko‘rinib turibdiki, amerikalik smartfon ob’yektni fokuslashda ham tengsiz. Bu borada 2-o‘rin LG’ga, keyingi o‘rin Samsung devaysiga nasib qildi.


Bino ichkarisida tasvirga olamiz
Ichkariga kirishmiz bilan ilg‘or iPhone yana uyalib qoldi. U olgan surat bu gal ham qorong‘u aks etgan. LG bu gal tengsiz. Xususan, suratdagi yo‘nalish yozuvlariga diqqat qilsangiz, aniq-tiniq aks etgan. Samsung’ga bu gal 3-o‘rin nasib qildi.

Xulosa

Ko‘rinib turibdiki, Samsung kompaniyasi bu yil bir oz dangasalik qilib, Galaxy S8’ni ham sifat jihatidan 2016 yilning qahramoni bo‘lgan Galaxy S7 va Note 7’ga o‘rnatilgan kameralar bilan ta’minlagan. Kamera ichkarida suratga olish, kichik ob’yektlarni suratga olishda qo‘sh ob’yektivli raqiblaridan kuchsiz ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Samsung flagman smartfoni faqatgina portret suratga olishda, tashqarida olingan suratlarning sifati bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsata oldi, xolos. Kompaniya hozircha kamera ilovasini qayta ishlayotganini aytgan. Ko‘ramiz, ehtimol o‘shanda Galaxy S8 kamerasining chinakam imkoniyatlari yuzaga chiqar.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!