Bitta quvvatda 14 kungacha ishlovchi Xiaomi Mi Watch Revolve taqdim etildi: narx va jihatlari

  •   DiMaX
  •  831
  •  29.09.2020 13:49

Bitta quvvatda 14 kungacha ishlovchi Xiaomi Mi Watch Revolve taqdim etildi: narx va jihatlari

«Xitoycha Apple» 2019 yilning so‘ngida namoyish etgan smart-soat – Xiaomi Mi Watch Color modeli hozirgacha faqat o‘z yurtida sotilib kelayotgan edi. Nihoyat, oradan 10 oy o‘tib, kompaniya uni global bozorga ham chiqarishga qaror qildi.

O‘QING: Android 10 tizimli ilk smart-soat namoyish etildi: 4/64 GB xotira va buriluvchi Sony kamerali!

Xiaomi bugun – 29 sentyabr kuni Hindistondagi tadbirida ushbu soatning global versiyasi – Xiaomi Mi Watch Revolve modelini rasman taqdim qildi. Smartvoch korpusi o‘lchamiga ko‘ra bittgina – 46 millimetrlik o‘lchamda, ikki xil (Midnight Black va Chrome Silver) rangda taklif etiladi.

Xiaomi Mi Watch Revolve modelida qo‘llangan AMOLED-ekran zichligi bitta dyuymda 326 pikselga, displeyning maksimal yorqinligi esa 450 kd/m2 ga teng. Qurilma ekranning hamisha yoqiq turishini ta’minlovchi Always-On-Display funksiyasiga ega.

Barcha zamonaviy aqlli soatlar kabi, Xiaomi Mi Watch Revolve ham uyquning sifati va davomiyligini kuzatishga qodir. U yana yurak urishlari chastotasini va stress darajasini nazorat qilib boradi. Bulardan tashqari, mazkur smartvoch qonning kislorod bilan to‘yinganligini – VO2 Max ko‘rsatkichini ham kuzatib turadi.

Bu aqlli soat joylashuvni aniqlash uchun GPS hamda GLONASS tizimlarini qo‘llaydi.

Xiaomi Mi Watch Revolve sportning 10 xil rejimini qo‘llab-quvvatlaydi, yana unga turli nafas mashqlari ham kiritilgan. Shuningdek, uning real vaqt rejimida ob-havo prognozini yangilab borishini alohida ta’kidlab o‘tish mumkin.

Korpusi 5 atmosfera bosimi darajasida suvdan himoyalangan Xiaomi Mi Watch Revolve akkumulyatorining quvvati, ishlab chiqaruvchining davosiga ko‘ra, faol foydalanishda 7 kungacha, tejamkorlik rejimida esa 14 kungacha yetadi.

Xiaomi Mi Watch Revolve uchun 149 dollarlik narx belgilangan, lekin dastlabki xaridorlar uni 135 dollarga olishlari mumkin.

O‘QING: Redmi’ning ilk aqlli soatida smartfonsiz ham qo‘ng‘iroq qila olasiz!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.