Biz hammani kuzatamiz: o‘tkir ko‘zli sergak texnologiyalar butun dunyoni nazoratga olmoqchi

Biz hammani kuzatamiz: o‘tkir ko‘zli sergak texnologiyalar butun dunyoni nazoratga olmoqchi

Xitoyning yirik shaharlarida turfa hayot qaynaydi. Chenduda o‘smirlar koreys pop-guruhlari klipini tomosha qiladi, Pekinning serhasham davralarida esa Uniqlo yangi kolleksiyasini muhokama qilishadi.

Biroq bu aralash-quralash hayot tez orada tusini yo‘qotishi mumkin. Xitoy hukumati maxsus zamonaviy tizimlar yordamida yirik shaharlar hayotini barqarorlashtirishni istaydi. Buning nomi ijtimoiy kredit tizimi deb ataladi.

To‘g‘rilikning bahosi

Mazkur tizim har bir xitoylikning hayotini onlayn va oflayn tarzda nazorat qilishga mo‘ljallangan. U sizning nima xarid qilishingizni, ijtimoiy tarmoqda o‘zingizni qanday tutishingizni, qaysi qonunlarni buzishingizni, jarima to‘lash-to‘lamasligingizni, qo‘shnilaringiz bilan tortishishingizni – barcha-barchasini nazorat qiladi.

Kuzatuvlar natijasida yagona “to‘g‘rilikning bahosi” kelib chiqadi. Bu raqamli indeks fuqaroning yaxshi fazilatlari va mas’uliyatliligi darajasini ko‘rsatadi. Ayni shu son fuqaro o‘z xislatlari tufayli qanday erkinliklar va imtiyozlarga munosibligini hamda salbiy xulq-atvori bois qanday imkoniyatlardan mahrumligini belgilaydi.

Hozircha, ushbu ommaviy nazorat tizimi ustida ishlanmoqda, biroq u haqidagi ayrim narsalar oldindan ma’lum. Birinchidan, “ijtimoiy kredit” qimmatga tushadi, buni tajribalar ham ko‘rsatmoqda. Ikkinchidan, u shahar tuzilmasini o‘zgartirib yuborishga qodir. Uchinchidan esa bu tizimni, faqatgina, Xitoyda emas, boshqa mamlakatlarda ham qo‘llasa bo‘ladi.

Shahar barqarorligi – shaharliklarning qo‘lida

G‘arbona dunyoqarash katta shaharda tartib o‘rnatish davlat darajasidagi emas, o‘zini-o‘zi boshqaruv darajasidagi yumush, deb hisoblaydi. Georg Zimmel, Jeyn Jekobs va Richard Sennet singari mutafakkirlar katta shahar qiyofasini o‘sha shaharda hamnafas bo‘lib yashovchi odamlar belgilaydi, deb hisoblaydi.

Bunday o‘zaro munosabat sxemasi qaror topgan shaharlarda kishilar, ko‘pincha, “fuqaroviy e’tiborsizlik” rejimini yoqib oladi, ya’ni bir-birining borligini biladi, biroq zarurat tug‘ilmaganda na do‘stona, na dushmanona munosabat o‘rnatadi. Bu Berlindan Dakargacha bo‘lgan katta va sershovqin shaharlarning tolerant xarakterini tashkil etadi.

Olimlardan biri Jeyn Jekobsning fikricha, shahar aholisining turli-tumanligi muayyan fuqarolar guruhini himoyalab, “ko‘chadagi tabiiy ko‘z” vazifasini bajaradi, masalan, zarurat tug‘ilganda sotuvchilar yoki o‘tkinchi odamlar o‘z ko‘chasidagi zo‘ravonlik yoki nizoni to‘xtatishga harakat qiladi.

XX asrda bu tamoyil buzila boshladi, biroq shaharlarning funksiyasi o‘zgarmay qoldi. Yirik shaharning murakkab tuzilishi uning barqarorligini ta’minlaydi, deb hisoblaydi olim.

Shaharning o‘zini o‘zi boshqarishining G‘arbda o‘ylab topilgan modeli Xitoyda ishlamaydi, deb xulosa yasash noo‘rin bo‘lardi. Albatta, u ham ishlaydi, masalan Sindao shahri Nyu-Yorkdagi Grinvich-Villi kvartalida mavjud qonuniyatlar bo‘yicha yashaydi.

Sindaodagi do‘kon egasi o‘z qo‘shnilarining nima bilan shug‘ullanishi to‘g‘risida yaxshi tasavvurga ega, bordiyu u biror nojo‘ya harakat sodir qilsa, jamoatchilik noroziligi va gap-so‘zlarga duchor bo‘lishi shubhasiz.

Ammo Xitoy hukumati haqqoniy sotsialistik jamiyat barpo etishni juda muhim jarayon hisoblab, uni millionlar kishilarning o‘zaro betartib munosabatlari ixtiyoriga tashlab qo‘ymoqchi emas. Xitoy mansabdorlarining fikricha, tartib hamisha ustuvor vazifa bo‘lib, aynan u barqarorlikka eltadi hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.

Bu nuqtai nazardan qaraganda pastdan o‘rnatilgan tartib unchalik ishonchli tuyulmaydi. Buning ustida u shahardagi g‘alayonlarning oldini ololmaydi va o‘z-o‘zidan boshqaruvdagi partiyani qoniqtirmaydi. Shu o‘rinda ijtimoiy kredit barcha muammolarning yechimini taklif etadi.

Ipidan ignasigacha nazorat qilish

2014 yilning iyun oyida XXR Davlat Kengashi “Ijtimoiy kredit tizimini qurish bo‘yicha reja loyihasi” hujjatini chop etdi. Unda Xitoy aholisining xulq-atvori haqidagi oshkor va maxfiy ma’lumotlarni jamlashning usullari bayon qilingan. Ushbu ma’lumotlar asosida har bir fuqaroning reytingi yuritiladi. Avvaliga bu tizim korrupsiyalashgan amaldorlar va qonunga xilof mahsulot ishlab chiqaruvchilarni fosh etishga mo‘ljallangandi.

Tizim Konfutsiycha halollik tushunchalari asosida tuzilgan. Albatta, eng ilg‘or texnologiyalar unda mujassamdir, sun’iy idrok va ulkan hajmdagi onlayn-baza deysizmi, videokuzatuv tizimi va smartfon deysizmi – hammasi mavjud.

Biroq korrupsiya va boshqa turdagi qonunbuzarlikka qarshi, deya izohlangan matn Davlat Kengashining asli maqsadini berkitib turardi. Hujjatning oxirgi sahifalarida ijtimoiy nazorat tizimi jamiyat ustidan o‘rnatilishi taklif etilgandi. Bunday to‘la-to‘kis nazoratga avvalgi hukmdorlar faqatgina havas qilishi mumkin.

Kimga qand, kimga qamchi?

Xitoyning ijtimoiy kredit tizimi g‘arbning mashhur kredit reytingi tizimidan nusxa olgan. Bu o‘ziga xos obro‘ indeksi bo‘lib, mashinangizni qayerda ijaraga olganingiz, qayerda o‘qiganingiz, qayerda ishlashingiz va qayerlarda sayohat qilganingiz va boshqa ma’lumotlarga bog‘liqdir.

Xitoyliklar g‘arbcha kredit reytingini ijtimoiy intizomni baholash mezoniga aylantirdi. Dastavval, tizim qonunga itoatkorlik dasturi kabi ishlaydi. Ijtimoiy reytingi yuqori bo‘lgan fuqaro turli chegirma va imtiyozlardan foydalanadi, masalan, mehmonxonada shohona xonadan yoki bepul Wi-Fidan foydalanish huquqi unga taqdim etiladi.

Agar u o‘zini yaxshi tutishda davom etsa, masalan, jamoat transportidan namunali foydalansa, yo‘lda tirbandlik sodir qilmasa va jamoatchilikka ziyon keltiruvchilardan shikoyat qilsa, qo‘shimcha bonuslarga ega bo‘ladi. Bu garovsiz kvartira olish yoki farzandini oliy toifali maktabga berish imkoniyati deganidir.

Qonunga itoatkorlik dasturi qo‘rqinchli avtoritarizmga o‘xshamaydi, shuning uchun yurtini sevadigan ko‘plab xitoyliklar ijtimoiy kreditni mustabidlikka tenglashtiruvchi yevropaliklar bilan tortishib yuradi.

Ammo xitoycha nazorat sizni faqat qand bilan emas, qamchi bilan ham siylashi mumkin. Muxolifatning siyosiy yig‘ilishlarida ishtirok etasizmi? Xufyona biznesingiz bormi? Marhamat qilib, ba’zi imtiyozlardan foydalanmasligingizga to‘g‘ri keladi. Zimdan qilayotgan ishlaringizning bari davlat nazoratida. Qanaqa saytlarni ko‘zdan kechiryapsiz, qayerda turibsiz – bularning hammasini mobil telefoningiz va ko‘chadagi kamera kuzatib turadi.

Agar tizim sizni biror nojo‘ya xatti-harakat ustida qo‘lga tushirsa, darhol chora ko‘radi. Bu holda faqat o‘zingizdan o‘pkalashingiz mumkin xolos, shikoyat qilish sira kutilmagan oqibat keltirishi mumkin.

Bordiyu, tizimning ko‘ziga balo-qazodek ko‘rinib qolsangiz (albatta, o‘z faoliyatingiz orqasidan), u ichki pasportingizni bloklaydi va ozodlikdan mahrum etilasiz. Ha, bularning barchasini zamonaviy texnologiyalar bajaradi, ammo o‘sha-o‘sha mingyillik uslub.

Kim amalga oshiradi?

Misli ko‘rilmagan loyihani amalga oshirishda Xitoy hukumati tadbirkorlar yordamidan foydalanmoqda. Asosiy yordamchi internet-gigant Alibaba onlayn savdo kompaniyasidir. Qolaversa, Xitoydagi yirik ijtimoiy tarmoq egasi Tencent, qidiruv tizimi Baidu ham ijtimoiy kredit loyihasini amalga oshirishga bosh qo‘shgan.

Bundan tashqari yana bir qator yirik tashkilotlar bevosita tizim ustida ishlamoqda yoki uning prinsiplarini o‘z ilovalariga joylamoqda. Ular mijozlarning so‘rov va xaridlarini kuzatibgina qolmay, ularning xulq-atvorini baholashning murakkabroq usullarini ham ishlatadi.

Masalan, soatlab onlayn o‘yin bilan mashg‘ul bo‘ladigan inson, garchi, biror nojo‘ya qilmishi bo‘lmasa-da, ishonchsiz va intizomsiz inson, deb tavsiflanadi. Agarda fuqaro tez-tez taglik sotib olsa, demak uning chaqalog‘i bor va u mas’uliyatli kishidir.

Bunday tavsiflar ishonchli bo‘lishi mumkin, biroq ijtimoiy kreditning xitoycha tizimi g‘arbdan g‘alati, kulgili algoritmlarni ham ko‘chirib olgan. Masalan, fuqaro buyurtma varag‘ini faqat bosh harflar bilan to‘ldirsa, u avtomatik tarzda ishonchsiz va to‘lov qobiliyati yo‘qqa chiqariladi hamda uning bu “aybi” xususiy tadbirkorlarning qo‘li bilan jazolanadi. Ya’ni mehmonxonaga qo‘yilmaydi, samolyotga chipta ololmaydi, ijaraga mashina ololmaydi.

Asli ijtimoiy kredit tizimi Xitoyda azaldan mavjud. Yaqin o‘tmishda bir fuqaro ichki reysga chipta ololmaganining sababi u bir necha oy muqaddam hududiy sudga yozgan uzrnomasi nosamimiy deb topilgani ekan.

Siyosiy faol Lyu Xu esa isyonkorlik ruhidagi qarashlari tufayli umuman samolyot yoki poyezdga chipta ololmay, ko‘chmas mulk xarid qilolmay qolishi mumkin.

Davlat, hozircha, ba’zi hududlarda tajriba o‘tkazmoqda. Chekka hududlardan biri norozilik bildirishga ham ulgurdi. Mahalliy aholining aytishicha, yangi tizim XX asrning 60-70-yillaridagi qonli madaniy inqilobni eslatadi. Biroq birgina hududning noroziligi ko‘p narsani o‘zgartirmaydi.

Insonlar kulrang omma tusini oladimi?

Ijtimoiy kredit, nafaqat, o‘zgacha fikr va xatti-harakatni, balki shaharning hayotiy energiyasini ham bostiruvchi tizimdir. Sergak va ogoh tizimning oqibati noma’lum choralaridan cho‘chigan fuqarolar ijtimoiy faoliyatini minimumga tushirib qo‘yadi.

Alibaba shirkatining vitse-raisi Jo Say o‘z xatti-harakati qanday oqibat keltirishini sezib qolgan odamlar internetda ancha royish bo‘lib qoladi, biroq bu yangi sharoitga moslashishdir, deydi. Qizg‘in va sershovqin shahar esa zerikarli va tussiz bo‘lib qoladi.

Qizig‘i shundaki, bunaqa hol faqat Xitoydagina yuz bermasligi mumkin. Dunyo bo‘yicha xususiy kompaniyalar shaharlar boshqaruvida ishtirokini yanada oshirmoqda, yangicha avtoritarizm kuchga kelmoqda, texnologiyalar esa jamiyat hayotida ko‘proq o‘rinlarni egallamoqda.

Xitoycha ijtimoiy kreditni joriy etish uchun ko‘pgina mamlakatlarda shart-sharoit yuzaga kelmoqda. Hozirning o‘zidayoq G‘arbda kredit reytingi tushunchasi mavjud, korporatsiyalar va davlat har bir fuqaroning internetdagi hayoti bilan qiziqadi, so‘rov va izohlarini ko‘zdan kechiradi. Bularning barchasini yagona nazorat tizimiga birlashtirish qoldi xolos. Bordiyu, ogoh tizimning o‘tkir nigohi Xitoyda kutilgan natijani bersa, unda butun dunyo aholisi misli ko‘rilmagan nazorat tizimi ostiga olinishiga yaqin kunlar qoldi.

vc.ru asosida tayyorlandi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!