Black Shark raqibi – Nubia Red Devil smartfonining ham taqdimot sanasi aytildi

  •   DiMaX
  •  1014
  •  12.04.2018 18:23

Black Shark raqibi – Nubia Red Devil smartfonining ham taqdimot sanasi aytildi

ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi kuni kechagina o‘yinbop smartfonlar uchun Red Magic brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. Bugun esa kompaniya ushbu brend ostida ishlangan ilk geymerofonning namoyish sanasini ma’lum qildi.

O‘QING: Nubia o‘yinbop smartfonlari uchun Red Magic brendini taqdim etdi

Kompaniya tarqatgan rasmiy posterga ko‘ra, mazkur o‘yinbop smartfon Nubia Red Devil deb nomlanadi. Uning taqdimot tadbiri esa keyingi haftaga – 19 aprelga belgilangan.

Afsuski, posterda qurilmaning xususiyatlari haqida birorta ham ma’lumot yo‘q. Ammo Mobile World Congress 2018 ko‘rgazmasida ishtirok etgan ZTE o‘zining bu smartfoni nafaqat Razer Phone’dan ustun ekanligi, balki ishlash samaradorligi bo‘yicha hatto Samsung Galaxy S9 flagmanini ham «yer tishlatishi»ni aytib maqtangandi.

O‘QING: Galaxy S9 va Razer Phone’ni «yer tishlatuvchi» qudratli smartfon e’lon qilindi!

Shu paytga qadar tarqalgan gap-so‘zlarga qaraganda, Nubia Red Devil tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatida, yangilanish chastotasi 120 Gs.ga teng bo‘lgan, FHD+ formatli katta ekranga ega. Uning samaradorligini ilg‘or Snapdragon 845 protsessori hamda 8 gigabaytlik tezkor xotira ta’minlab beradi.

Shuningdek, o‘yinlar davomida qizib ketmasligi uchun uning ichiga to‘rtta kuler o‘rnatilganligi aytilmoqda. Quick Charge 4.0+ standarti bo‘yicha tezkor quvvatlanuvchi akkumulyatori ham sig‘imdor bo‘lib, o‘yinlarda protsessorning to‘la kuch bilan ishlash rejimida ham quvvati 5 soatdan oshiq muddatga yetadi.

Ta’kidlash kerakki, Nubia’ning ushbu «Qizil Iblis» geymerofoniga raqobatchi – unga yurtdosh bo‘lgan kompaniyaning «Qora Akula»si ertagayoq taqdim etiladi. Uning xususiyatlari to‘la ma’lum bo‘lmasa-da, «jonli» videosi va fotosuratlari bor.

O‘QING: Xiaomi’ning qudratli Black Shark smartfonini taqdimotidan bir kun avval «jonli» videoda ko‘rsatishdi!