Blogerlarga pul evaziga koronavirus vaksinasini yomonlash taklif etildi

  •   DiMaX
  •  174
  •  27.05.2021 16:03

Blogerlarga pul evaziga koronavirus vaksinasini yomonlash taklif etildi

Fransiya hamda Germaniyaning mashhur blogerlariga mo‘may mablag‘ evaziga AQShning Pfizer/BioNTech vaksinasi haqida tanqidiy fikrlar bildirish taklif qilindi. Bu xususda xabar.uz nashri ma’lumot bermoqda.

O‘QING: Koronavirusni bir daqiqadayoq aniqlovchi ilovani yuklab oling!

YouTube platformasida bir milliondan ziyod obunachiga ega Leo Grasse – ana shunday shubhali taklif olgan blogerlardan biri. Unga elektron pochta orqali maktub yo‘llagan noma’lum shaxslar koronavirusga qarshi keng miqyosda qo‘llanayotgan Pfizer/BioNTech vaksinasi haqida salbiy fikrlar bildirish va buning evaziga esa jaraq-jaraq daromad topishni taklif etgan. Maktub mualliflari blogerdan Pfizer/BioNTech bilan emlanganlar orasida o‘lim holati AstraZeneca vaksinasini qabul qilganlardan uch karra ko‘proq kuzatilayotgani haqida xabar berishni so‘raganlar. Materiallar YouTube, TikTok va Instagram tarmoqlarida e’lon qilinishi kerakligi uqtirilgan.

Elektron maktub manzilida Londonda joylashgan «Fazzye» nomli PR agentlik nomi ko‘rsatilgan. Ushbu ma’lumotni o‘rganib chiqqan bloger Leo Grasse Londondagi manzilda mazkur agentlik faoliyat yuritmasligini aniqlagan.

Ijtimoiy tarmoqda ko‘p ming kishilik auditoriyaga ega faollardan «Le Monde» gazetasini manba o‘laroq ko‘rsatib, rossiyalik hakerlar Yevropa dori-darmon agentligidan qimmatli ma’lumotlarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berish ham so‘ralgan.

Noma’lum guruh blogerlarga dunyoning yirik OAV Amerika vaksinasiga doir haqiqiy ma’lumotlarni yashirayotgani haqida yozishni ham uqtirgan.

O‘QING: YouTube’ga hech kimga yoqmaydigan majburiy funksiya 1 iyundan qo‘shiladi

Numerama hamda LCI nashrlari blogerlarga yuborilgan maktub nusxasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqdagi tahlil va o‘rganishlar natijasida «Fazzye» agentligining ikki xodimi Rossiyada ishlagani yoki ishlayotgani aniqlangan. Shuningdek, agentlik rossiyalik tadbirkor Vladimir Bashkinga tegishli «Adnow Internaional» xoldingi tarkibiga kirishi ma’lum bo‘lgan.

Ayni choqda, Numerama hamda LCI nashrlari Pfizer/BioNTech vaksinasiga qarshi mazkur kampaniya ortida Rossiya turgani haqida uzil-kesil xulosa qilmay turgan ma’qul ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

AQSh hamda Germaniya shirkatlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan Pfizer/BioNTech vaksinasi Yevropa mamlakatlarida keng qo‘llanmoqda.

Joriy yil aprel oyida Yevropa ittifoqi Rossiya va Xitoy davlat matbuoti G‘arbda ishlab chiqarilgan vaksinalar haqida bo‘hton ma’lumotlar tarqatib, aholida ishonchsizlik uyg‘otishga urinayotgani haqida bayonot bergan edi. Rasmiy Moskva ham, Pekin ham ushbu ayblovni rad etgan.

O‘QING: Bill Geytsning koronavirus pandemiyasiga qanday aloqasi bor? Bunga o‘zi javob berdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!